O‘zbekiston | 16:10 / 09.10.2018
19628
3 daqiqa o‘qiladi

Propiskada turganlik haqidagi manzil-ma'lumot axborotlari qanday olinadi?

Foto: KUN.UZ

Manzil-ma'lumot axborotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlandi, deb yozadi Norma.
 
Mazkur axborotlar doimiy propiskada turganlik, propiskadan chiqqanlik, turgan joyi bo‘yicha hisobga olinganlik, vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tganlik, shuningdek ma'lumot mavjud emasligi haqidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga oladi. Bunday axborot uchinchi shaxslarga berilmaydi.
 
Manzil-ma'lumotnoma axborotlarini olish tartib-taomili ko‘p jihatdan parallel ravishda qabul qilingan sudlanganlik/sudlanmaganlik haqida ma'lumotnoma berish bo‘yicha ma'muriy reglamentdagiga o‘xshaydi. Hujjat 2 xil usulda: Davlat xizmatlari markazlariga shaxsan borish yo‘li bilan yoxud masofadan turib Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali olinadi. Davlat xizmati uchun yig‘im miqdori – EKIHning 10%i (18 430 so‘m).
 
Ariza berish talab etiladi. Unda quyidagilar ko‘rsatiladi:

• F.I.O.;
• tug‘ilgan sanasi;
• jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mavjud bo‘lganda);
• yashash manzili;
• elektron manzili va telefon raqami;
• manzil-ma'lumotlar byurosining (IIV, viloyatlar IIB va Toshkent shahar IIBB huzuridagi manzil-ma'lumot byurolari) nomi.

Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etganda arizani uning xodimi to‘ldiradi.

Davlat xizmati ko‘rsatishning majburiy sharti – uni oluvchida elektron raqamli imzoning (ERI) mavjud bo‘lishi. Bu bilan ma'lumotlar sir saqlanishi ta'minlanadi. Ushbu talablar Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etish hollariga ham, OneID servisi orqali YaIDXPda ro‘yxatdan o‘tishga ham tatbiq etiladi. Qulaylik yaratish maqsadida Davlat xizmatlari markazi joyning o‘zida 40 daqiqada ERIni rasmiylashtirishi mumkin, biroq buning uchun yana EKIHning 10%ini to‘lash talab etiladi.
 
Ma'lumotnomani rasmiylashtirish uchun mas'ul organ – IIV, viloyatlar IIB va Toshkent shahar IIBB huzuridagi manzil-ma'lumot byurolariga 1 ish kuni beriladi. Ma'lumotnoma mas'ul organ tomonidan ERI yordamida tasdiqlanadi, shuningdek hujjatning QR-kodi (matritsali shtrix-kodi) generatsiyalanadi. Ma'lumotnoma ariza beruvchining elektron pochtasiga yuboriladi. Bunda ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat qilgan holdagina Davlat xizmatlari markazi o‘z muhrini va mas'ul shaxs imzosini qo‘yadi.

Izoh: Ma'muriy reglament kuchga kirganiga qaramay, davlat xizmati keyinroq ishga tushirilishi mumkin. Hujjatda vakolatli organlarga tegishli ishni tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berilgan.

Hujjat 5.10.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid