O‘zbekiston | 13:48 / 30.11.2019
48266
12 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'lim to‘g‘risidagi nizom loyihasi e'lon qilindi. Qator o‘zgarishlar kutilyapti

Foto: Fotolia / WavebreakmediaMicro

Oliy ta'lim to‘g‘risidagi nizom loyihasi e'lon qilindi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Oliy ta'lim uzluksiz ta'lim tizimining mustaqil turi bo‘lib, oliy ta'lim muassasalarida umumiy o‘rta (11-sinf), uzluksiz boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim asosida amalga oshiriladi.

Oliy ta'lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

oliy ta'limni iqtisodiyotning tarmoq va sohalari uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilganligi;

ta'lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterda ekanligi;

oliy ta'limni umumiy o‘rta, uzluksiz boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limlar bilan uzluksizligi va uzviyligi;

ta'lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;

davlat ta'lim standartlari doirasida ta'lim olishning hamma uchun ochiqligi;

ta'lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;

bilimli bo‘lishni va iste'dodni rag‘batlantirish;

oliy ta'lim tizimida davlat va jamiyat boshqaruvini uyg‘unlashtirish;

oliy ta'lim, fan va ishlab chiqarishni integratsiyalash.

Oliy ta'lim muassasasi oliy ta'limning ta'lim dasturlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxs bo‘lib, o‘zining ustavi hamda mazkur Nizom asosida faoliyat yuritadi.

Oliy ta'lim muassasasining ustavi oliy ta'lim sohasidagi davlat boshqaruvi organi tomonidan tasdiqlanadi va mahalliy hokimiyat organlarida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlat fuqarolariga hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga oliy ta'lim muassasasida o‘qitilayotgan mavjud ta'lim tilini ixtiyoriy tanlash huquqi beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'limni davlat tilida, shuningdek boshqa tillarda olishni ta'minlaydi.

Oliy ta'lim muassasalariga qabul kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarni o‘rganish asosida davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Abituriyentlar bilim darajasini baholash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan oliy ta'lim muassasalariga qabul qilish tartib-qoidalariga muvofiq test, kasbiy (ijodiy) imtihon, suhbat va boshqa turdagi sinovlar natijalari asosida amalga oshiriladi.

Davlat grantlari asosida oliy ma'lumot olgan kadrlardan foydalanish davlat ehtiyojlari va bitiruvchilarni fuqarolik huquqlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.

Fuqarolar ikkinchi va undan keyingi oliy ma'lumotni shartnoma asosida olishga haqlidirlar.

Mamlakatning istiqbolini hisobga olgan holda zamon talablariga javob bera oladigan malakali, raqobatbardosh, yuksak bilimli, respublikaning ilm-fan, madaniyat, san'at, iqtisod, ijtimoiy sohalarini rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shadigan, mustaqil fikrlay oladigan, yuksak ma'naviyatga ega bo‘lgan yuqori salohiyatli mutaxassislarni tayyorlash oliy ta'limning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Oliy ta'limning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:

davlat ta'lim standartlari, malaka talablari, o‘quv reja va o‘quv fan dasturlariga muvofiq o‘qitish sifatini ta'minlash;

o‘quv jarayonini (jumladan amaliyot, stajirovka) kadrlar iste'molchilarining takliflarini inobatga olgan holda tashkil etish;

oliy malakali mutaxassislar, shuningdek ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;

ilm-fan, madaniyat, san'at, texnika, texnologiyalar, iqtisodning zamonaviy yutuqlari, mamlakatning iqtisodi va madaniyatining ijtimoiy istiqbolini hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash uslublarini tizimli takomillashtirish;

yoshlarda insonparvarlik ruhiyatini shakllantirish, ularning tarbiyasiga milliy vatanparvarlik g‘oyasi asosida umuminsoniy qadriyatlarni hamda Vatanga, jamiyatga, oilaga va atrof-muhitga muhabbatni singdirish;

