O‘zbekiston | 17:42 / 18.09.2019
134813
15 daqiqa o‘qiladi

«Xorijdagi «oltinbosh»lar vatanga qaytishga tayyor, lekin ma'muriy to‘siqlar tufayli ularni yo‘qotyapmiz» – Ekspertlar yosh olimlar haqida

O‘zbekiston ochiq siyosat yo‘lini tanlaganidan beri har sohada tashqi dunyo bilan integratsiyalashishga harakat qilmoqda. Buning bir yo‘nalishi sifatida inson resursiga investitsiya qilishga alohida ahamiyat berilyapti. Prezident xorij mamlakatlariga tashrif buyurar ekan, u yerdagi vatandoshlarimiz bilan uchrashib, yurt taraqqiyotiga birgalikda hissa qo‘shishga chorlamoqda.

«Buyuk kelajak» guruhi tashkil etilgani ham bejiz emas. Amalga oshirilayotgan harakatlar natijasida yurtdoshlarimiz O‘zbekistonga qaytib kelmoqda. Bu quvonarli hol, albatta. Ammo ko‘rinmas va keraksiz to‘siqlar bilan ortiqcha «himoyalangan» tizim «oltinbosh»lar o‘z yurtiga kelib ishlashini qiyinlashtiryapti. Yosh va intiluvchan, xalqaro darajada tan olingan o‘zbek olimlari vatanim taraqqiyotiga hissa qo‘shaman deb kelsayu, uning ilmiy darajasi tan olinmasligi yoki asossiz ravishda kechiktirilishidan kim manfaatdor bo‘lishi mumkin?

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas'ul xodimlari, Yaponiyaning Kobe universiteti huquq doktorlari Husain Radjapov va Otabek Narziyev yosh olimlarning ilmiy daraja nostrifikatsiyasi jarayonidagi ortiqcha to‘siqlar haqida fikr bildirishdi.

«Xorij ilmiy darajalarini tan olish va nostrifikatsiyalash nizomi ma'nan eskirgan. Yangi qaror loyihasida ham bo‘shliqlar bor»

19 yil oldin «Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risida»gi Nizom hozirgacha amalda ishlab kelmoqda va u hozirgi kun islohotlari talabiga javob bermaydi, huquqiy va ma'naviy jihatdan ancha eskirgan.

Misol sifatida, ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatni nostrifikatsiyalash jarayoni 2-3 oy, qo‘shimcha sifatida yana 3 oyga cho‘zilishi belgilangan. Ammo bu uzoq muddat yanayam uzaytirilayotgani amaliyotda uchrayapti. Ushbu kamchiliklar vakolatli organ – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tomonidan o‘rganilib, boshqa takliflar inobatga olingan holda yangi qaror loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar portalida e'lon qilindi. Ushbu hujjatda ayrim o‘zgartirish va qo‘shimchalar nazarda tutilgan bo‘lsada, xorijdagi mutaxassislarni jalb etish uchun konseptual yangilik belgilanmagan.

Masalan, mutaxassisning xorijdan kelmasdan turib, ya'ni u yerdagi faoliyatidan uzilmagan holda OAKga hujjatlarini onlayn topshirib, nostrifikatsiya jarayonini boshlash imkoniyati nazarda tutilmagan. Bunda mutaxassisning onlayn arizasi va ilova qilingan elektron hujjatlari asosida OAK nostrifikatsiya jarayonini boshlaydi. Tegishli qaror qabul qilingandan keyin nomzod O‘zbekistonga kelib hujjatlarining asl nusxasini taqdim qilish orqali xorijdagi ilmiy darajasi nostrifikatsiya qilinishiga erishishi mumkin.

«Ilmiy darajani tan olishda nomzodning ish joyidan hujjat talab qilinishi qanchalik mantiqli?»

OAK tomonidan nostrifikatsiya uchun talab qilinadigan hujjatlarning ko‘pi keraksiz, qog‘ozbozlikdan nariga o‘tmaydi. Masalan, nomzodning ish joyidagi rahbarning imzosi bilan tasdiqlangan xat. Xorijdan kelgan olim bu yerda o‘z maqomiga mos ishga joylashishi uchun uning ilmiy darajasi O‘zbekistonda tan olingan bo‘lishi kerak. Hali muqim ish joyiga ega bo‘lmasdan turib ushbu hujjatni talab qilish qanchalik mantiqli?

