Jahon | 08:33 / 13.02.2026
12448
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: YTHdan keyin Adam Qodirovning talog‘i olib tashlangan

“Novaya gazeta Yevropa” nashri versiyasiga ko‘ra, Grozniydagi YTHdan keyin Adam Qodirovga jarohat sabab qat’iy parhez belgilangan va u ancha ozib ketgan. 

Foto: AP

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning o‘g‘li — 18 yoshli Adam Qodirovning yanvar oyida Grozniyda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi (YTH)dan keyin talog‘ini olib tashlashgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda payshanba, 12 fevral kuni “Novaya gazeta Yevropa” manbaga tayanib xabar berdi.

Nashr yozishicha, Moskvadagi Botkin kasalxonasida Qodirovning o‘g‘liga yarim yil davomida qat’iy parhez belgilangan. Versiyaga ko‘ra, Qodirovning o‘g‘lida jag‘ suyagida yoriq ham aniqlangan bo‘lib, bu vaqtincha qattiq ovqat iste’mol qilishni istisno etadi. Gazeta qayd etishicha, uch hafta ichida Adam Qodirov ancha ozib ketgan.

Ularning ta’kidlashicha, shifokorlar ko‘rish funksiyasi shikastlanishini ham aniqlagan. Nashr manbasi so‘zlariga ko‘ra, “haligacha bu jarohat oqibatlari qanday bo‘lishi aniq emas, xavf bor”, ya’ni Qodirovning o‘g‘li “bir ko‘zi ko‘rmay qolishi” mumkin.

Checheniston hokimiyati tomonidan bu ma’lumotga rasmiy tasdiq berilmagan.

Qodirovning Telegram-kanali 10 fevral kuni video joylashtirdi: unda “kechki ovqat” paytida xonaga Qodirovning o‘g‘li kirib kelayotgani ko‘rinadi. Kadrlarga qaraganda, u bir necha kilogramm tashlagan. Videoda u hech narsa yemagan.

Checheniston muxolif harakati NIYSO'ning Telegram-kanali 16 yanvar kuni Qodirovning o‘g‘li korteji “odatdagidek, yuqori tezlikda, mashina ortidan mashina harakatlanayotganda kutilmaganda to‘siqqa duch kelgani” haqida xabar berdi. “Natijada mashinalar bir-biriga urilgan”, — deyilgan xabarda. Kanal ma’lumotiga ko‘ra, YTHda og‘ir tan jarohati olganlar orasida Checheniston rahbari o‘g‘lining uch nafar qo‘riqchisi ham bor.

Adam Qodirov — Checheniston Xavfsizlik kengashi kotibi. 2025 yil aprelida u Checheniston Ichki ishlar vazirligi kuratorligiga tayinlangan. Bundan tashqari, Qodirovning o‘g‘li Putin nomidagi maxsus tayyorgarlik bo‘yicha Rossiya universitetini, shuningdek RF Mudofaa vazirligi tarkibidagi Shayx Mansur va Baysangur Benoyevskiy nomli batalonlarga ham kuratorlik qiladi.

“Novaya gazeta” ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yil yanvar oyida Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga oshqozonosti bezi nekrozi tashxisi qo‘yilgan, 2022 yil bahoridan esa uning ahvoli yomonlasha boshlagan. “Novaya gazeta Yevropa” yozishicha, RF prezidenti ma’muriyati Chechenistonda hokimiyat almashinuvi ssenariysini 2023 yil sentabridan beri ishlab chiqmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid