Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Madaniy meros to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi
Foto: KUN.UZ
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Madaniy meros to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.
Qayd etilishicha, madaniy meros obektlarini hisobga olish va muhofaza qilishni samarali tashkil etish maqsadida madaniy meros obektlari quyidagi toifalarga bo‘linadi:
YuNeSKOning Umumjahon madaniy va tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy, ilmiy, me'moriy, arxeologik badiiy va memorial qimmatga ega bo‘lgan xalqaro ahamiyatga molik madaniy meros obektlari;
butun mamlakat tarixi va madaniyati uchun alohida ahamiyatga molik tarixiy, ilmiy, me'moriy, badiiy, arxeologik va memorial qimmatga ega bo‘lgan respublika ahamiyatidagi madaniy meros obektlari;
viloyat, tuman, shahar tarixi va madaniyati uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy, ilmiy, me'moriy, badiiy, arxeologik va memorial ahamiyatga ega bo‘lgan mahalliy ahamiyatdagi madaniy meros obektlari.
Nomoddiy madaniy meros obektlari quyidagi sohalarda namoyon bo‘ladi:
o‘zlikni namoyon qilishning og‘zaki shakl va an'analari;
ijrochilik san'ati;
jamiyatning urf-odat, marosim va bayramlari;
tabiat va koinot bilan bog‘liq bilim va urf-odatlar;
an'anaviy hunarmandchilik bilan bog‘liq bilim va ko‘nikmalar.
YuNeSKOning Butunjahon madaniy va tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritish uchun taklif etilayotgan madaniy meros obektlari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda taqdim etiladi.
Respublika ahamiyatidagi madaniy meros obektlarining davlat ro‘yxati vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
Mahalliy ahamiyatdagi madaniy meros obektlarining davlat ro‘yxati viloyat, tuman, shahar mahalliy ijro etuvchi organlari tomonidan vakolatli organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Tarix va madaniyat yodgorliklarini Madaniy meros obektlari deb e'tirof etish, shuningdek, vakolatli organ tomonidan ularning maqomidan mahrum etish to‘g‘risidagi xulosani tayyorlash uchun olimlar, mutaxassislar, madaniyat va san'at namoyandalari, ijodiy uyushmalar va boshqa jamoat birlashmalarining vakillaridan tashkil etilgan maxsus komissiya tuzadilar.
Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
madaniy meros sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshiradi;
madaniy meros obektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish davlat dasturlarini tasdiqlaydi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan madaniy meros to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
madaniy meros obektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashadi;
moddiy madaniy meros obektlarini ilmiy va ilmiy-texnik tadqiq etish, konservatsiyalash, ta'mirlash hamda hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshiradi;
madaniy meros obektlarining aniqlanishi, hisobga olinishi, muhofaza qilinishi, targ‘ib qilinishi, saqlanishi va ulardan foydalanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish masalalari bo‘yicha davlat boshqaruvi organlarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
Moddiy madaniy meros obektlarining davlat kadastrini va Nomoddiy madaniy meros obektlarining ro‘yxatini yuritadi;
madaniy meros obektlarining tarixiy-madaniy ekspertizasini tashkil etadi va amalga oshiradi;
Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirish faoliyati uchun litsenziyalar berishni amalga oshiradi;
Arxeologiya ashyolari davlat katalogini yuritadi;
arxeologiya ashyolarini Arxeologiya ashyolari davlat katalogida ro‘yxatdan o‘tkazadi;
Arxeologiya ashyolari davlat katalogida ro‘yxatdan o‘tkazilgan arxeologiya ashyolarini tasarrufdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
Arxeologiya tadqiqoti uchun ruxsatnoma berish tartibi va shartlarini belgilaydi va ruxsatnoma beradi;
berilgan har bir ruxsatnoma bo‘yicha ilmiy hisobot qabul qiladi;
ilmiy hisobotlarni yig‘adi va ularning idoraviy arxivda saqlanishini ta'minlaydi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Madaniy meros obektlarini davlat tomonidan muhofaza qilish bu madaniy meros sohasida davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi organlar tomonidan ko‘riladigan huquqiy, tashkiliy, moliyaviy, axborotga doir, moddiy-texnikaviy va boshqa chora-tadbirlar tizimidir.
