O‘zbekiston | 20:50 / 13.11.2020
3986
2 daqiqa o‘qiladi

Aziz Abduhakimov sport obektlari bo‘sh turmasligi, ular daromad keltirishi kerakligini aytdi

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov respublikadagi ko‘plab sport inshootlaridan samarasiz foydalanilayotgani, chunki bunday obektlarni saqlash va samarali ishlatishda mutaxassislar yetishmasligi haqida gapirdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Abduhakimov 11 noyabr kuni viloyat hokimlarining turizm va sport sohalariga mas'ul o‘rinbosarlari uchun boshlangan seminar vaqtida shu haqda aytib o‘tgan.

«Samarqanddagi yangi ishga tushirilayotgan Samarqand jismoniy tarbiya va sport universiteti Rossiya bilan hamkorlikda tashkil etilyapti. Aytish kerakki, bu e'tiborga sazovor bir ta'lim muassasasiga aylanmoqda. Ya'ni bugundan boshlab o‘zimizga mutaxassislarni tayyorlab olmasak, ikkala soha ham (sport va turizm) rivojlanmaydi.

Hozirda sport inshootlari umuman samarasiz ishlatiladi. Negaki, birorta mutaxassis yo‘q. Bu inshootlarni qanaqa boshqarish kerakligi yoki moliyaviy samaradorligini, KPI'ni hech kim tahlil qilmaydi.

Ochig‘ini aytganda, 4–5 marta bunga harakat qildim, lekin bir narsani tushundimki, hozirgi kunda Sport vazirligida bunaqa potensial yo‘q. Markaziy idoralarda bo‘lsa ham, viloyatlarda yo‘q. Tushunmaydi u, nima qilishi kerak, bu qanaqa hisoblanadi.

Viloyatlarga o‘zim ham boraman. Ko‘raman, chiroyli qilib qurib qo‘yilgan sport inshootlarimiz bor – birorta tadbir o‘tkazilmaydi, bo‘m-bo‘sh.

Madaniyat vazirligi bilan ko‘proq tadbirlar o‘tkazinglar. U bo‘lmasa, yoshlar bilan qilinglar. Hammasi pul-ku, daromad keltiruvchi-ku! Sport inshootlari daromad keltirishiga harakat qilishimiz kerak.

Samarasiz sport inshootlarini saqlashga qilayotgan xarajatlarimizni sportchilarga yo‘naltirishimiz mumkin. O‘sha pullarni ko‘proq musobaqalar o‘tkazish, sportchilar oyliklarini ko‘tarish, yoshlarni sportga jalb etishga, ularga forma olib berish, rag‘batlantirishga ham ishlatilsa bo‘ladi-ku», – dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Avvalroq, Aziz Abduhakimov sport va turizmni rivojlantirishda eng dolzarb masala ta'limni isloh qilish ekanini ta'kidlagandi.

Mavzuga oid