Samarqand sayyohlar uchun juda qulay shahar. Chunki unchalik katta bo‘lmagan ko‘hna shaharni piyoda aylanish ham mumkin. Ixchamligi bilan sayyohlarga qulaylik yaratadigan Samarqandning hozirgi yo‘llari esa odamlar uchun qulay deb bo‘lmaydi. To‘rt tomon qazilgan, juda ko‘p yo‘llar yopiq, mashinalar signal bergani-bergan, odamlar yo‘l topolmay halak... Xullas, shahar yo‘llari qazilgani odamlarni qiynab qo‘ygan. Bu yopiq ko‘chalar qachon ochiladi?

Shahar ko‘chalari nega qazilayotgani ma'lum. Samarqandda 2022 yil Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti o‘tkaziladi. Shu bois, shahar bu ulkan tadbirga tayyor holatga keltirilishi kerak. Ammo tayyorgarlik o‘nlab ko‘chalarni bir vaqtning o‘zida harakatlanish uchun yaroqsiz qilib qo‘yish evaziga amalga oshirilishi kerakmi? ShHT sammitiga tayyorgarlik to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarorida ham Samarqanddagi hamma yo‘llarni bir vaqtning o‘zida yopib qo‘yish kerak deyilmagan.

Keling, shahardagi qaysi katta yo‘llar ayni damda yopiqligi haqida gaplashsak. Shahar chekkasidagi bir yo‘lning yopilishi yuz minglab odamlarga qiyinchilik tug‘dirmoqda. «Kaftarxona» avtostansiyasidan Toyloq va Urgut tumanlariga olib boradigan asosiy yo‘l yopib qo‘yilgan. «Pulimug‘ob» mahallasi hududidagi ko‘prikda qazish ishlari olib borilmoqda. Ma'lum bo‘lishicha, u yerda elektr simlari olib o‘tilayotgani sabab yo‘l to‘sib qo‘yilgan. Shu bois 500 ming odam yashaydigan Urgut tumaniga, 200 mingga yaqin odam yashaydigan Toyloq tumaniga boradiganlar sarson-sargardon bo‘lib, aylanib yurishibdi.

O‘sha ko‘prikning ustini qazish boshlanganda yo‘lning bir chekkasidan mashinalar binoyiday o‘tib turgandi, ammo 3 kundan buyon yo‘l negadir butkul yopib qo‘yilgan. Shu bois Urgut va Toyloqqa «Kaftarxona» avtobekatidan qatnaydigan marshrutlar O‘zbekiston mahallasi orqali 3-4 kilometr ortiqcha yo‘l yurib borishga majbur bo‘lmoqda. Haydovchilarning aytishicha, ahvol shundayligicha qoladigan bo‘lsa, yo‘lkira narxi yana ko‘tariladi.

Navbatdagi nobop yo‘l Jo‘raqulov ko‘chasida. Bu yerdagi yo‘lning holatini tushunish mumkin, chunki eshkak eshish kanali atrofidagi turistik zonaga olib boradigan bu ko‘cha snos orqali kengaytirilmoqda. Yo‘l ustidagi odamlarning uylari deyarli buzib bo‘lingan, ammo yo‘l qurilishi hali boshlanmagan. Yo‘lning hozirgi holati esa juda yomon. Bu yo‘ldan ham minglab odamlar foydalanadi va o‘sha hududda yashayotganlar shahar markaziga borishda qiynalmoqda.