Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston davlat madhiyasi qabul qilinganiga 28 yil to‘ldi
Bugun, 10 dekabr kuni, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganiga 28 yil to‘ldi.
O‘zbekiston Davlat madhiyasining matni va musiqasi 1992 yil 10 dekabrdagi 768-XII-sonli «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi qonuni bilan tasdiqlangan.
Madhiya so‘zlari O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov tomonidan yozilgan, uning musiqasi esa Mutal Burhonov tomonidan bastalangan.
Qonunga ko‘ra, davlat madhiyasi O‘zbekiston Davlat suverenitetining ramzi hisoblanadi va quyidagi hollarda ijro etiladi:
- O‘zbekiston prezidenti lavozimiga kirishish chog‘ida — u qasamyod qabul qilganidan so‘ng;
- Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sessiyalarining va Oliy Majlis Senati yalpi majlislarining ochilishi hamda yopilishi chog‘ida;
- O‘zbekistonda nishonlanadigan umummilliy bayramlarga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishlar va majlislarning ochilishi chog‘ida;
- davlat televideniye va radioeshittirish kompaniyalari tomonidan har kuni — ko‘rsatuv va eshittirishlar boshlanishidan avval va tugaganidan so‘ng;
- respublika hayotidagi muhim tarixiy voqealarni nishonlash yuzasidan, atoqli siyosiy, davlat, harbiy arboblar, xalq qahramonlari, fan, adabiyot va san'at arboblari sharafiga o‘rnatilgan haykallar, shuningdek monumentlar, yodgorliklar va boshqa inshootlarning ochilishi chog‘ida;
- davlat organlari, boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan marosimlar va boshqa tantanali tadbirlar vaqtida O‘zbekiston Davlat bayrog‘ini ko‘tarish chog‘ida;
- rasmiy safar bilan O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar davlat va hukumat boshliqlarini kutib olish va kuzatish chog‘ida — tegishli xorijiy davlatning davlat madhiyasi ijro qilib bo‘linganidan keyin;
- harbiy marosimlarni o‘tkazish vaqtida — O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining umumharbiy ustavlariga muvofiq;
- umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta'lim muassasalarida — yangi o‘quv yili boshlanishi va o‘quv yili tugashi marosimlari chog‘ida;
- sport maydonlarida — O‘zbekiston chempionatlarini, milliy terma komandalar ishtirokida xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida hamda xalqaro sport musobaqalarining O‘zbekiston sport terma komandalarining vakillari bo‘lgan g‘oliblarini mukofotlash marosimlarini o‘tkazish vaqtida;
- O‘zbekiston prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovlari yoki referendum kunlari — ovoz berish o‘tkaziladigan binolarda soat 8:00da ijro etiladi.
Davlat madhiyasi ko‘pchilik huzurida ijro etilganda, hozir bo‘lgan kishilar madhiyani tik turib va o‘ng qo‘l kaftini ko‘krakning chap tomoniga qo‘yib, harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qo‘lini bosh kiyimiga qo‘yib tinglaydi.
Xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida madhiyani ijro etish marosimi xalqaro sport tashkilotlarining mavjud amaliyotini inobatga olgan holda, xorijiy davlatlar hududidagi tadbir vaqtida esa o‘sha mamlakat tajribasi va mahalliy urf-odatlarini inobatga olgan holda ijro etiladi.
Shuningdek, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 203-1-moddasi va Jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 215-moddasida davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish yuzasidan javobgarliklar belgilangan.
Mavzuga oid
19:59 / 08.02.2025
Qirg‘izistonda yangi davlat madhiyasi uchun tanlov e’lon qilindi
19:03 / 25.10.2024
Qirg‘iziston bayroq ortidan madhiyani ham o‘zgartiradi
16:32 / 14.02.2024
Mahallalarda madhiya aytish topshirig‘ini Qahramon Quronboyev bergani ma’lum bo‘ldi
13:00 / 11.12.2022