Qolaversa, ilmiy daraja olimning o‘z bilimi, shaxsiy ijod mahsulidir. Faoliyat olib borayotgan tashkilotga ushbu masalani «bog‘lash» ko‘p hollarda mantiqsiz. Yana bir ortiqcha qog‘ozbozliklardan biri nostrifikatsiya qilish to‘g‘risidagi arizada notarial tasdiqlangan imzo bo‘lishi kerakligidir. Fuqaro nima va kim uchun vaqt va pul sarflab notariusga borishi talab etilmoqda? Buni oson va qulay tarzda, ya'ni tegishli arizani OAK vakili oldida imzolab berish kifoya emasmi? Jarayonni qiyinlashtirishga ne hojat?

«Nostrifikatsiyadan maqsad ilmiy darajani tan olish, qaytadan imtihon o‘tkazish emas»

2000 yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan «Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risida»gi Nizom mazmuni o‘z nomiga mos emas. Nizomning 2-bandida nostrifikatsiya qilish xorijiy davlatlarda falsafa doktori (PhD) va unga tenglashtirilgan ilmiy darajalar olingani haqidagi hujjatlarni qayta attestatsiyadan o‘tkazish asosida tenglashtirish sifatida belgilangan. Vaholanki ushbu hujjatning nomida nostrifikatsiya ekvivalentlikni qayd etish deb ko‘rsatilgan. Bunda nostrifikatsiyaning mazmun-mohiyati o‘zgarmoqda. Ya'ni, bu yerda faqatgina hujjatning haqiqiyligi tekshirilib, uning ekvivalentligi qayd etilmaydi, balki yana dissertant himoya jarayoniga o‘xshash qayta attestatsiyadan o‘tkaziladi. Hujjat qanday qilib qayta attestatsiyada o‘tkazilishi mumkin, degan savolimga OAK vakillari asosli javob bera olishmadi.

Amaliyotda oddiygina tan olinishi kerak bo‘lgan hujjat qolib, uning egasi va allaqachon himoya qilingan dissertatsiya ishi attestatsiyadan o‘tkazilmoqda. Attestatsiya va nostrifikatsiya umuman boshqa jarayon. Ikkalasini adashtirmaslik lozim. Agar nostrifikatsiya o‘rniga OAK attestatsiyani nazarda tutgan bo‘lsa, qonun hujjatlarida va OAK nizomlarida buni yaqqol o‘rnatib qo‘yish lozim. Shunda xorijda tahsil olgan vatandoshimiz dunyoning kuchli 100 yoki 300ligiga kiradigan universitet diplomini O‘zbekistonda OAK tomonidan qayta imtihon o‘tkazilishini anglaydi. Shunga qarab tayyorgarlik ko‘radi. Biroq mantiqan o‘ylaganda qayta imtihon xorijdagi universitetning imtihon jarayoniga ishonchsizlik degani va imtihon O‘zbekiston emas, xorijdagi talablar asosida o‘tkazilishi lozimligini anglatadi. Zero, gap xorijdagi diplom nostrifikatsiyasi haqida ketmoqda.

Xorijda olingan diplomni O‘zbekiston qonun hujjatlari talablari asosida yangi shart va talablar asosida imtihon o‘tkazish mantiqsiz bo‘ladi. Misol uchun, turli malakaviy imtihonlar turli davlatlarda nazarda tutilmasligi mumkin. Bunday hujjatni talab qilish noo‘rin bo‘ladi.  

«Butun dunyo tan olgan o‘zbek olimi ilmiy darajasini baholashga OAKning salohiyati yetadimi, degan savol o‘ylantiradi»

Masalaning ikkinchi tomoni - attestatsiya o‘tkazayotgan ekspertlarning salohiyati. Bu savolni oliy attestatsiya komissiyasiga berdik: xorijda ilmiy ishlar yuqori texnologiyalar yordamida amalga oshiriladi. Komissiya tarkibidagi mutaxassislar ularni tushunishga, xolis baholashga salohiyati, imkoniyati yetarlimi?

