Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ash-Shar’a Rossiyada: Putin bilan muloqotda asosiy mavzular qaysi?
Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a kecha, 15 oktyabr kuni rasmiy safar bilan Moskvaga bordi. Suriyada rejim almashgandan beri Shar’a birinchi marta Rossiyaga kelmoqda va Kremlda prezident Vladimir Putin bilan muloqot qildi.
Rus matbuotiga ko‘ra, muzokaralar ikki yarim soat davom etgan. Kreml saytida esa dastavval faqat uchrashuvlar boshlanishi avvalidan rasmlar hamda xabar e’lon qilingan. Rus OAVlari Putin va Shar’a keyin nimani muhokama qilgani haqida batafsil xabarlar chiqargani yo‘q.
Putinning maslahatchilari, mudofaa vaziri Andrey Belousov va Rossiya Qurolli kuchlari bosh shtabidan Igor Kostyukov yillar davomida Moskva tomonidan qo‘llab-quvvatlangan prezident Bashar al-Asadni ag‘dargan qurolli muxolifatning sobiq yetakchisi bilan muzokaralarda ishtirok etdi.
“Rossiya va Suriya munosabatlari bizning siyosiy sharoitimiz yoki alohida manfaatlarimiz bilan bog‘liq bo‘lmagan”, dedi Vladimir Putin muzokaralar avvalida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Moskva “Suriya xalqi manfaatlari”ni hisobga olgan. "Rossiyaga xush kelibsiz!" dedi so‘ngra Putin Suriyaning yangi rahbarini kutib olarkan.
Ash-Shar’aga ko‘ra, " Rossiya bilan uning davlati haqiqatan ham uzoq yillik tarixiy aloqalarga ega" va hozir "dunyo yangi Suriya bilan tanishmoqda". U Moskva va Damashq o‘rtasidagi hamkorlikni davom ettirishni taklif qildi: “Biz murakkab munosabatlarimizni tiklashga harakat qilamiz”, deydi muvaqqat prezident.
Putinning ash-Shar’a bilan uchrashuvi oldidan Suriyaning Al Hadath telekanali va Reuters agentligi muvaqqat prezident Rossiyadan Suriyaliklarga qarshi jinoyatlarda ayblangan Bashar Asadni sudga topshirishni rasman so‘rashi mumkinligini xabar qilgan.
Reuters’ga ko‘ra, kun tartibida Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining Tartusdagi bazasi va Xmeymimdagi aviabazaning davom etishi mavzusi ham bo‘lgan.
Muzokaralar boshlanishidan oldin Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu masalaning bo‘lishini qisman tasdiqlagan: “Baza mavzusi prezident bilan suhbat chog‘ida u yoki bu tarzda ko‘tarilishi aniq”, dedi Peskov.
Shuningdek, muvaqqat prezident iqtisodiy imtiyozlar, jumladan, bug‘doy yetkazib berishni qulay shartlarda tiklash va urush zarari uchun tovon to‘lashni so‘ragan bo‘lishi mumkin. Ash-Shar’a Moskvaning qo‘llab-quvvatlashidan manfaatdor, chunki u Isroilning Suriya janubida kengroq demilitarizatsiya zonasi tashkil etish haqidagi talablariga qarshilik ko‘rsatish niyatida.
Reuters’ning manbalaridan biriga ko‘ra, Suriya rahbari Isroilning keyingi bosqinlariga qarshi kafil sifatida Rossiya harbiy politsiyasini qayta joylashtirishdan umidvor.
Harbiy bazalarning kelajagi
Ash-Shar’a Suriyada Rossiya va ko‘plab G‘arb davlatlarida terrorchi tashkilot deb topilgan “Hayat Tahrir ash-Sham” islomiy guruhi rahbari sifatida hokimiyatga kelgan.
Uning kuchlari 2024 yil dekabrida prezident Asadni ag‘darib, mamlakatda hokimiyatni qo‘lga kiritdi. Asadning armiyasi ozgina qarshilik ko‘rsata oldi, so‘ngra Asad va uning oilasi Suriyadan qochib, Rossiyadan boshpana oldi.
