O‘zbekiston | 01:27 / 08.12.2018
14189
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident farmonida sog‘liqni saqlash sohasida to‘planib qolgan tizimli kamchilik va muammolar sanab o‘tildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–5590-sonli farmoni qabul qilindi.

Farmonda mustaqillik yillarida umumiy o‘lim ko‘rsatkichi 20 foizga, onalar va chaqaloqlar o‘limi 3,1 barobar kamaygani, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1995 yilga nisbatan 4,6 yilga oshgani va bugungi kunda 73,7 yilni tashkil etayotgani qayd etilgan.

Sog‘liqni saqlash sohasi faoliyatini tashkil etishda so‘nggi yillarda to‘planib qolgan tizimli kamchilik va muammolar fuqarolarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan vazifalarni samarali hal etishga to‘sqinlik qilayotgani, xususan:

  • birinchidan, sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish va rejalashtirish bo‘yicha konsepsiya hamda strategik maqsadlarning mavjud emasligi oqibatida ushbu sohadagi islohotlar to‘liq bo‘lmagan shaklda amalga oshirilmoqda, bu esa aholining tibbiy yordam sifatiga doir istak va talablariga javob bermayotgani;
  • ikkinchidan, sog‘liqni saqlash sohasidagi smetali moliyalashtirish tizimi eskirgan, zamonaviy xalqaro amaliyotga mos kelmaydigan mexanizmlarga asoslangan bo‘lib, moliya resurslarining samarasiz ishlatilishiga va sohaning surunkali tarzda moliyalashtirilmay qolishiga olib kelayotgani;
  • uchinchidan, kasalliklarni profilaktika qilish va barvaqt aniqlash, patronaj va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha ishlar samaradorligining pastligi fuqarolarning ixtisoslashgan tibbiy yordam so‘rab murojaat qilishining ko‘payishiga sabab bo‘layotgani;
  • to‘rtinchidan, aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning turli darajalari va bosqichlari, shu jumladan, davolash va salomatlikni tiklash jarayonida uzviylik sust rivojlangani;
  • beshinchidan, amaldagi kadrlar siyosati tibbiy yordam ko‘rsatishning barcha darajalarida, ayniqsa, birlamchi bo‘g‘inda mutaxassislar bilan ta'minlashning, shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotchilari va boshqaruv xodimlarini tayyorlashning istiqbollarini prognozlashtirish imkonini bermayotgani;
  • oltinchidan, tibbiy amaliyotning ta'lim va ilm-fan bilan integratsiyasi sustligi ixtisoslashtirilgan markazlarning innovatsion salohiyati pastligi bilan birgalikda zamonaviy tibbiyot yutuqlarini davolash-tashxis jarayoniga joriy etishga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani;
  • yettinchidan, elektron sog‘liqni saqlash sohasida yagona standartlar mavjud emasligi, tibbiy xizmatning integratsiyasini va samarali boshqarilishini ta'minlaydigan zamonaviy dasturiy mahsulotlar joriy etilmagani, mavjud axborot tizimlari va texnologiyalari tarqoq tusga egaligi va tor yo‘nalishlarga mo‘ljallanganligi qayd etilgan.

Mavzuga oid