o‘qitishning interfaol usullarini, innovatsion pedagogik hamda axborot kommunikatsion texnologiyalarini, mustaqil ta'lim olish, masofaviy ta'lim tizimini amaliyotga joriy qilish;

oliy ta'limda fan va ishlab chiqarish uyg‘unligi mexanizmlarini ishlab chiqish va amaliyotda qo‘llash;

ilmiy-pedagogik kadrlar va ta'lim oluvchilarning ilmiy-ijodiy faoliyati, ilmiy tadqiqotlari yordamida fan, texnika, texnologiyalarni rivojlantirish, olingan natijalarni mamlakat iqtisodiyotida va ta'lim jarayonida qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar tayyorlash;

davlat va nodavlat oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish asosida ta'lim xizmatlari bozorida raqobatni yuzaga keltirish;

oliy ta'lim muassasalarini boshqarishni takomillashtirish va mustaqilligini kengaytirish, jamoat boshqaruvini vasiylik kengashlar shaklida olib borish;

ta'lim va kadrlar tayyorlash sifatini ta'minlash borasida ilmiy, uslubiy tadqiqotlarni olib borish, bitiruvchilarni kasbga yo‘llash hamda mehnat bilan bandligi monitoringini olib borish;

oliy ta'lim sohasida o‘zaro foydali xalqaro hamkorlik aloqalarni rivojlantirish.

 Oliy ta'lim tizimi quyidagilardan iborat:

davlat ta'lim standarti va malaka talablariga muvofiq ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha ta'lim dasturlarining bajarilishini ta'minlaydigan davlat va nodavlat oliy ta'lim muassasalari;

oliy ta'limni normativ-huquqiy va ilmiy-uslubiy ta'minoti bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib boruvchi ilmiy-pedagogik muassasalar;

oliy ta'limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organlari, shuningdek ularga bo‘ysunuvchi korxona, muassasa va tashkilotlar.

Oliy ta'lim ikki bosqichdan iborat: bakalavriat va magistratura.

Oliy ta'lim muassasalarida bakalavr va magistrlarni tayyorlash “Oliy ta'limning davlat ta'lim standartlari, Oliy ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari Klassifikatori”ga muvofiq olib boriladi.

Oliy ta'lim muassasasi Oliy ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari Klassifikatoriga muvofiq mehnat bozori talablaridan kelib chiqib, bakalavriatning yangi ta'lim yo‘nalishi va magistraturaning yangi mutaxassisligini ochish bo‘yicha takliflar berish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasida oliy ta'lim muassasalarining quyidagi turlari mavjud: universitet, akademiya, institut (qonunchilik hujjatlariga muvofiq maqomi (statusi) ularga tenglashtirilgan boshqa oliy ta'lim muassasalari).

Universitet:

ta'limning barcha bilim va ta'lim sohalari xamda barcha ta'lim yo‘nalishlarida oliy va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim beradi;

turli sohalardagi mutaxassislarni malakasini oshiradi va qayta tayyorlaydi;

fanning turli yo‘nalishlarida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni amalga oshiradi;

xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma dasturlar asosida kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi;

taalluqli ilm sohasi bo‘yicha tayanch ilmiy-uslubiy markaz hisoblanadi.

Akademiya:

Muayyan bilim sohasining ta'lim sohasida ma'lum belgilangan oliy va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim berishga mo‘ljallangan ta'lim dasturlarini bajaradi;

muayyan soha mutaxassislarining malakasini oshirish va qayta tayyorlashni amalga oshiradi;

fan, madaniyat yoki san'atning aniq sohalarida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni amalga oshiradi;

xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma dasturlar asosida kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi;

faoliyati sohasida yetakchi ilmiy va uslubiy markaz hisoblanadi.

