Kun.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, «Forsa Barsa» MChJ ushbu binolarni qo‘lga kiritgandan so‘ng, 5 yil muddat ichida obektlarga 15 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritib, ularni to‘liq rekonstruksiya qilish majburiyatini oladi. Bundan tashqari, ushbu MChJ obektlar negizida gastrol-konsert faoliyatini tashkil etishi va kamida 150ta yangi ish o‘rinini yaratishi lozim. 

Toshkentning Buxoro ko‘chasi, 10-uy manzilidagi bino.

1995 yili Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Respublika ko‘chmas mulk va fond birjalarini joylashtirish uchun sobiq Sverdlov konsert zali binosi ajratiladi. So‘nggi yillarda binoda «Toshkent» fond birjasi faoliyat yuritib kelgan. 

O‘zbekiston prezidentining 2017 yili 31 maydagi «Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan binoni «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tasarrufiga o‘tkazish vazifasi qo‘yilgandi. Uning yonida MUM, Alisher Navoiy nomidagi Katta teatr va boshqa madaniy obektlar joylashgan. Shu tufayli, binoda akademik jamoalarning badiiy dasturlari namoyish etiladigan, jonli ijroga mo‘ljallangan konsert zali tashkil etilishi mantiqan to‘g‘ri qaror bo‘lgan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, «Forsa Barsa» MChJ asosiy faoliyat turiga makaron mahsulotlari va shunga o‘xshash unli mahsulotlar ishlab chiqarish kiradi. Ya’ni korxona madaniyat va san’at sohasiga yaqin faoliyat bilan shug‘ullanmaydi. Korxona ta’sischilaridan biri Mubin O‘tbosarov bo‘lib, uning ustav fonddagi ulushi 97 foizni tashkil etadi. 

Shuningdek, internetdagi ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, O‘tbosarov chet el kapitali ishtirokidagi «Savdogar» aksiyadorlik tijorat banki kuzatuv kengashi a’zolaridan biri hisoblanadi. U kengashda «Dinus Non» MChJ QK vakili sifatida ko‘rsatilgan. «Dinus Non» esa non, xamirdan yangi tayyorlangan qandolat mahsulotlari, tort ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishni asosiy faoliyat turi sifatida ko‘rsatgan. 

«Dinus Non» MChJ QK ta’sischilari qatorida Habibullo Yo‘ldoshev (ustav fonddagi ulushi 22,1 foiz) ko‘rsatilgan bo‘lib, u boshqa manbalarda «Dinus Non» MChJ QK direktori o‘rinbosari sifatida «Xorazm shakar» qo‘shma korxonasi kuzatuv kengashi a’zosi sifatida qayd etilgan. Shu bilan birga, shakar zavod kuzatuv kengashida Egambergan O‘roboyev, Fedor Kim, ijro organi rahbari Fazliddin Sirojiddinov ismi ham keltirilgan bo‘lib, ularning barchasi chet el kapitali ishtirokidagi «Savdogar» aksiyadorlik tijorat banki kuzatuv kengashi a’zolaridir. Ularning barchasini yana «Ilk plyus» investorlar uyushmasi birlashtirib turadi.