Madaniy meros obektlarini davlat tomonidan muhofaza qilish:
tarixiy-madaniy qimmatga ega bo‘lgan obektlarni davlat hisobiga olish, hamda Moddiy madaniy meros obektlarining davlat kadastrini va Nomoddiy madaniy meros obektlarining ro‘yxatini yuritish;
madaniy meros obektlarining ilmiy va ilmiy-texnik tadqiq etilishini rivojlantirish;
madaniy meros obektlarini tarixiy-madaniy ekspertizadan o‘tkazish;
moddiy madaniy meros obektlari muhofaza tegralarining loyihalarini ishlab chiqish;
moddiy madaniy meros obektlari joylashgan yerlarda hamda ularga tutash hududlarda yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya, xo‘jalik ishlari va boshqa ishlarni, moddiy madaniy meros obektlarini asrash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish, shuningdek moddiy madaniy meros obektlarida ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar o‘tkazish uchun ruxsatnomalar berish;
alohida tartibga solinishi lozim bo‘lgan va moddiy madaniy meros obektlarini muhofaza qilish bilan bog‘liq shaharsozlik faoliyati obektlarining chegaralarini belgilash;
moddiy madaniy meros obektlarida muhofaza belgilarini o‘rnatish;
madaniy meros obektlari holatining monitoringini amalga oshirish;
nomoddiy madaniy merosning jamiyatdagi rolini oshirish va ushbu merosni muhofaza qilishga dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
nomoddiy madaniy merosni, xususan, xavf ostida bo‘lgan nomoddiy madaniy merosni samarali muhofaza qilish maqsadida ilmiy, texnikaviy, san'atshunoslik sohasidagi tadqiqotlarga, shuningdek, ilmiy-tadqiqot metodologiyalarini ishlab chiqish;
nomoddiy madaniy merosni boshqarish sohasida kadrlar tayyorlovchi muassasalarni tashkil etish yoki mustahkamlashga ko‘maklashish;
ta'lim dasturlari orqali jamoatchilikning, xususan, yoshlarning nomoddiy madaniy meros to‘g‘risidagi bilimlarini oshirish;
nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish sohasida, xususan, boshqaruv va ilmiy tadqiqot masalalari bilan bog‘liq imkoniyatlarni oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
nomoddiy madaniy merosni namoyon etadigan tabiiy makonlar va tarixiy joylarni muhofaza qilish.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari Moddiy madaniy meros obektlarining davlat kadastriga yoki Nomoddiy madaniy meros obektlarining ro‘yxatiga kiritilgan madaniy meros obektlari holatini nazorat qilib turishi hamda moddiy madaniy meros obektlarining asralishi yuzasidan joriy va istiqbol dasturlarini ishlab chiqish maqsadida besh yilda bir marta moddiy madaniy meros obektlarining holatini ko‘rikdan o‘tkazishi va ularni qayd etib qo‘yishi shart.
Madaniy meros obektlarini davlat tomonidan muhofaza qilish qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlar orqali ham ta'minlanishi mumkin.
Mavzuga oid
15:15 / 24.12.2025
Uy-joy va yer bo‘yicha yakuniy xulosa chiqarish muddati 3 barobarga qisqarishi mumkin
11:13 / 22.12.2025
Developerlarga cheklov, ulushdorlarga kafolat: ulushli qurilish tartibi o‘zgaradi
13:16 / 15.12.2025
Tibbiy jihozlar xavf darajasiga ko‘ra 4 sinfga ajratiladi: yangi qoidalar
13:00 / 11.12.2025