Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sh.Mirziyoyev: "Xorazm Ma'mun akademiyasi kadrlar tayyorlash bo‘yicha maskan bo‘lishi kerak"
Ma'lumki ko‘hna diyorimiz dunyo sivilizatsiyasining beshiklaridan biri sifatida jahonda dong taratgan. Yurtimizda bunyod etilgan ilm-fan va ma'rifat maskanlarida ne-ne buyuk mutafakkir va allomalar olamshumul kashfiyotlar qilishgan.
Xiva shahridagi 1000 yildan ziyod boy tarixga ega Xorazm Ma'mun akademiyasi ana shunday ilm dargohlaridan biridir. U 1997 yil Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan qayta tashkil etilgan.
Bugungi kunda Xorazm Ma'mun akademiyasida qadimiy davlatchilik tarixi, betakror sivilizatsiya va madaniyatni o‘rganish, me'moriy yodgorliklarni biologik, fizik va boshqa turli salbiy ta'sirlardan muhofaza qilish, ekologik holat bo‘yicha muntazam ilmiy kuzatishlar olib borish, uni yaxshilashga qaratilgan tavsiya va ishlanmalar yaratish, yer, suv resurslaridan oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish, qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini iqlimlashtirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
O‘tgan davr mobaynida mazkur ilm dargohida ko‘p ishlar amalga oshirildi, lekin bugungi kunning o‘tkir talablari akademiya faoliyatini takomillashtirish, ilmiy kadrlar salohiyatini oshirish, izlanishlarning mavzu doirasi va samaradorligini, ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarishga tadbiq etishni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Shavkat Mirziyoyev Xorazmga tashrifi davomida Ma'mun akademiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shu jumladan ilmiy labaratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta'minlash, mazkur ilm dargohi uchun yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, yurtimizdagi akademik va professor, yetakchi olimlarni bu yerga jalb etiish uchun shart-sharoit yaratish kabi masalalarga alohida e'tibor qaratdi.
"Bu akademiyada millatimiz tarixini qancha tashviqot qilsak, arziydi. Bunday tarix dunyoda yo‘q. Madaniyatimiz, haqiqiy ilmiy salohiyatimizni elga, dunyoga tarannum qila olmayapmiz. Ma'mun akademiyasi kadrlar tayyorlash bo‘yicha maskan bo‘lishi kerak. Ichan qal'aga kegan odam bu yerga kelishi shart. Xorazmga kelgan sayyoh tariximizni bilib ketishi kerak.
Melioratsiyani olaylik, Xorazm dehqonchiligidagi sug‘orish usuliga yevropaliklar qoyil qolgan. Bu akademiyaga katta kuch, qudrat berish lozim - dunyo tan olishi kerak. Koreya, Yaponiya, Amerika yoki Yevropa davlatlarining katta akdemiklari kelsin, bu yerdagilar u yerga borsin. 2-3 yillik dastur tuzinglar. Muhtaram Islom Abdug‘aniyevich bekorga bizga bunday tarix tashlab ketganlari yo‘q. Barcha universitetlar domlalari grafik bo‘yicha bu yerga kelib, bir haftadan o‘qib ketsin", - dedi davlatimiz rahbari.
Mavzuga oid
16:15 / 23.12.2025
Xorazmda tadbirkor undan ish so‘rab kelgan talaba qizga shilqimlik qildi
15:34 / 11.12.2025
Xorazmda “O‘zbekiston–Pokiston sanoat zonasi” tashkil etiladi
21:23 / 10.12.2025
Hyundai Rotem tezkor poyezdlarining ilk partiyasi O‘zbekistonga jo‘natildi
13:33 / 27.11.2025