O‘zbekiston | 11:00 / 30.10.2023
7634
7 daqiqa o‘qiladi

“Chiqish yo‘li - qabristonda”. “Yaxshiyam, sen borsan” hikoyasi haqida

Biz odamlar dunyoni bozorga o‘xshatamiz. Ba’zan “bozor dunyo ekanda”, deb qo‘yamiz. Bundoq olib qaralsa, chindan ham bozor bilan dunyo bir-biriga judayam o‘xshash. Dunyo bozor singari kishini o‘ziga jalb qiladi. Turli xil ne’matlari bilan kishini maftun etadi. Bor ziynatlarini ko‘z-ko‘zlab chorlaydi. 

Dunyoda odamzod bozordagi kabi aldaydi, aldanadi, o‘g‘irlaydi, o‘g‘irlatadi, oladi, beradi, sotadi, sotib oladi... Bozorga kirib qolgan kishi vaqt o‘tganini bilmay qoladi. Kirishga kiradi-yu chiqqisi kelmaydi. Kezgan sari kezgisi, aylangisi, imkoni bo‘lsa qolgisi kelaveradi.

Zamonaviy o‘zbek adabiyoti vakili Ulug‘bek Hamdamning “Yaxshiyam sen borsan” hikoyasi qahramonlari Yusuf va Zulayho ham kirishi bor, chiqishi yo‘q “bozor” changaliga tushib qoladi…

Syujyet:

Ikki sevishgan uchrasharkan Zulayho birrov bozorga kirib-chiqishni iltimos qiladi. Ikkisi yetaklashib bozor aylanadi. Biroz muddatdan so‘ng qiz zerika boshlaydi va ketishni istaydi. Ammo shu izlashsa-da chiqishni topisholmaydi. Hamma joyda kirish. Chiqish esa yo‘q.

Izlayverib charchab ketgan ikki yosh bir qahvaxonaga kirib nafas rostlashadi. Yusuf choychi amakidan chiqish yo‘lini so‘raydi. Ammo choychi buni aytishni istamay, yigitning gapini eshitmaganlikka oladi. Yusuf esa aytmagunicha ketmasligini aytib, o‘tirib oladi. Axiyri choychi amaki chiqish yo‘li kunchiqar tomondagi ko‘hna qabristonda ekanini aytadi.

Yigit va qiz yo‘lga tushadi. Yurish qiyin edi. Odamlar ko‘p. Ular turtina-surtina ilgarilab borishayotgan chog‘ Yusufning oyoq kiyimi ipi yechilib ketadi. Bog‘ichni bog‘lash uchun Zulayhoni bir zumginaga qo‘yib yuboradi. Ishini bitirgach atrofga qarab sevgilisini topolmay izlashga tushadi. Ammo qiz yon-atrofda ko‘rinmasdi. So‘ngra uni zargarlar rastasi yonida uchratadi. 

Zulayhoni oltin tujjorlari o‘rab olgandi. Ular chiroyli zeb-ziynatlariga qizni mahliyo qilib tinmay maqtashardi. Yusuf bir muddat nima qilarini bilmay serrayib qoldi. Agar hozir qizni bu tuzoqdan qutqarmasa, Zulayho bir umr bozorda qolib ketishini ichdan his qilib, uning oldiga borib, ketdik deydi. Ammo qiz ketishni istamaydi. Zulayho yuravermagach shart ko‘tarib keta boshlaydi. Bir muddatdan so‘ng qiz hushini yig‘ib oladi...

Ular yura-yura yana o‘sha qahvaxona yoniga kelib qoladi. Hafsalalari pir bo‘lgancha bir dam nafas rostlagan bo‘lib yana yo‘lga tushishadi. Ikkalasi rastalar oralab borarkan peshtoqiga “Boshqarma” deb yozilgan idoraga duch kelishadi. U yerdan barzangilar chiqib, Yusufni olib kirib ketadi. Bir muddatdan so‘ng yigit bashang kiyingancha to‘rtta qo‘riqchisi bilan chiqib keladi. U o‘ziga qarab turgan Zulayhoni ko‘rmaslikka olib o‘tib ketadi. Qiz qayta-qayta chaqirsa-da qayrilib ham qaramaydi. Yusufni shunchaki qaytarib bo‘lmasligini tushungan Zulayho pichoq bilan ikki yuzini tilib yuboradi va: 

– Sen qaramaydigan bo‘lsang, bu go‘zallik menga kerakmas, – deydi. 

Shundagina yigit hushini yig‘ib Zulayho tomon yuguradi. Bashang kiyimlarini yechib tashlab, jodudan xalos bo‘ladi. Ikkisi yetaklashib yo‘lda davom etadi, tez orada qabristondagi chiqish yo‘liga yetib borishadi. Bir-birisiz bu g‘ala-g‘ovur bozorda qolib ketishlari mumkinligini his qilishib, ikkisi ham:

– Yaxshiyam sen borsan!.. – deydi...

Tahlil:

Asarda aytilayotgan bozor chindan ham dunyo ramzi edi. Bozorga kirdikmi, ya’ni dunyoga keldikmi rastalarni aylanamiz, turfa xil narsa-buyumlarni, yaxshi-yomon odamlarni ko‘ramiz. Ikki sevishgan kabi ularning jim-jimasiga aldanamiz. Oqibatdan chiqish yo‘lini izlayotganimizni, asl maqsadimiz nima ekanini butkul unutamiz. 

Asarda Zulayho bekorga zeb-ziynat, Yusuf esa boshqarmaning qutqusiga uchmadi. Ayol kishi chiroyli yaltir-yultur narsaga, asosan, tilla buyumlarga o‘ch bo‘ladi. Bunday narsaga havaslanmaydigan, ko‘zi kuymaydigan ayol bo‘lmasa kerak. Erkaklar esa boshqaruvga, yuksak mavqega, qudratga ishqiboz. Erkakni ayni shu omillar bilan mahliyo qilish oson edi. Shu sababdan ham yigit va qizni yo‘ldan ozdirish uchun ayni shu narsalar yo‘liqtirildi. 

Inson yashashda davom etar ekan, u turli sinov-imtihonlarga duch keladi. Yonida aqlli va dono, birozgina jasoratli yaqin insoni bo‘lsa, bunday sinovlardan o‘tishi oson kechadi. Oyog‘i chalishib, boshi aylanib yiqilib qolmaydi. Yusuf va Zulayho bir-biri uchun ana shunday inson vazifasini o‘tadi. 

Erkak va ayol turmush qurarkan, o‘ziga munosib juft qidiradi. Faqat ahmoqlargina shunchaki er yoki xotin qilyapman deb o‘ylaydi. Farosatli inson esa butun hayot yo‘li uchun munosib yo‘ldosh, bolalari uchun o‘rnak bo‘lishga arzirli ota (ona), og‘ir kunlarida suyanchiq bo‘lishga qodir tog‘ izlaydi.

Hikoyadagi chiqish yo‘li qabriston orqali o‘tilishi ham bejiz emas. Inson bu dunyo g‘alvalaridan o‘lgandan so‘ng qutuladi. Faqat qanday vijdon bilan, qanday yaxshi-yomon amallar bilan chiqib keta olishi uning tanloviga bog‘liq. Zulayho o‘tkinchi havaslarga berilib, Yusuf kibr-havoga yo‘liqib qolishlari ham mumkin edi. Ammo ikkisi ham bir-biriga qo‘ldosh bo‘lib bunday xavfdan qutulib qoldi va toza vijdon bilan o‘z yo‘llarini topib bordi...

Nima bo‘lganda ham, nima bizni yo‘ldan chalg‘itsa ham maqsadimizdan qaytmasligimiz, yo‘limizni yo‘qotmasligimiz juda muhim. Bu dunyoda yaxshi amallarimiz va jonkuyar yaqinlarimiz bizni turli xavf va xatarlardan himoyalab turadi…

Gulasal Qodirova, kitobxon

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Mavzuga oid