Asad rejimi qulaganidan ko‘p o‘tmay, Rossiya Suriyadagi harbiy ishtirokini qisqartira boshlagani, Tartusdan transport vositalari va konteynerlarni olib chiqa boshlagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Uskunalarning faol harakati Xmeymimda ham qayd etilgandi.
1970 yillarda Sovet Ittifoqi tomonidan tashkil etilgan, keyin esa 2012 yilda Rossiya tomonidan kengaytirilgan va modernizatsiya qilingan Tartus porti so‘nggi yillarda Rossiya uchun yoqilg‘i quyish, ta’minot va kemalarni ta’mirlashni ta’minlovchi O‘rta yer dengizidagi asosiy baza bo‘ldi.
Xmeymim aviabazasi 2015 yildan beri ishlaydi. Rossiya samolyotlari undan Asad rejimi muxoliflariga zarbalar berishda foydalangan. Asadning qulashi Rossiyaning Suriyadagi mavjudligini shubha ostiga qo‘ydi.
Bashar Asadni topshirish talabi
Suriyaning sobiq prezidenti Bashar mamlakatni tark etib, Rossiyadan siyosiy boshpana olgan. Rossiya matbuotiga ko‘ra, Asadlar oilasi hozir Moskvada yashirinib yashab kelmoqda.
Reuters’ning yozishicha, Rossiya o‘z xorijiy ittifoqchilari muammoga duch kelsa, ularni himoya qila olishi bilan faxrlanadi va Asadni Damashqqa topshirishga rozi bo‘lmaydi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa dushanba kuni Rossiya Asadga boshpana berganini, chunki uning hayoti xavf ostida ekanini aytgandi.
Aprel oyida Shar’a New York Times gazetasiga Rossiya Suriya yangi hukumatining Asadni ekstraditsiya qilish haqidagi iltimosini rad etganini bildirgan. Matbuotdagi xabarlarga ko‘ra, Damashq bu talabni yanvar oyidayoq Moskvaga qo‘ygan. O‘shanda Suriya muvaqqat prezidenti Damashq Rossiya bilan munosabatlarni uzish niyatida emasligini qo‘shimcha qilgandi.
"Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi hisoblanadi. Suriya qurollari to‘liq Rossiyaga tegishli. Va oziq-ovqat va energiya ta’minoti bo‘yicha Suriya ko‘p yillar davomida tayanib kelgan ko‘plab kelishuvlar mavjud", - degan Ash-Shar’a.
Suriya davlat axborot agentligi SANA xabariga ko‘ra, Shar’a va Putin “o‘zaro manfaatli bo‘lgan mintaqaviy va xalqaro voqealarni muhokama qilishgan. Ikki davlatning umumiy manfaatlariga xizmat qilish uchun hamkorlikni rivojlantirish yo‘llarini o‘rganishgan.
France 24 telekanalining sharhida kelishicha, Ash-Shara Rossiya bilan aloqalarni qayta belgilash niyatida. Ukrainadagi janglarga e’tibor qaratgan va Suriyada faqat kichik harbiy kontingentni saqlagan Rossiya Shar’aning isyonchilar hujumiga qarshi turishga urinmadi, balki Asad mamlakatni tark etganidan keyin unga boshpana berdi, deya yozadi telekanal ijtimoiy tarmoq platformalarida.
Mavzuga oid
23:45 / 21.12.2025
Mirziyoyev, Rahmon va Japarovga Tolstoy nomidagi tinchlik mukofoti topshirildi
16:05 / 20.12.2025
Kiyev YeI sammiti haqida: RFning Ukrainani qulatishga qaratilgan hisob-kitobi barbod bo‘ldi
15:21 / 20.12.2025
B rejasi: Nega YeI Ukrainaga Rossiya zaxiralarini bermadi?
14:29 / 20.12.2025