Institut:

ta'lim sohasida ma'lum bir ta'lim yo‘nalishlarida oliy va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limning ayrim dasturlarini amalga oshiradi;

ma'lum bir sohada mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi;

xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma dasturlar asosida kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi;

fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqot ishlarini olib boradi.

Oliy ta'lim muassasasida kadrlar tayyorlash yo‘nalishlari va ta'lim berish shakllari bo‘yicha fakultetlar, kafedralar, o‘quv, o‘quv va ilmiy laboratoriyalar, texnoparklar va boshqa tarkibiy bo‘linmalar shakllantirilishi mumkin.

Oliy ta'lim muassasasi fakultet va kafedralari faoliyati turlari oliy ta'limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan, tarkibiy bo‘linmalar faoliyati turlari oliy ta'lim muassasasi tomonidan belgilanadi.

Oliy ta'lim muassasalarida ta'lim sohalari bo‘yicha davlat ta'lim standartlari va ta'lim yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) bo‘yicha malaka talablarini bajarilishi hamda kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish oliy ta'limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar, oliy ta'lim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Oliy ta'lim muassasalarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasida davlat oliy ta'lim muassasasi, xorijiy oliy ta'lim muassasasi yoki uning filiali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida tashkil etiladi va tugatiladi.

O‘rnatilgan tartibda tashkil etilgan oliy ta'lim muassasalari birinchi attestatsiyadan o‘tgunga qadar akkreditatsiyalangan deb hisoblanadi hamda ularning attestatsiyasi birinchi bitiruv yakunlariga ko‘ra ta'lim oluvchilarni tayyorlash davri to‘la tugagandan so‘ng o‘tkaziladi.

Nodavlat oliy ta'lim muassasalarining ta'lim berish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan hamda amaldagi qonunchilik hujjatlari asosida o‘rnatilgan tartiblarda belgilanadi.

Oliy ta'lim sohasidagi ta'lim xizmatlari ta'lim muassasalari o‘rtasida raqobat muhitini shakllantirish hamda asosiy ta'lim dasturlarida nazarda tutilmagan yo‘nalishlar va kurslar bo‘yicha to‘lov-shartnoma asosida, asosiy ta'lim dasturlarini bajarilishiga to‘sqinlik qilinmagan holda olib borilishi mumkin.

Kunduzgi ta'lim shaklida tahsil olayotgan talabalarga o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida (yarim stavkadan ortiq bo‘lmagan hajmda) mehnat shartnomasi bo‘yicha oliy ta'lim muassasasida yoki boshqa tashkilotlarda ishlashga ruxsat beriladi.

Talabalarning boshqa huquqlari va majburiyatlari amaldagi qonun hujjatlarida hamda oliy ta'lim muassasasi Ustavida belgilanishi mumkin.

Oliy ta'lim muassasasining Ustavi, ichki tartib-qoidalari, odob-axloq qoidalarini buzgan talabalarga quyidagi intizomiy jazolar qo‘llanishi mumkin: hayfsan, oliy ta'lim muassasasi talabalari safidan chetlashtirish.

Intizomiy jazo choralari nojo‘ya xatti-harakat aniqlangandan keyin bir oydan ko‘p vaqt o‘tmasdan va u sodir etilganidan keyin olti oydan ko‘p vaqt o‘tmasdan qo‘llaniladi, bunga talabaning kasal yoki ta'tilda bo‘lgan vaqti kirmaydi. Talabani sog‘lig‘ini tiklayotgan davrida (kasalligi to‘g‘risida tibbiyot ma'lumotnomasini taqdim etsa), homiladorlik va tug‘ish bilan bog‘liq ta'tili davrida talabalar safidan chetlashtirish mumkin emas.

Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda (sirtqi, maxsus sirtqi yoki kechki ta'lim shaklida) ta'lim olayotgan talabalarga ularning asosiy ish joyidan amaldagi qonunchilik hujjatlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida belgilangan imtiyozlar beriladi.

Mavzuga oid