Jamiyat | 13:10 / 17.11.2018
22432
9 daqiqa o‘qiladi

«Kapitalbank» va tadbirkor mojarosi. Kim haq va kim nohaq?

Sayt orqali «Hokimlik va IIB nega fuqaroga o‘z qonuniy mulkini olishga to‘sqinlik qilmoqda?» sarlavhasi ostidagi maqolada bir tadbirkorning muammolari bayon etilgandi. Unda auksion orqali sotib olingan mol-mulklarni Andijon viloyati, Xonobod shahar «Koinot» ko‘chasi 41-uy manzilida joylashgan «Fozilmon Nasilli  Parranda» MChJga tegishli bo‘lgan parrandachilik fabrikasi hududidan olib ketilishiga hokimlik va Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan to‘sqinlik qilinayotgani bayon etilgandi.

Yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsak, Toshkent shahar xo‘jalik sudining 2014 yil 14 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumanida ro‘yxatdan o‘tgan Andijon viloyati, Xonobod shahar «Koinot» ko‘chasi 41-uy manzilida joylashgan «Xonobod broyler» MChJ bankrot deb e'tirof etilib, tugatishga doir yurituv boshlangan.

O‘zbekiston Respublikasining «Bankrotlik to‘g‘risida»gi Qonuni talablariga muvofiq, qarzdorga tegishli bo‘lgan ko‘char mol-mulklar «Universal auksion invest» MChJ tomonidan 2017 yil 13 yanvar kuni o‘tkazilgan ochiq auksion savdolar orqali Azizbek Turg‘unov va boshqalar sotib oladi.

Keyin esa, xokimlik va ichki ishlar boshqarmasi xodimlari fuqaroning auksion orqali sotib olgan ushbu mol-mulklarini olib ketishiga qarshilik qiladi.

Kuni kecha mazkur murojaat taqdiri bilan qiziqqanimizda, fuqaro Azizbek Turg‘unov navbatdagi muammoga duch kelganiga guvoh bo‘ldik. Gap shundaki, endi auksionda sotib olingan mol-mulklarning olib ketilishiga «Kapitalbank» tomonidan to‘sqinlik qilinmoqda ekan. Andijonga safarimiz chog‘ida mulk egasi nomidan ish yuritayotgan fuqaro Husanboy Teshaboyev bilan uchrashdik va o‘sha parrandachilik fabrikasi hududidagi MChJda bo‘ldik.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Mazkur murojaat yuzasidan «Kapitalbank» bilan bog‘lanishga harakat qildik. Biroq urinishlarimiz zoye ketdi. Shundan so‘ng Toshkentga qaytdik va «Kapitalbank»ning  respublika boshqaruvi ofisida bo‘ldik. Afsuski, bankning respublika boshqaruvi markaziy apparatida ham biz bilan suhbatlashadigan, holatga nisbatan munosabat bildiradigan bir mard topilmadi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki matbuot xizmatining ko‘magi o‘laroq «Kapitalbank» xodimi bilan telefon orqali muloqot qilishga muvaffaq bo‘ldik. O‘zini bank Respublika boshqaruvining yuridik xizmati xodimi deya tanishtirgan shaxs ushbu holat bo‘yicha bank tomonidan fuqarolik sudiga da'vo arizasi kiritilganini aytdi-yu, da'vo mazmuni va uning maqsadini bayon etishni istamadi.

Uning da'vo arizasidan nusxa berishi haqidagi va'dasi esa va'daligicha qoldi.  Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, murojaat yuzasidan «Kun.uz» muxbiriga bank mutasaddilari mol-mulklar Azizbek Turg‘unovga tegishli ekani sud qarori bilan tasdiqlangan taqdirda olib ketishi mumkinligi ma'lum qilingan.

Vaholanki, «XONOBOD BROYLER» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli bo‘lgan 2017 yil 16 yanvar kuni fuqaro Turg‘unov Azizbek Murotjon o‘g‘liga sotilgan mulklar infrastruktura obektlari hisoblanishi hamda auksion savdolari noqonuniy o‘tkazilgani haqidagi da'vo Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2017 yil 16 iyun kungi hal qiluv qarori bilan rad etilgan. Hozirda mulkning qonuniy egasi «XONOBOD BROYLER» MChJ ekani hamda auksion oldi-sotdi shartnomasi qonuniy kuchda ekani shu sudning hal qiluv qarori bilan o‘z tasdig‘ini topgan bo‘lishiga qaramay, bu holat «Kapitalbank» tomonidan  negadir inobatga olinmayapti.

Bu holatga «Kapitalbank»ning nima daxli bor deysizmi?

«Xonobod» ochiq aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlarining 2009 yil 14 mart kungi navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi qarori hamda Qo‘rg‘ontepa tuman hokimligi Tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish inspeksiyasining yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi 2010 yil 30 iyul kunidagi berilgan 3514 reyestr raqamli guvohnomasiga asosan «Xonobod broyler» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga aylantirilgan bo‘lib, jamiyatga tegishli bo‘lgan parrandachilik kompleksining 142 turdagi bino inshootlari:

1) 10.02.2012 yildagi №02 oldi-sotdi shartnomaga asosan «VET KORM AGRO» MChJga 4.970.000.000 so‘mga sotilgan.

