14 sentyabr kuni Kun.uz'da «Bektemirdagi mahallalar 12 yildirki badbo‘y hid bilan yashamoqda. Tadbirkorga shahar bedarvozami?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Maqolaning qisqacha mazmuni quyidagicha: Bektemir tuman oqova suvni tozalash korxonasi faoliyati sabab 12 yildan beri atrofga noxush hid tarqaladi. Bunga maishiy oqova suvlarga qaraganda sanoat korxonalaridan ajralib chiqadigan suvlar ko‘proq sabab bo‘layotgani aytilgan. Belgilangan tartibga ko‘ra, sanoat korxonalari o‘z oqovalarini dastlab mahalliy tozalash tizimida tozalab, keyin umumiy kanalizatsiya tarmog‘iga tashlashi lozim. Nazorat tadbirlarida esa bu sanoat korxonalarining oqova suvlari tarkibida zararli moddalar ulushi belgilangan me'yorlardan ancha yuqoriligi aniqlangan.

Ammo Ekologiya qo‘mitasi va «Suvoqova» boshqarmasi tomonidan sanoat korxonalariga lokal suv tozalash inshootini o‘rnatish bo‘yicha bir necha marotaba ko‘rsatma berilgan bo‘lsa-da, o‘zgarish bo‘lmagan.

Inshootning yetarli darajada tozalanmagan suvi Chirchiq daryosiga oqizilmoqda

Kun.uz'da bu haqda maqola e'lon qilingach, 16 sentabr kuni Bektemir tuman hokimligi axborot xizmati munosabati aks ettirilgan videolavha chiqdi. Ammo bu videolavha muammoga javobni emas, balki yangi savollar va noaniqliklarni keltirib chiqaradi.

1-noaniqlik

Hokimlik videolavhasidan parcha: «Mutaxassislarning ma'lumotlariga ko‘ra, inshoot anchagina eskirgan va kundan kunga oqova suv quvurlarining ko‘payishi evaziga inshoot hidni o‘zida saqlay olmayapti».

Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Dehqonovning ma'lum qilishicha, Bektemir oqova suvlarni tozalash inshooti aslida biologik tozalashga asoslangan. Sanoat korxonalari inshootga yo‘naltirayotgan suvlar esa kimyoviy ifloslangan. Shu bois inshoot texnologik jihatdan bu suvlarni yetarlicha tozalashga ixtisoslashmagan, ya'ni inshoot avvaldanoq oqova suvning hidini tozalashga mo‘ljallangan emas. Demak, hokimlik aytganidek badbo‘y hidga «kanalizatsiya quvurlarining ko‘payayotgani» sabab emas.