Tahririyatimizga Bektemir tumani va unga tutash hududda yashovchi aholidan shikoyat kelib tushdi.

Murojaatda aholining Bektemir tuman oqova suvni tozalash korxonasi faoliyatidan noroziligi bayon etilgan bo‘lib, bildirilishicha, korxona faoliyati natijasida yaqin atrof-hududga uzluksiz tarzda o‘ta noxush hid tarqaladi. Bu hid noxushligi bilan birga, aholining salomatligiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Shikoyat muallifi Abduqodir Jalilovning aytishicha, bu muammo 12 yildan beri davom etyapti, ammo aholi mas'ul tashkilotlarning hech biridan tayinli javob ololmagan.

«Shahar va respublika ekologiya qo‘mitasini 12 yildan beri bezovta qilib kelaman. Rahbarlari almashadi, lekin ahvol o‘sha-o‘sha. Shikoyat xatlariga panja ortidan qarab javob berishadi. Toshkent shahar hokimiyati ham e'tiborsiz, biron chora ko‘rgani yo‘q. «Suvsoz» davlat unitar korxonasi ham pul bersa, biz qilamiz, degan ko‘yda yuribdi. Vaholanki, ularning o‘zi tashabbus bilan chiqishi kerak», – deydi Barotxo‘ja mahallasida yashovchi Abduqodir Jalilov.

Abduqodir Jalilov

Fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, suv tozalash korxonasi oqova suvlarni yetarli darajada tozalamagan holda Chirchiq daryosiga to‘g‘ridan to‘g‘ri oqizmoqda.

«Chirchiq daryosidagi baliq xo‘jaliklari, uni iste'mol qiluvchilarning hammasida mutatsiya paydo bo‘lgan. Baliqlarning rangini o‘zgartirib yuborib, pesdek qilib qo‘ygan. Xuddi o‘sha baliqlarning bozorlarda sotuvga qo‘yilganini ham ko‘rdim. Bunga hech kim e'tibor qaratayotgani yo‘q.

Na shahar Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi, na Sog‘liqni saqlash vazirligi. Buni kim nazoratga olishi kerak?

Yaqinda Toshkent shahrida 46ta obektda suvga noqonuniy tarzda chiqindilar tashlanayotgani ro‘yxati e'lon qilindi. Bu ro‘yxatda Chirchiq daryosiga chiqindi tashlayotgan Bektemir suv tozalash korxonasi bo‘lishi kerak, lekin u ro‘yxatda yo‘q edi. Kelib chiqadiki, Toshkent shahar hokimiyati Bektemir korxonasini chiqindini Chirchiq daryosiga tashlayotganini fosh etmoqchi emas, bekitmoqchi. Chunki bu – «Suvsoz» DUK, Toshkent shahar hokimiyatini boqib turgan, pul kelib turgan korxona. Abonentlardan, tadbirkorlardan pul olyapti», – deydi Abduqodir Jalilov.