To‘qayev Markaziy Osiyo davlatlarini mudofaa siyosatida hamkorlik qilishga chaqirdi
Qozog‘iston rahbari mintaqa yaqinida murakkab harbiy-siyosiy vaziyat hamon mavjudligini eslatib, mudofaa siyosati va xavfsizlik sohasida birgalikda harakat qilish zarurati paydo bo‘lganini ta’kidladi.
Qozog‘iston chegara yaxlitligiga tajovuz qilmaslik kerakligi haqidagi pozitsiyasini o‘zgartirmaydi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Egemen Qazaqstan» gazetasida chop etilgan maqolasida ma’lum qildi.
«Nafaqat Markaziy Osiyoda, balki qo‘shni mintaqalarda ham tinchlik va barqarorlikni saqlash uzoq muddatli farovonlik va taraqqiyotning muhim shartidir. Qozog‘iston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bu muvozanatni saqlashga intilishdir. Biz doimo «Tinchlik hamma narsadan qadrli» degan tamoyilga amal qilamiz. Qozog‘iston jahon hamjamiyatining mas’uliyatli a’zosi sifatida xalqaro huquq tamoyillariga qat’iy rioya qilish, suverenitetni hurmat qilish va chegaralar yaxlitligiga tajovuz qilmaslik zarur, deb hisoblaydi. Ishonch bilan ayta olamanki, Qozog‘iston bu fikriga qo‘shiladigan davlatlar ko‘p. Ko‘pgina mamlakatlarning pozitsiyalari o‘xshash. Bularning barchasi adolatli va bashorat qilinadigan dunyo tartibini o‘rnatishga asoslangan. Bu pozitsiya bugungi notinch zamonda kelajakka konstruktiv qarashni shakllantirishga zamin yaratadi», deb yozdi To‘qayev.
Qozog‘iston rahbarining eslatishicha, ushbu mintaqa yaqinida murakkab harbiy-siyosiy vaziyat hamon mavjud.
«Markaziy Osiyo atrofida murakkab harbiy-siyosiy vaziyat saqlanib qolayotgan hozirgi sharoitda mudofaa siyosati va xavfsizlik sohasida birgalikda harakat qilish zarurati paydo bo‘ldi. Mintaqaviy xavfsizlik tizimini yaratish, jumladan, Markaziy Osiyo xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar ro‘yxatini ishlab chiqish va ularning oldini olish choralari juda dolzarbdir. Markaziy Osiyoda yagona xavfsizlik makonini yaratish, mavjud va yangi paydo bo‘layotgan tahdidlarga qarshi kurashish bilan bog‘liq asosiy muammolarni hal qilishda kompleks yondashuvlarni ko‘rib chiqish, ularning oldini olish va tahdidlar yuzaga kelganda ko‘riladigan chora-tadbirlar haqida fikr yuritish, shuningdek, bu borada BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, mintaqaviy tashkilotlar bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mintaqa davlatlarining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi», deyiladi maqolada.
Mavzuga oid
12:47
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obektlari xavfsizligini kuchaytirdi
12:33 / 21.11.2024
Qozog‘iston holdingi O‘zbekistondan 169 nafar mutaxassisni ish bilan ta’minlaydi
00:59 / 21.11.2024
Ozarboyjon 2025 yilgi mudofaa xarajatlarini oshiradi
17:22 / 19.11.2024