2) Ushbu mulklar «XONOBOD BROYLER» mas'uliyati cheklangan jamiyati, «VET KORM AGRO» MChJ hamda ATB «Kapitalbank» o‘rtasidagi 31.10.2013 yildagi №2013/10007 sonli kelishuvga asosan «XONOBOD BROYLER» mas'uliyati cheklangan jamiyatining ATB «Kapitalbank» oldidagi 3.3 mlrd so‘m qarzi evaziga «VET KORM AGRO» MChJdan ATB «Kapitalbank» balansiga olib qo‘yilgan.

3) Shundan keyin ushbu 142 turdagi bino inshootlar ATB «Kapitalbank» bilan «Xonobod Imkon Parranda» MChJ o‘rtasidagi 17.11.2014 yil №17/11 oldi-sotdi shartnomaga asosan «Xonobod Imkon Parranda» (uning huquqiy vorisi «Fozilmon Nasilli  Parranda» MChJ)ga 3.783.672.826 so‘mga sotilgan.

4) «Fozilmon Nasilli  Parranda» MChJ yuqoridagi 3.783.672.826 so‘m mablag‘ni to‘lamagani sababli bu mulklar «Fozilmon Nasilli  Parranda» mas'uliyati cheklangan jamiyatining 18.06.2018 yildagi №01 sonli xatiga asosan ATB «Kapitalbank» egaligiga qaytarib olingan.

Qolgan barcha ko‘char mulklar (shu jumladan, kompleks hududidagi beton simyog‘ochlar va boshqalar), avtotransportlar va boshqa mulklar «XONOBOD BROYLER» mas'uliyati cheklangan jamiyati ixtiyorida qolgan bo‘lib, bu mulklar bankrotlik ishi doirasida belgilangan tartibda xatlovga olinib, ayrimlari auksion savdolari orqali bir nechta xaridorga sotilgan.

Guvohi bo‘lganingizdek, mazkur holat borasida «Kapitalbank» biror izoh berishni istamadi. Mijozlar ishonchiga kirgan bank rahbarlarining maqsadi nima o‘zi? O‘zganing mol-mulklariga ega chiqishmi? Yeng ichida, imi-jimida birovning mol-mulkini o‘zlashtirib olishmi? Ushbu savollarga «Kapitalbank»ning Respublika boshqaruvidan munosib javob kutib qolamiz.

Xurshid Daliyev


Raddiya

Avval xabar berganimizdek «Kapitalbank» ATB Bosh ofisi tahririyatni «Kapitalbank» va tadbirkor mojarosi. Kim haq va kim nohaq?» nomli maqola bo‘yicha bankning ishchanlik obro‘siga putur yetkazganlik xususida fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga da'vo ariza kiritgan edi.

2019 yilning 20 iyun kuni mazkur sud o‘z ishini yakunladi va tegishli hal qiluv qarorini qabul qildi.

Unga ko‘ra, Kun.uz tahririyati zimmasiga «Kapitalbank» va tadbirkor mojarosi. Kim haq va kim nohaq?» nomli maqola bo‘yicha quyidagi mazmunda raddiya e'lon qilish majburiyati yuklandi:

«Kapitalbank» va tadbirkor mojarosi. Kim haq va kim nohaq?» nomli maqola bo‘yicha raddiya:

1. «Gap shundaki, endi auksionda sotib olingan mol-mulklar olib ketilishiga «Kapitabank» tomonidan to‘sqinlik qilinmoqda»;

2. «Mazkur murojaat yuzasidan «Kapitalbank» bilan bog‘lanishga xarakat qildik. Biroq, urinishlarimiz zoye ketdi. Shundan so‘ng Toshkentga qaytdik va «Kapitalbank»ning respublika boshqaruvi ofisida bo‘ldik. Afsuski, bankning respublika boshqaruvi markaziy apparatida ham biz bilan suxbatlashadigan, holatga nisbatan munosabat bildiradigan bir mard topilmadi»;

3. «Guvohi bo‘lganingizdek, mazkur xolat borasida «Kapitalbank» biror izoh berishni istamadi. Mijozlar ishonchiga kirgan bank rahbarlarining maqsadi nima o‘zi? O‘zganing mol-mulklariga egsha chiqishmi? Yeng ichida, imi-jimida birovning mol-mulkini o‘zlashtirib olishmi?»

Shuningdek, sud natijasiga ko‘ra, da'vo arizasining maqola e'lon qilinishi natijasida «Kapitalbank»ning bosh ofisi boy bergan 164 909 589 (bir yuz oltmish to‘rt ming to‘qqiz yuz to‘qqiz ming besh yuz sakson to‘qqiz) so‘m foydani tahririyatdan undirish haqidagi qismi rad etildi va bankdan 6.596.383 so‘m davlat boji undirilishi belgilandi.

Mavzuga oid