O‘zbekiston | 11:19 / 16.11.2023
24367
7 daqiqa o‘qiladi

“Yor-yor” boshlovchilari nogironligi bo‘lgan ayol ishtirokidagi video tufayli tanqidga uchradi

Boshlovchilar nogironligi bo‘lgan ayolni “masxara qilgani” ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ammo ko‘rsatuv ijodkorlari bu da’voni rad etib, ishtirokchini tabassum bilan gapirishga undash uchun kulishganini aytmoqda.

Foto: Videodan kadr

“Yor-yor” dasturining 2022 yil noyabr oyida efirga uzatilgan 496-sonida 34 yoshli (nogironligi bo‘lgan) ayol Tabassum Yunusova ko‘rsatuvga oila qurish maqsadida kelganini aytgan.

Boshlovchilar unga bir nechta savollar bergan. Tabassum ukasi va singlisi oila qurgani, onasi 19 yil oldin vafot etgani, o‘zi esa shu vaqtgacha oila qurmagani va baxtini topish niyatidaligi haqida gapirgan.

Boshlovchi Muhabbat Hamroyeva ko‘rsatuv davomida unga kulib yurib, negativ energiyadan xalos bo‘lish lozimligini ta’kidlaydi:

Muhabbat Hamroyeva: Avval ismingizdan boshlaylik, tabbasum qiling, men bir ko‘ray.

Tabassum: Assalomu alaykum. Sizlarning oldingizga televizorda ko‘rib keldim, menga yigit topib berishingizni so‘rayman.

Boshlovchilar qahqaha otib kuladi.

Omina Karimova (kulib): uylangan bo‘lsa ham bo‘ladimi?

Tabassum: bo‘ladi.

Muhabbat Hamroyeva: Omina opa, to‘xtab turing, nimaga shoshasiz, bu tabassum bilan aytmadi-da, yana o‘sha jiddiy ohang bilan… sal qoldi orqasidan bir shapaloq urishingizga. Ana, ana endi tabassum bo‘ldi. Yana o‘sha gapni aytaman, tabassum ham bir ehson, singlim, yaxshi gapirish ham ehson. Shuning uchun shu narsalarni o‘zingizga sal uqtirib oling.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videoda tarmoq foydalanuvchilari boshlovchilarni nogironligi bo‘lgan ayolni masxara qilib kulganlikda ayblamoqda. Ayrim foydalanuvchilar esa boshlovchilarning javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidlamoqda. 

Nemolchi.uz loyihasi asoschisi Irina Matviyenko ko‘rsatuvdagi holatni qoraladi.

“Odamlarning bunday qilishiga aql bovar qilmaydi. Hatto provokatsion teleko‘rsatuv uchun ham. Ular ayollardan nafratlanadi, inson huquqlarini poymol qiladi, insoniylikni mensimaydi. Nozima Davletova ommaviy axborot vositalari qanday qilib stereotiplarni shakllantirishi haqida ko‘p gapiradi, lekin menimcha, telekanallar reytingi qadriyatlardan muhimroq”, - deydi u.

Kun.uz bilan suhbatda O‘zbekistonda nogironlik va inklyuziv rivojlanish masalalari tadqiqotchisi Dilmurod Yusupov esa ko‘rsatuv ijodkorlarini qoralash o‘rniga, ularga nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan qanday munosabatda bo‘lish kerakligini o‘rgatish yaxshiroq ekanini ta’kidladi.

“Menimcha, bu ayolning nogironligi bor. Bizda qonunda nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik tushunchasi bor. Ko‘rsatuvda shu jihatga ko‘ra, kamsitish yuz bergan bo‘lishi mumkin.

Boshlovchilardan biri bilan suhbatda bo‘ldim, jamoa tushkun holatda. “Yor-yor” ko‘rsatuvi boshlovchilariga qarshi kampaniya boshlanganini aytdi.

