O‘zbekiston | 08:43 / 01.10.2025
23795
3 daqiqa o‘qiladi

OAV Uzbekistan Airways samolyoti Moskva yaqinida biznes-jyetga xavfli masofada yaqinlashgani haqida xabar berdi

29 sentabrga o‘tar kechasi Rossiyaning Serpuxov shahar okrugi uzra Moskvaning «Vnukovo» aeroportiga yo‘l olgan Embraer Legacy 650 biznes-jyeti va Uzbekistan Airways'ning Airbus A320 samolyoti o‘rtasida mojaroli vaziyat sodir bo‘lganligi aniqlandi.

Foto: Kun.uz 

Sanoatdagi manbalarga ko‘ra, to‘qnashuvdan qochish tizimi samolyotlar o‘rtasida ruxsat etilgan minimal pasayish me’yoridan oshib ketganini aniqlagan, biroq haqiqiy to‘qnashuv xavfi bo‘lmagan.

Biznes-jyet Bodrumdan uchayotgan bo‘lib, Samarqanddan parvoz qilgan Uzbekistan Airways samolyoti Moskva havo hududiga kirib kelganida 9000 fut balandlikda bo‘lgan. Nazoratchi A320 ekipajiga 10 000 futga tushishni buyurdi, biroq uchuvchilar 9 000 futga tushishni tasdiqladi, natijada minimal masofa oralig‘i buzildi.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotlar orasidagi gorizontal interval taxminan uch kilometrni (talab qilingan besh o‘rniga) va vertikal interval taxminan yetti yuz futni (ming o‘rniga) tashkil etdi. Bortdagi TCAS signallari ishlamadi va ikkala samolyot ham bir necha daqiqadan so‘ng Vnukovo aeroportiga xavfsiz qo‘ndi.

Rosaviatsiya (Federal havo transporti agentligi) hodisani aviatsiya hodisasi deb baholadi va tekshiruv boshladi. Xabar nashr qilingan vaqtda idoradan hech qanday rasmiy izoh taqdim etilmadi.

Xabar qilinishicha, Havo harakatini boshqarish davlat korporatsiyasi rahbariyati bunday ishdan noroziligini bildirgan va intizomiy jazo choralarini ko‘rib chiqmoqda.

Uzbekistan Airways o‘z ekipaji Samarqand – Moskva (Vnukovo) yo‘nalishi bo‘yicha parvozni amalga oshirishda belgilangan balandlikni saqlash qoidalarini buzgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan raddiya berdi. Ushbu ma’lumot O‘zbekistondagi nashrlar tomonidan tegishli tekshiruvlarsiz qayta e’lon qilingani, natijada o‘quvchilarda vaziyat haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllangani qayd etilgan.

Aviakompaniya quyidagilarni ma’lum qildi: 

  • Moskva aerouzeli hududida parvozni amalga oshirish chog‘ida Uzbekistan Airways havo kemasi ekipaji havo harakatini boshqarish xizmati dispetcherining ko‘rsatmalariga qat’iy amal qildi;
  • Barcha eshelonlar belgilangan qoida va tartib-taomillarga muvofiq ta’minlandi, havo kemalari orasidagi zarur intervallar saqlab qolindi.
  • Parvoz ba’zi manbalar noto‘g‘ri ko‘rsatganidek, 2025 yil 29 sentabr kuni emas, 2025 yil 28 sentabrda amalga oshirilgan.
  • Havo kemalarining yaqinlashayotgani haqida ogohlantirish tizimi ishga tushmadi.
  • Moskva aerouzeli dispetcherlik xizmati tomonidan ekipajga nisbatan hech qanday e’tiroz yoki shikoyat bildirilmagan.

«Uzbekistan Airways parvozlar xavfsizligi bizning so‘zsiz ustuvor vazifamiz ekanligini va kompaniya ekipajlari barcha xalqaro aviatsiya me’yorlari va havo harakatini boshqarish organlarining ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilishini ta’kidlaydi»,  deyiladi bayonotda.

Mavzuga oid