Sport | 08:20 / 02.06.2026
8324
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston o‘rtoqlik o‘yinida Kanadaga yutqazdi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi o‘rtoqlik o‘yinida Kanadaga 0:2 hisobida yutqazib qo‘ydi. JChga tayyorgarlik oldidan navbatdagi o‘rtoqlik o‘yini 8 iyun kuni Niderlandiyaga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Foto: REUTERS

O‘rtoqlik uchrashuvi
Kanada – O‘zbekiston 2:0
Gol:
 1:0 – Osorio (58), 2:0 – Nelson (90+2)
Kanada: Krepo (Sent-Kler, 46), Jonston (Oluvaseyi, 46), Bombito (De Fujrol, 31), Kornilyus, Lareya (Sigur, 32), Byukenen (Shuaner, 45), Eushtakiu (Osorio, 45), Kone (Saliba, 50), Millar (Nelson, 46), Devid, Larin (Pristo, 45)
O‘zbekiston: Ne’matov, Ashurmatov, Husanov, Sayfiyev (Sergeyev, 84), Abdullayev (O‘rozov, 70), Nasrullayev, Shukurov (Mozgovoy, 69), Hamrobekov (Esanov, 85), G‘aniyev (Fayzullayev, 22), O‘runov (Amonov, 71), Shomurodov
Ogohlantirishlar: Millar (40), Kornilyus (43) – G‘aniyev (2), Sayfiyev (9)

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi Jahon chempionati oldidan so‘nggi tayyorgarlik doirasida Kanadaga qarshi maydonga tushdi va 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. O‘yin Kanadaning Edmonton shahridagi Commonwealth stadionida tashkil etildi.

Uchrashuvning birinchi bo‘limida o‘zbekistonliklar qator bir qator xavfli vaziyatlar yaratganiga qaramay, hisob ochilmadi. O‘yinning 58-daqiqasida esa mezbonlar safida zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Jonatan Osario jarima maydonchasi markazidan kuchli va aniq zarba yo‘llab, Ne’matov qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol etdi.

80-daqiqada mehmonlar darvozasi yana bir bor aniq nishonga olindi, ammo bu gol ofsayd tufayli inobatga olinmadi.

Lekin o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda kanadaliklar baribir ikkinchi golni urishdi: maydon markazida Esonov to‘p yo‘qotdi va qarshi hujumni Jyeyden Nelson gol bilan yakunladi. Har ikki golga «Vilyarreal» a’zosi Oluvaseyi assistentlik qildi.

Shu tariqa, O‘zbekiston milliy jamoasining 6 o‘yindan beri davom etib kelayotgan mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham berildi.

Ma’lumot uchun, Kanada 2026 yilgi jahon chempionati mezbonlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston esa o‘z tarixida ilk bor mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lib, turnir oldidan kuchli raqiblarga qarshi nazorat uchrashuvlari o‘tkazmoqda. Kannavaro shogirdlari endi 8 iyun kuni Nyu Yorkda Niderlandiyaga qarshi yana bir o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.

Milliy jamoa JChdagi dastlabki uchrashuvini 18 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 8:00 da Mexikoda Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi. Keyingi raqiblar Portugaliya (24 iyun) va Kongo DR (29 iyun) jamoalari bo‘ladi.

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid