O‘zbekiston | 19:07 / 25.07.2021
26856
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri va Toshkent viloyatining 4tadan tumani chegaralari o‘zgardi

Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray, Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 7,8 ming gektardan ko‘proq yer maydonlari poytaxtning Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari hududiga qo‘shib berildi. Shuningdek, Sergeli va Bektemir tumanlaridan 171,3 gektar yer maydoni Toshkent viloyati hisobiga o‘tkazilgan.

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining bu haqdagi qarori 23 iyul kuni qabul qilindi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz».

«Toshkent shahrida bo‘sh yer maydonlarining kamligi natijasida yangi qurilish va infratuzilma obektlarini barpo etish orqali aholi farovonligini oshirishda qator qiyinchiliklar kuzatilmoqda. Shuningdek, investitsiya loyihalarini mavjud yakka tartibdagi uylar joylashgan yer uchastkalarining davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olinishi aholi o‘rtasida haqli e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda», — deyiladi hujjatda.

Shu bois Toshkent shahrining keyingi rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish va Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray, Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan o‘tadigan jami 7853,3 gektar yerlarning Toshkent shahriga qo‘shib olinishi hisobiga Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgani alohida ta'kidlangan.

Hujjatga ko‘ra:

  • Sergeli tumani tarkibiga Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan 1827,1 gektar (shundan, 424,2 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari);
  • Bektemir tumani tarkibiga Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidan 490 gektar (shundan, 154,2 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) va Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidan 1134,2 gektar;
  • Mirzo Ulug‘bek tumani tarkibiga Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2294,6 gektar (shundan, 1090,9 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari);
  • Yashnobod tumani tarkibiga Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2107,4 gektar (shundan, 1002,6 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari) yer maydoni, jami 7853,3 gektar yer maydoni Toshkent shahri tarkibiga qo‘shildi.
  • Bundan tashqari, Sergeli va Bektemir tumanlaridan 171,3 gektar yer maydoni Toshkent viloyatiga o‘tkazildi:
  • Sergeli tumanidan 33,8 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Zangiota tumani tarkibiga;
  • Bektemir tumanidan 137,5 gektar yer maydoni Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani tarkibiga o‘tkazildi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining qarorida Toshkent shahri va viloyati tumanlarining yangi chegaralari tasniflab chiqilgan. «Gazeta.uz»ning qayd etishicha, endilikda Toshkent shahar hokimligining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga iltimosnoma kiritishi kutilmoqda.

Hujjat haligacha Toshkent shahar hokimligining rasmiy sayti va boshqa manbalarida e'lon qilingani yo‘q. 

Mavzuga oid