Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Muolaja uchun vodiydan Buxoroga qatnayapman” – hududlardagi nur terapiya uskunalari qachon ishga tushadi?
Respublikaga keltirilgan yuzaki teri o‘smalarida qo‘llanadigan zamonaviy yaqin fokusli rentgen terapiya uskunalari “chang bosib turgani”, faqat Toshkent shahridagisi ishga tushirilgani aytilmoqda. Ushbu tibbiy apparatga bo‘lgan ehtiyoj tufayli bemorlar minglab kilometr yo‘l bosishga majbur bo‘lishyapti. “Toshkentda juda qimmat, shu sababli Buxorodagi xususiy klinikaga boryapman”, deydi andijonlik bemor.
Foto: Kun.uz
O‘zbekistonda nur terapiya uskunasiga bo‘lgan ehtiyoj jiddiyligicha qolmoqda. Avvallari ushbu tibbiy uskuna uchun bemorlar oylab navbat kutishgan bo‘lsa, endi minglab kilometr yo‘l bosishga majbur bo‘lishyapti. Asosan yuzaki teri o‘smalarida qo‘llanadigan ushbu apparatning O‘zbekistonga zamonaviy turi keltirilgan va hududlarga tarqatilgan. Ammo tibbiy apparatlar negadir ishga tushirilmagan.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya markazi ma’lumotlariga ko‘ra, ilgari respublika bo‘ylab bor-yo‘g‘i 5 dona nur terapiya uskunasi mavjud bo‘lgan. Hozirda Islom taraqqiyot banki krediti hisobiga onkologiya muassasalari zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Jarayonlar deyarli yakunlangan.
“Natijada nur terapiya uskunalarining soni 51 donaga yetdi. Hozirda ularning aksariyati ishga tushirilgan va avval 3–6 oylab navbat kutiladigan nur terapiyasiga bo‘lgan ehtiyoj butunlay bartaraf etildi.
Yaqin fokusli rentgen terapiya uskunasi asosan yuzaki teri o‘smalarida qo‘llangani sabab avvallari faqat 2 ta hududiy filialda mavjud bo‘lgan. Hozirda esa bunday uskunalarning eng zamonaviy 12 tasi turli hududlardagi onkologiya muassasalariga o‘rnatilmoqda.
Qayd etilishicha, ushbu jihozlarni xarid qilish jarayoni BMT tizimidagi UNOPS ixtisoslashgan xalqaro tashkiloti orqali amalga oshirilgan. Uskunalarni o‘rnatish ikki bosqichda olib borilmoqda. Birinchi bosqichda maxsus bunkerlar qurilgan, uskunalar o‘z vaqtida yetkazilib, muassasalarga o‘rnatilgan. Hozirda ikkinchi bosqich – dozimetr uskunalarini o‘rnatish va ishga tushirish jarayoni boshlangan. Ayni paytda dozimetr respublika markaziga o‘rnatilgan bo‘lib, 2025 yilning uchinchi choragi yakuniga qadar barcha filiallarga o‘rnatiladi. Shundan so‘ng uskunalar to‘liq faoliyat boshlaydi”, deyiladi markazning Kun.uz’ga taqdim qilingan ma’lumotida.
Qayd etilishicha, hozirda 2 ta hududda ishlayotgan uskunalar eski bo‘lib, yaqin kunlarda ularning o‘rnini zamonaviy, yuqori texnologik va kam zararli yangi 12 ta rentgen terapiya uskunalari egallaydi.
Ammo mazkur tibbiy uskunalarning o‘z vaqtida ishga tushirilmasligi bemorlar uchun sarsongarchilikni yuzaga keltirmoqda.
“Toshkentda juda qimmat, shu sababli har muolaja paytida Buxoroga, xususiy klinikaga borib kelishga majbur bo‘lyapman. Hatto yo‘l puli xarajatlarini qo‘shganda ham Buxoroga qatnash Toshkentdagi muolaja pulidan arzon tushyapti. Andijonda ham bor, lekin ishga tushmagan. Shu ishga tushsa bunaqa sarson bo‘lib yurmasdik”, deydi Kun.uz’ga murojaat qilgan Andijon viloyatida yashovchi bemor.
Kun.uz’ning aniqlashicha, bu muammo faqat Andijon viloyati bilan bog‘liq emas. Boshqa viloyatlarga yetkazib berilgan ushbu turdagi uskunalar ham ishga tushirilmasdan, “chang bosib” turibdi.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya markazining izohlashicha, bunday yuqori texnologik, qimmatbaho uskunalarni barcha xalqaro talablar va ishlab chiqaruvchi shartlari asosida o‘rnatish, xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda ishga tushirish zarur.
“Agar bu uskunalar ruxsatsiz, talablarga zid ravishda va dozimetriyasiz ishga tushirilsa, ishlab chiqaruvchi servis xizmatlarini to‘xtatadi, uskuna yaroqsiz holatga kelib qoladi, davlat budjetiga katta zarar yetkaziladi va nur terapiya uskunalariga yana ehtiyoj yuzaga keladi.
Rentgen terapiyaga muhtoj bemorlarga davolash jarayonlari hozirning o‘zida mamlakatimizdagi barcha onkologiya muassasalarida mavjud bo‘lgan yanada zamonaviy va samarali distansion telegamma terapiya yoki braxiterapiya uskunalarida yo‘qotishlarsiz amalga oshirilishi mumkin. Buning uchun tegishli filiallarimizdagi radiolog mutaxassislarga yoki muassasa rahbariyatiga murojaat qilish kifoya”, deyiladi markaz munosabatida.
Markaz yaqin kunlarda barcha rentgen terapiya uskunalari ishga tushirilishini, tug‘ilayotgan noqulayliklarga butunlay barham berilishini ma’lum qilgan.
Mavzuga oid
23:01 / 24.12.2025
OChL-2. «Andijon» biror marta g‘alaba qozonmadi va guruhda qolib ketdi
12:21 / 22.12.2025
Andijonda bozor rastasi quladi (video)
11:58 / 17.12.2025
Buxoroda 4,7 kg “opiy” musodara qilindi
22:08 / 13.12.2025