Jamiyat | 20:46 / 13.11.2021
22326
3 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda IIV xodimi pora bilan qo‘lga olindi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimi R.E, fuqarolar K.U. va A.X. mahalliy tadbirkorning mahsulotlarini Xorazm viloyatiga o‘tkazish evaziga pora olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Tadbir fuqarodan kelib tushgan ariza asosida 2-3 noyabr kunlari Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamkorligida o‘tkazilgan. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar qildi.

Tadbirda dastlab fuqaro K.U. tadbirkordan 50 ta yuk mashinasi uchun 3,5 mln so‘mdan jami 175 mln so‘m miqdoridagi pulni pora sifatida olayotgan vaqtda jinoyat ustida qo‘lga olingan.

Surishtiruvda K.U. qo‘lga kiritilgan pul mablag‘larini sherigi A.X.ga olib borib berishi kerakligini, u esa ushbu pullarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV xodimlariga berishi lozimligini ma'lum qilgan. Shunga ko‘ra, sherigi A.X.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab ariza bilan murojaat qilgan.

Tadbirning keyingi qismida fuqaro K.U. 50 ta yuk mashinasidan faqat 10 tasini YPX maskanidan o‘tkazish uchun 35 million so‘m miqdoridagi pulni olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Agentlikning ma'lum qilishicha, qo‘lga tushgan A.X. ham tadbirni davom ettirishga rozi bo‘lib, ariza bilan murojaat qiladi.

“Shadli aul” YPX maskanida xizmat olib borayotgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV xodimi R.E. tong otgunigacha oz vaqt qolgani uchun faqat 3 ta mahsulot yuklangan transport vositasini o‘tkazishini bildiradi. Tadbirning 3-qismida IIV xodimi R.E. fuqaro A.X.dan pul mablag‘larini olgan vaqtda qo‘lga olingan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, yuqoridagi shaxslarga nisbatan Xorazm viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi va 25, 211-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 13 noyabr kuni Andijon viloyati prokuraturasi mas'ul xodimi 30 ming dollar pora olayotgan vaqtda DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingani xabar berilgan edi.

Mavzuga oid