Jahon | 22:15 / 10.10.2025
4686
3 daqiqa o‘qiladi

Qayta tiklanadigan energiya manbalari ko‘mirni ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik elektr energiyasi manbaiga aylandi

Ta’kidlanishicha, toza energetikaga o‘tishning yana bir eng muhim yutug‘i shundaki, jahonda yangi energiyaga bo‘lgan yalpi talab 100 foiz qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan qoplanmoqda.

Xitoy / Foto: AFP

Quyosh va shamol energiyasi kabi qayta tiklanadigan energiya manbalari yilning birinchi yarmida boshqa energiya manbalariga, shu jumladan ko‘mirga qaraganda ko‘proq elektr energiyasini ishlab chiqardi. Bu haqda Goodnews xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, toza energetikaga o‘tishning yana bir eng muhim yutug‘i shundaki, jahonda yangi energiyaga bo‘lgan yalpi talab 100 foiz qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan qoplanmoqda.

Ko‘mir so‘nggi 50 yil ichida dunyoda eng ko‘p iste’mol qilinadigan energiya manbai bo‘lib kelgan. U bu maqomni o‘tgan yilgacha saqlab qoldi. Ammo 1975 yildan beri quyosh energiyasi bozoridagi narxlarning 99,9 foizga pasayishi bilan undan energiya manbai sifatida foydalanish past va o‘rta daromadli mamlakatlar uchun ancha foydali bo‘lib bormoqda.

Xitoy qayta tiklanadigan energiya manbalarini faol o‘zlashtirishni davom ettirdi, o‘tgan yili butun dunyodan ko‘ra ko‘proq toza energiya ishlab chiqardi va ko‘mir elektr stansiyalari parki kengayishiga qaramay, qazib olinadigan yoqilg‘i iste’molini 2 foizga kamaytirdi.

Foto: Getty Images

Ushbu ma’lumotlar Ember energetika tahliliy markazi tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, uning katta tahlilchisi Margarita Vyatros-Motika 2025 yil «toza energiya talabning o‘sishi bilan birga boradigan o‘tish davrining boshlanishi» ekanini ta’kidladi.

Quyosh energiyasining asosiy qismi (58 foizi) hozir past daromadli mamlakatlarda ishlab chiqarilmoqda. Ayniqsa, quyosh energiyasi arzonlashgan hozirgi paytda, issiqlik elektr stansiyalarini moliyalashtirish va qurish talab qilganidek, 10, 20 yoki 30 yilga sarmoya kiritishdan ko‘ra, yangi tarmoq quvvatlarini kengaytirish ancha tezroq.

Aksariyat mamlakatlar qazib olinadigan yoqilg‘i ishlab chiqarmaydi, ammo ularning barchasi quyosh va shamoldan foydalanish imkoniyatiga ega va shuning uchun qayta tiklanadigan energiya manbalariga tayanib, ko‘mir, neft yoki tabiiy gazni import qilish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun xorijiy valuta bozorlariga kirishlari shart emas.

«Masalan, Pokiston 2024 yilda 17 gigavatt (GVt) quyosh energiyasini ishlab chiqara oladigan quyosh panellarini import qildi, bu o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar ko‘p va mamlakatning hozirgi elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatining taxminan uchdan bir qismiga teng», deb xabar berdi BBC.

Janubiy Afrika, Jazoir va Botsvana ham quyosh energiyasi afzalliklaridan foydalandi.

Shamol turbinalari va ular bilan bog‘liq infratuzilma quyosh energiyasi kabi arzonlashmadi, bu esa Buyuk Britaniya va Norvegiya kabi «shamol mintaqasi» deb ataladigan mamlakatlar uchun to‘siq bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid