Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mundial qur’asi. O‘zbekiston qanday guruhdan o‘rin olishi mumkin va guruhdan chiqish imkoniyati qanday bo‘ladi?
Foto: AFP via Getty Images
Dekabr oyida 2026 yilgi jahon chempionati uchun qur’a tashlanadi va O‘zbekiston vakillari ham tarixda ilk bor ushbu marosimda bevosita ishtirok etadi. Tabiiyki, tarixiy turnirga bo‘lgan munosabat nuqtayi nazaridan guruhda kimlar raqib bo‘lishi mumkinligini bilish, shunga qarab vazifalarni belgilash biz uchun muhim. E’tiborli tarafi, O‘zbekiston qur’ada ko‘pchilik kutganidek so‘nggi savatchada emas, balki 3-savatchada joylashishidir. Bu bizga nima beradi? Rostan ham qaysi savatda joylashish muhimmi? Quyida ushbu qur’a haqida.
Mundial formati
Bu safar mundialda tarixda ilk bor 48 milliy jamoa ishtirok etadi. Jamoalar 4 ta jamoadan iborat 12 guruhga ajratiladi. Har bir guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar (jami 24 jamoa), shuningdek, uchinchi o‘rin egalaridan nisbatan eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 8 jamoa 1/16 final bosqichiga chiqadi. Ya’ni O‘zbekiston vakillarida ham guruhdan chiqish va 32 talikka kirish uchun yaxshi imkoniyat bo‘ladi. Avvalgi muvaffaqiyatsiz saralashlarda O‘zbekiston amalda shunday 32 talikka kira olmay, mundial ostonasida qolib ketgandi.
3-o‘rin vakillariga ham imkoniyat qoldiradigan formatdagi turnirlar oldin ham bo‘lgan, uch o‘yindagi 4 ochko amalda guruhdan chiqish uchun yetarli bo‘lib keladi. Hatto ayrim holatlarda 3 ochko bilan ham eng yaxshi uchinchi o‘rinlar qatorida guruhdan chiqish imkoni bo‘lgan. Masalan, Yevro-2016 g‘olibi bo‘lgan Portugaliya pley-offga uchta durang bilan chiqqandi. Ammo buning uchun ham to‘plar nisbati u qadar manfiylashib ketmasligi va boshqa guruhlarda kerakli natijalar sodir bo‘lishi talab etiladi.
Savatchalar qanday aniqlanadi?
Qur’ada 48 ishtirokchi har biri 12 ta jamoadan iborat bo‘lgan 4 savatga taqsimlanadi. Har bir guruh har bir savatdan bittadan jamoa bilan to‘ldiriladi. Savatlar FIFAning 2025 yil dekabrdagi reytingiga qarab, ya’ni jamoalar yana ikkitadan uchrashuv o‘tkazgach hosil bo‘ladigan holatga qarab aniqlanadi.
Birinchi savatdan mundial mezbonlari – AQSh, Meksika va Kanada milliy jamoalari joy olishi aniq. Qolgan 9 o‘rin esa FIFA reytingida eng yuqorida joylashgan 9 jamoaga beriladi. Reytingda yuqori o‘rindagi jamoalarning deyarli barchasi amalda mundial yo‘llanmasini hal qilgani e’tiborga olinsa, 1-savat deyarli shakllanib ulgurgan deyish mumkin. Bular mezbonlardan tashqari Ispaniya, Argentina, Fransiya, Angliya, Portugaliya, Niderlandiya, Braziliya, Belgiya va Germaniya jamoalaridir.
Aslida FIFA reytingida Italiya ham kuchli to‘qqiztalikda (Germaniya 10-o‘rinda), ammo ayni paytda italyanlar saralashdagi guruhida peshqadam Norvegiyadan ancha ortda qolib ketgan va katta ehtimol bilan o‘tish o‘yinlari orqali yo‘llanma uchun kurashadi.
Demak, yuqorida sanalgan 12 jamoadan biri O‘zbekistonning guruhdagi birinchi raqibi bo‘ladi.
Keyingi savatlar ham xuddi shunday reyting asosida shakllantiriladi.
Biz nega uchinchi savatdamiz?
O‘zbekiston FIFA reytingida 55-o‘rinda bo‘lsa-da, qanday qilib 3-savatdan, ya’ni kuchli 36 jamoa orasiga qo‘shilib qolganining sababi bor. Ma’lumki, final bosqichining 6 ishtirokchisi qur’adan keyin, 2026 yil mart oyida bo‘ladigan pley-off o‘yinlarida aniq bo‘ladi. Mana shu 6 jamoa ham reytingidan qat’i nazar 4-savatchaga joylashtiriladi.
To‘rt jamoa UYeFAdan bo‘ladi. Guruhlarda 2-o‘rinni egallagan 12 jamoa va yana Millatlar Ligasi orqali qo‘shiladigan 4, jami 16 jamoa pley-off orqali yana to‘rt ishtirokchini aniqlaydi. Yuqorida aytilganidek, Italiya kabi kuchli jamoalar ham pley-offga qolish ehtimoli yuqori va aslida Italiya reytingda 9-o‘rinda turganiga qaramasdan so‘nggi savatchadan joy oladi.
Yana ikki jamoa qit’alararo pley-off orqali aniqlanadi. Janubiy Amerika, Konkakaf, Osiyo va Afrika vakillari o‘zaro o‘yinlarda so‘nggi ikki yo‘llanma egasini aniqlaydi. Demak, 4-savatchadan o‘rin oladigan 6 jamoa shular.
Yana 6 jamoa esa tabiiyki, FIFA reytingida yo‘llanma egalari orasida nisbatan past o‘rinlarda turgan ishtirokchilar. O‘zbekiston ayni paytda reytingda jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritib bo‘lgan 6 jamoadan yuqorida joylashgan va noyabr oyidagi o‘yinlarda ham bu holat o‘zgarishi amalda imkonsiz masala. Bu jamoalar – Saudiya Arabistoni (58), JAR (59), Iordaniya (66), Kabo Verde (71), Gana (73) va Yangi Zelandiya (85) bo‘lib, ular qolgan ikki o‘yindagi natijalardan qat’i nazar reytingda O‘zbekistondan o‘tib keta olmaydi.
Mana shu 6 jamoa so‘nggi savatchadan joy oladimi? Yo‘q, masalan, Saudiya Arabistoni, JAR kabi jamoalarda ham 3-savatchaga ko‘tarilishi imkoni bor. Qanday qilib?
KONKAKAF mintaqasida hali saralash o‘yinlari yakunlanmadi va jamoalar yana ikkitadan o‘yinda maydonga tushadi. Ayni paytda Surinam, Yamayka, Honduras, Panama, Kosta-Rika, Kyurasao, Gvetamala, Haiti hamda Trindad va Tobago kabi jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri uch yo‘llanma uchun kurash olib borishmoqda, ularning har birida yaxshi imkoniyat bor. Bu jamoalar ichida Panama (31) va Kosta-Rika (45) reytingda bizdan yuqorida joylashgan, qolganlari esa ancha pastroqda. Demak, agar hozirda guruhida peshqadam bo‘lib turgan Surinam, Yamayka va Honduras kabi jamoalar yo‘llanmani qo‘lga kiritishsa, 4-savatga tushishadi (FIFA reytingida pastda joylashgani tufayli) va Saudiya Arabistoni ham, JAR ham 3-savatga ko‘tariladi. Har qanday holatda KONKAKAFning 3 guruhidan kamida bittasida reytingda past bo‘lgan jamoa g‘olib bo‘ladi va ishonch bilan aytish mumkinki, Saudiya Arabistoni ham 3-savatchaga ko‘tarilib oladi.
O‘zbekiston kimlarga raqib bo‘lishi mumkin?
Yuqorida aytilganidek, mundialda guruhdan chiqish uchun kamida bitta g‘alabaga erishish kerak bo‘ladi. Agar omad kelib, 4-savatchadan kuchsizroq raqib tushib qolsa, hatto 2-savatdan bo‘ladigan raqib bilan o‘yinda durangga harakat qilish ham mumkin.
Demak, 1-savatdan ehtimoliy raqiblar – AQSh, Kanada, Meksika, Ispaniya, Argentina, Fransiya, Angliya, Portugaliya, Niderlandiya, Braziliya, Belgiya va Germaniya.
2-savatda FIFA reytingida 10-dan keyingi o‘rinlarda joylashgan nisbatan kuchli jamoalar bo‘ladi. Xorvatiya, Marokash, Kolumbiya, Urugvay, Shveytsariya, Senegal kabi jamoalar ushbu savatda bo‘lishi deyarli aniq. Shuningdek, Osiyodan Yaponiya va Janubiy Koreya ham ushbu savatchadan joy olishadi va O‘zbekiston bilan bir guruhga tushishmaydi.
3-savatda O‘zbekiston bor va bu savatdagi boshqa jamoalar bizga raqib bo‘lmaydi. Ayni paytda biz kabi bu savatchadan o‘rin olishi aniq bo‘lgan jamoalar – Jazoir, Paragvay, Tunis, Kot-d’Ivuar va Qatar. Mana shu jamoalar guruhda biz bilan o‘ynamasligi aniq.
Asosiy masala, 4-savatchadan bizga kimlar raqib bo‘lishi mumkinligi. Chunki aynan mana shu savatchadan chiqadigan raqiblardan ochko olish imkoniyati ko‘proq bo‘ladi. Gana, Kabo Verde, Iordaniya va Yangi Zelandiya so‘nggi savatchadan joy olishi aniq. Iordaniya qit’adosh ekani inobatga olinsa, qolgan uch jamoa biz bilan bir guruhda bo‘lishi mumkin. Shuningdek, yuqorida tilga olingan KONKAKAF vakillaridan qaysidir jamoa yoki qit’alararo pley-off g‘oliblaridan kimdir bo‘lishi ehtimoli ham bor. Va albatta, UYeFA pley-offi orqali chiqadigan 4 jamoani ham unutmaslik kerak, ya’ni Italiya, Turkiya, Daniya kabi kuchli jamoalar ham 4-savatdan bizga raqib bo‘lishi mumkin.
Ehtimollar shunchalik kengki, O‘zbekiston «o‘lim» guruhiga tushib qolishi ham, nisbatan oson guruhdan joy olishi ham mumkin. Masalan, Braziliya, Xorvatiya, O‘zbekiston, Italiya – shunaqa guruhga nima deysiz? Yoki Kanada, Shveytsariya, O‘zbekiston, Yangi Zelandiya guruhi shakllanishi ham mumkin bo‘ladi. Eng muhimi, kim tushishidan qat’i nazar bizda natija uchun imkoniyat doim bo‘ladi. Saudiya Arabistoni o‘tgan mundialni Argentina ustidan qozonilgan g‘alaba bilan boshlaganini ko‘pchilik eslaydi.
Mavzuga oid
21:08 / 17.12.2025
FIFA O‘zbekiston milliy jamoasiga kamida 10,5 mln dollar to‘laydi
18:50 / 12.12.2025
FIFA JCh-2026 chiptalarining qimmat narxi tufayli «ulkan xiyonat»da ayblandi
23:23 / 11.12.2025
JCh-2026 chiptalari uchun arizalar qabuli boshlandi
17:16 / 07.12.2025