Gap o‘zbekistonlik olimlarning salohiyatsizligi haqida ketgani yo‘q. O‘zbekiston olimlarining har biri o‘z sohasini mutaxassisi. Shu fikr to‘g‘ri tushunilishini istardik. Xorijda yozilgan ilmiy ishlar asosan xorijiy davlatlar va xalqaro tajriba haqida yoziladi. Misol uchun, Yaponiyada himoya qilingan doktorlik ishida Yaponiya tajribasining yutuq va kamchiliklari, o‘rgansa bo‘ladigan jihatlari tahlil qilinadi. Albatta, buni Yaponiya olimlaridan yaxshi biladigani yo‘q. Bunday holda mazkur ilmiy ishni o‘zbekistonlik olimlar tomonidan qayta tekshirilishi yoki baholanishi ilmiy etikaga to‘g‘ri kelmaydi. Bu degani O‘zbekiston tarixi bo‘yicha o‘zbek tilida yozilgan dissertatsiyani Yaponiyada o‘zbek tilini va tarixini yaxshi bilmaydigan 3-4 nafar olim qayta baholashi bilan barobar. Tabiiyki, Yaponiya olimi ming kuchli mutaxassis bo‘lsin, lekin o‘zbek tilini bilmay turib qanday qilib o‘zbek tilida yozilgan dissertatsiyani tekshirishi va baholashi mumkin? Bu qanday mantiqsizlik? Bugungi rivojlangan jamiyatda bunday mantiqsizlik bizni kulgiga qo‘ymaydimi?

Masalaning boshqa jihati shundaki, OAKdagilar barcha sharoitlar borligi, ayrim vaziyatlarda mutaxassislar jalb etilishi mumkinligini aytishdi. Bilishimcha, OAKda har bir soha bo‘yicha ekspertlar guruhi bor. Lekin tan olib aytish kerakki biz xorijiy ilmiy maktablar va olimlar bilan tengma-teng ilmiy bahslasha oladigan, ularning ilmiy ishlanma va izlanishlarini obektiv baholay oladigan ekspertlarga muhtojmiz. Bu muhtojlikni to‘ldiradigan samarali yo‘l, ya'ni xorijdagi mutaxassis yurtdoshlarimizni jalb etishda esa qator muammolarimiz mavjud. Bugungi kunda eng asosiy muammo butun ilmiy hamjamiyat doktor sifatida tan olib turgan mutaxassisning o‘z yurtida fan doktoridan pastki maqomga qo‘yilishi bo‘lib turibdi.

«Yosh olim xorijda doktorlik ilmiy darajasini olsa, bu yerda undan ham past pog‘onaga tushirib qo‘yilyapti»

Tasavvur qilish uchun aytamiz: salohiyatli kadr xorijda ilmiy daraja oldi. Uni butun dunyo tan oldi. O‘zining ilmiy ishlanmalari, shogirdlari, va ayrimlari o‘z maktabiga ega. O‘sha yerda tajriba orttirdi, obro‘ga ega bo‘ldi. Endi bilimini O‘zbekiston uchun safarbar etishni niyat qildi. Ilmiy darajasi va diplomini nostrifikatsiya qilish uchun ariza topshirdi, so‘ng imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tdi. Eng katta muammo shundan keyin boshlanadi. Ya'ni xorijda doktorlik ilmiy darajasi olib kelgan mutaxassis O‘zbekistonda fan doktoridan past bo‘lgan ilmiy darajaga (PhD) tenglashtiriladi. Fan doktori sifatida butun jahonda doktor sifatida tan olingan mutaxassis o‘z yurtida fan doktoridan pastki darajaga tushirib qo‘yiladi. Bu hol mutaxassisning turli ilmiy jamiyatlar va kengashlar faoliyatidagi ishtiroki, dissertatsiya ishlarida taqrizchi sifatida tayinlanishi, shogirdlar yetishtirishiga sun'iy to‘siq bo‘ladi.

Fikrimizcha, buning asosiy sabablaridan biri yurtimizda belgilangan ilmiy darajalarni tan olish (nostrifikatsiya) tizimidagi chalkashliklardir. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan xorijiy ilmiy darajalarni tan olish va nostrifikatsiyadan o‘tkazish jarayonida nomzodga faqatgina 2ta ilmiy daraja: falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSs) unvoni beriladi. Vaholanki, chet elda bir bosqichli doktorlik tizimi o‘rnatilgan. Bizda qo‘llanayotgan PhD, DSs kabi ilmiy darajalar xorijda bir xil maqomga ega. Ular faqat fan sohalariga qarab nomlanishda farqlanadi. Masalan, tabiiy fanlar sohasida doktorlik dissertatsiyasi himoya qilganlarga Doctor of Science (DSs), ijtimoiy fanlar sohasidagilarga esa Doctor of Philosophy (PhD) beriladi.  

Bu borada OAK nizomida «xorijiy davlatlarda falsafa doktori (PhD) va unga tenglashtirilgan ilmiy darajalar olingani haqidagi hujjatlar OAK tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 25 iyuldagi 283-son qarori bilan tasdiqlangan xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq nostrifikatsiyalanadi (qayta attestatsiyadan o‘tkazish asosida tenglashtirilishi belgilangan. Biroq, mazkur nizomda falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSs) unvoni farqlanmagan. Barchasi falsafa doktoriga (PhD) tenglashtirilgan. Bu degani Harvardda doktorlik ishini qilib kelsangiz ham O‘zbekistonda sizni nari borsa, falsafa doktori (PhD) deb tan olishadi. Siz ilmiy rahbarlik, ilmiy kengashlar faoliyatida ishtirok etish yoki taqrizlar berishda fan doktori (DSs) imkoniyatlaridan ancha cheklangan maqomda bo‘lasiz.

«Xorijda ilmiy daraja olganlar uchun alohida tizim ishlab chiqilishi kerak»

Yaxshiroq tushunish uchun yana bir misol keltiramiz: biz Yaponiyaning mashhur universitetida doktorlik ilmiy darajasini olib keldik. Boshqa olim ham mahalliy OTMda doktorlik ishini yoqladi. Amaldagi tajribaga asosan xorijda ilmiy daraja olgan shaxsga O‘zbekistonda ilmiy tadqiqot qilgan tadqiqotchilarga beriladigan darajalardan biri beriladi. Bu unchalik ham to‘g‘ri yondashuv emas, nazarimda. Chunki xorijning ilmiy daraja olish talablari bu yernikidan farq qilishi kunday ravshan, lekin bir xil darajadagi unvon berilishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Taklifimiz shundan iboratki, xorijda olingan ilmiy unvonni qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qilish lozim. Nizomda berilgan 2ta darajani berish bilan chegaralanib qolish kerakmas. Shuning uchun xorijiy ilmiy darajalar uchun alohida platforma ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.  

«Ilmiy darajani ilmiy muassasaning o‘zi berishi kerak»

Ma'lum bir yo‘nalishda ilmiy izlanish qilayotgan olim doktorlik yoki nomzodlik darajasini ilmiy muassasaning o‘zida olishi kerak. Chunki uning ishi mavzusini faqat o‘sha universitet mutaxassislari to‘liq tushuna oladi, mohiyatiga yetib bora oladi, shu jihatdan xolis baho ham bera oladi. Alohida tashkil etilgan mas'ul tashkilot tashqi tarafdan ilmiy ishga baho berishi qiyin.

Xorijda bu tizim allaqachon ishlay boshlagan. Siz tadqiqot olib borayotgan joyingizdan ilmiy darajani ololasiz. Bir tarafdan bu holat jarayonga ketadigan vaqtni ham tejaydi. O‘zbekistonda bu tajribani qo‘llasa bo‘ladimi? Bu savolga javob berishdan oldin respublikada ilmiy izlanishlarni haqqoniy baholashga OTMlarning ilmiy bazasi, salohiyati yetadimi, degan masalani hal qilish zarur. Shunday boy imkoniyatlarga ega o‘quv yurtlari yo‘q emas, oz bo‘lsa-da bor. Bu yo‘nalishda ishni avvaliga O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro universitetlardan boshlagan ma'qul.

Xorijda ilmiy daraja berish bilan bu yerdaginiki o‘rtasida farqni aytamiz: chet elda ilmiy unvonni berish olimlar va mas'ul universitet zimmasida. O‘zbekistonda esa olimlar, universitet va oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) bu vazifalarni bajaradi. Biz sanagan oxirgi tashkilot jarayon muddati cho‘zilishiga «hissa qo‘shyapti», xolos.

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi

Mavzuga oid