Dilmurod Yusupov

Bu keys tanqid qilinishi kerak, lekin ko‘rsatuvda munosabatni o‘zgartirish kerak. Juda keskin tanqid qilinsa, bu boshlovchilar boshqa nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlamasligi, ko‘rsatuvga taklif qilmasligi mumkin. Biz keskin tanqid qilib chiqsak, bu  aks ta’sir beradi va nogironligi bo‘lgan insonlar bilan munosabatda qo‘rquv paydo bo‘ladi.

Shu sababli jamiyatimizning xabardorligini oshirish kerak, bu ilmsizlikdan kelib chiqishi mumkin. Nogironligi bo‘lgan insonlarga qanday munosabatda bo‘lishimiz kerak, ularga nisbatan qanday terminologiya ishlatiladi – bularning hammasini ularga o‘rgatishimiz kerak. Chunki bu haqda ularda ko‘nikmalar bo‘lmasligi mumkin. Jamiyatda ularni keskin qoralash emas, xabardorlikni oshirish kampaniyasini qilishimiz kerak. Chunki har kishi xato qiladi, xato qilib, o‘sha xatoni anglashi uchun ma’lumot berishimiz kerak. Bu ko‘rsatuv yopilsin degan keskin fikrlar bo‘lyapti, men keskinlikka qarshiman – ko‘rsatuv davom etaversin, ammo bunday noto‘g‘ri munosabat qilishmasin”, - deydi ekspert.

“Sharoit+” nogironlar jamoat birlashmasi raisi Muhabbat Rahimova esa bu holatni juda xunuk va ochiqchasiga bir insonni kamsitish deb baholadi.

“Boshlovchilarning munosabati nogiron holatida ham turmush o‘rtoq so‘rab kelibdi degandek kulish bo‘lgan. Bu juda xunuk va ochiqchasiga bir insonni kamsitishdir. Yana bir narsa, Prezident 2022 yildagi parlamentga murojaatida tibbiy modeldan ijtimoiy modelga o‘tish davri keldi degan edi. Biz qachon o‘rganamiz, qachon hammaga bir xil munosabatda bo‘lish, stereotiplarni yo‘qotishni o‘rganamiz? Ijtimoiy model insonni qay holatda bo‘lsa ham, boricha qabul qiladi.

Muhabbat Rahimova

Jamiyatda insoniylik oldinga surilgan bir paytda, bu holatni insoniy emasligini gapirib o‘tirmayman, chunki bu ko‘rinib turibdi.

Men media, jurnalist va muharrirlar bilan ishlash, bunda nogironligi bo‘lgan shaxslarni efirga chiqarishda ishlatiladigan va ishlatib bo‘lmaydigan terminlar va kommunikatsiyaga ahamiyat berish kerak deb uylayman. Shu orqali mana shunaqa holatlarni kamaytirish kerak”, - deydi u.

Kun.uz ko‘rsatuv ijodkorlaridan izoh olish uchun ijodiy guruhga savol yubordi, ammo javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Twitter foydalanuvchilaridan birining murojaatiga tashkilotchilar quyidagicha javob bergan.

“Bu yerda hech kim hech kimning ustidan kulmagan. Noto‘g‘ri chiqarib yuborilgan. Oldin siz shu sonini to‘liq ko‘ring, bu qizning ismi Tabassum bo‘lgani uchun tabassum qilib gapiring degan maqsadda bu insonga motivatsiya berishgan”, - deya vaziyatni izohlagan tashkilotchilar.

“Yor-yor” ko‘rsatuvi haqida

Ko‘rsatuv 2020 yilning oxirlarida “Zo‘r TV” telekanali orqali namoyish etila boshlangan. Uning maqsadi oila qurmagan yoki turmushi buzilgan insonlarga juft topishda ko‘maklashish. Ko‘rsatuv boshlovchisi Muhabbat Hamroyeva dasturda oilaviy budjet, oilaviy hayotning dastlabki bosqichidagi qiyinchiliklarning oldini olish, muammolarga qanday yondashish, murakkab vaziyatlardan qanday chiqib ketish yo‘llariga ham to‘xtalib o‘tilishi, yoshlarga yuridik maslahatlar, hayotiy o‘gitlar berib borilishini ta’kidlaydi.

Мадина Очилова
Muallif Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid