Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xorazmda tibbiyot birlashmalari 160 ming iste’molchidan asossiz mablag‘ olgani aniqlandi
Raqobat qo‘mitasining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tekshiruvlari natijasida Yangibozor va Gurlan tuman tibbiyot birlashmalari 160 mingga yaqin iste’molchidan jami 230 million so‘mdan ortiq asossiz mablag‘ undirgani aniqlandi. Mablag‘larni qaytarish va qonun talablariga rioya etish yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Foto: xiva-shtb.uz
Raqobat qo‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan tibbiyot muassasalari va tibbiyot birlashmalarida pullik tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi jarayoni “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun va tegishli qonunosti hujjatlari talablari asosida o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar 2023–2024 yillar hamda 2025 yil 1 iyuliga qadar bo‘lgan davrni o‘z ichiga oldi. Tekshiruvlar davomida:
- Yangibozor tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan 39 mingga yaqin iste’molchidan jami 2 mlrd so‘mga yaqin pullik tibbiy xizmat uchun to‘lov undirilgani;
- Gurlan tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan esa 120 ming nafarga yaqin iste’molchidan jami 3 mlrd so‘mga yaqin pullik tibbiy xizmat ko‘rsatilgani aniqlandi.
Shu bilan birga, pullik xizmatlar ko‘rsatish jarayonida bir qator qonunbuzilish holatlari qayd etildi. Jumladan:
- iste’molchilarga taqdim etilgan xizmatlar narxiga asossiz ravishda qo‘shimcha soliqlar qo‘shilgan;
- bemorlar amalda foydalanmagan dori-darmon va tibbiy buyumlar narxlari ham umumiy xizmat narxiga kiritib yuborilgan.
Natijada, jami 160 mingga yaqin iste’molchidan 230 million so‘mdan ortiq ortiqcha mablag‘ undirilgani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan Yangibozor va Gurlan tuman tibbiyot birlashmalariga nisbatan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilishi alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.
Tibbiyot birlashmalariga:
- iste’molchilardan asossiz ravishda undirilgan 230 million so‘mdan ortiq mablag‘larni qaytarish;
- kelgusida bunday huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qonun talablariga qat’iy rioya etish haqida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
Mavzuga oid
09:40 / 03.12.2025
Qonuniy va xavfsiz klinikani qanday tanlash kerak?
09:37 / 02.12.2025
Statsionar bemorlarni boshqa tibbiyot muassasasiga bepul o‘tkazish tartibi joriy etildi
16:04 / 01.12.2025
Iste’molchi murojaatlari uchun yangi onlayn platforma ishga tushirildi
10:15 / 26.11.2025