O‘zbekiston | 22:34 / 23.05.2021
21430
4 daqiqa o‘qiladi

Namanganda xalqaro gullar festivali ochildi: 31 mayga qadar unda yarim million mehmon qatnashishi kutilmoqda

Namanganda Xalqaro oltmishinchi bor tashkillashtirilayotgan gullar festivalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 1961 yilda boshlangan gullar bayrami tashabbusi yillar mobaynida takomillashib, xalqaro festival maqomiga ega bo‘ldi.

Erta tongdan gullar bilan bezatilgan mashinalar paradidan boshlandi. o‘ziga xos gullarga burkangan 200 dan ortiq mashinalar Namangan xalqaro aeroportidan yo‘lga chiqib, Zahiriddin Muhammad Bobur bog‘iga qadar yo‘l bosib o‘tdi. Bu yilgi paradning o‘ziga xosligi — harbiy texnikalar ham gullar bilan bezatilgani bo‘ldi. 

Festivalning rasmiy ochilish marosimi esa Namangan shahridagi Tinchlik stellasida bo‘lib o‘tdi. Ushbu marosimga tayyorgarlik ishlari 2020 yil sentyabr oyidan boshlangan edi. Shahar atrofi shu kungacha 10 milliondan ortiq gullarga burkandi. Festival o‘tkaziladigan bog‘ ham o‘ziga xos landshaft dizaynlariga ega bo‘ldi.

Bayramning yana bir o‘ziga xosligi — gullar savdosi ham alohida pavilonda tashkil etildi. Festivalga nafaqat namanganlik, balki qo‘shni viloyatlar va qo‘shni respublikalardan ham mohir gulchilar tashrif buyurgan.

«10 yildan beri gulchilik bilan shug‘ullanamiz. Gullar bayramida 5 yildan beri qatnashamiz. Bu yil o‘zimiz o‘stirgan ko‘p yillik gullardan 3 mingga yaqinini olib kelganmiz», — deydi Andijon shahridan kelgan gulchi Rahimberdi Sotivoldiyev.

Festivalga Namangan bilan birodarlashgan viloyatlar va shaharlar delegatsiyalari ham taklif etilgan. Ular qatorida Turkiyaning Isparta va Usmong‘ozi, Xitoyning Tsingdau, Janubiy Koreyaning Inchon, Belarusning Mogilyov shaharlari, Pokistonning Panjob, Rossiyaning Chelyabinsk va Sverdlovsk, Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatlari bor.

Festival o‘tkaziladigan bog‘ga 165 ta tungi chiroq, 65 ta so‘ritokli o‘tirg‘ich o‘rnatildi. 9 ta ko‘cha bilan bog‘lovchi 9 ta darvoza qad rostlagan. Noyob gul ko‘chatlaridan 100 dan ziyod badiiy kompozitsiyalar yaratilgan. Shulardan biri ulkan tovus pati shaklidagi gullar kolleksiyasi. Bu manzara uchun 156 ming tup gul ekilgan.

Bundan tashqari, har bir tuman uchun alohida pavilonlar ajratilgan. Ajratilgan maydonlarda tumanning o‘ziga xos ramzlari tasvirlangan. Misol uchun, Pop tumaniga ajratilgan yerda Qamchiq dovoni, poyezd va Pop patirlarini ko‘rish mumkin.

Festivalning tantanali ochilish va yakuniy marosimini yuqori badiiy saviyada o‘tishi uchun Zahriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istirohat hamda «Afsonalar vodiysi» bog‘lari, Tinchlik stellasi, Adiblar xiyoboni, Uch favvora maydoni va boshqa joylarda badiiy musiqiy, kompozitsiyali dasturlar, «Gul bilan yashnasin olam», «Kimning guli chiroyli?», «Kaktuslar olamida», «Ko‘ngillarda gul vasfi», «Gullar malikasi», «Do‘ppidek palov» kabi ko‘rik-tanlovlar tashkil etiladi, hunarmandchilik, milliy liboslar va fotosuratlar namoyishi o‘tkaziladi.

Namanganda 23 maydan 31 mayga qadar tashkillashtiriladigan gullar festivaliga 500 mingdan ziyod mehmonlar kelishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan Namangan shahrida xalqaro gullar festivalining 60 yillik yubileyini o‘tkazish belgilangan edi. Aslida ilk festivalni 2020 yilda keng miqyosda o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Biroq koronavirus pandemiyasi tufayli reja bir yil ortga surilgan edi.

Tohirjon Tursunov, Yulduz Yuldasheva, Kun.uz muxbirlari.
Tasvirchi: Boymirza Xalilov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid