18:10 / 01.04.2018
12068

Tibbiyot xodimlari Toshkentdagi parkda majburan ishlatilgani haqidagi xabarlar rad etildi

2018 yilning 30 mart kuni xorijiy nashrlarda Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi «Ashxobod» parki hududida obodonlashtirish ishlariga majburiy tarzda yo‘llangan tibbiyot xodimlari to‘g‘risidagi maqola nashr etilgandi. Maqolada tibbiyot xodimlari kechgacha ishlashga majbur qilingani va xayriya fondi uchun 13 million so‘m miqdorida mablag‘ yig‘ishlari talab etilgani ta'kidlangandi. 

Mazkur vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahri hokimligining axborot xizmati tegishli savollar bilan 2-bolalar jarrohlik shifoxonasi bosh shifokori Doniyor Sobirovga murojaat qildi. 

Ma'lum bo‘lishicha, shu kuni turli tibbiyot muassasalarining bir necha nafar tibbiyot xodimlari hududlarni tozalash ishlariga jalb qilingan, biroq OAVda aytilganidek «Ashxobod» parki hududida emas, uning yonida joylashgan Yashnobod tuman markaziy poliklinikasi hududida.

«Poliklinika hududidagi obodonchilik ishlari tibbiyot muassasasi hududida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan «Sumalak» tadbiriga tayyorgarlik ishlari munosabati bilan amalga oshirilgan. Ma'lumki, o‘zbek xalqining sevimli tadbirlaridan biri bo‘lgan «Sumalak» bahor mavsumida mahallalar bilan birga davlat muassasalari hududlarida o‘tkaziladi. Qoidaga ko‘ra, «Sumalak»ni tayyorlash ertalabgacha davom etadi va u turli qo‘shiq va raqslar, hazil-mutoyibalarga boy bo‘ladi. Bayram tadbiri o‘tkaziladigan hududda esa oldindan tozalash ishlari o‘tkaziladi», deyilgan xabarda.
 
2-bolalar jarrohlik shifoxonasi bosh shifokori Doniyor Sobirovning ta'kidlashicha, u «Ashxobod» parki hududida yirik ko‘lamli tozalash ishlari amalga oshirilayotganidan xabardor bo‘lgan, park hududi qo‘riqlanadi. Begonalar park hududiga kirishi taqiqlangan.

«Boshqa tomondan, «Ashxobod» parki ma'muriyatining o‘z resurslari yetarli va qo‘shimcha yordamga ehtiyoj yo‘q», deydi u. 

Shuningdek, fondlarga muntazam pul mablag‘lari yig‘ilishiga doir xabar ham tasdiqlanmadi.

Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari Ulug‘bek Egamberdiyevning ta'kidlashicha, respublika davlat muassasalari xodimlarining bir kunlik daromadlarini ushlab qolish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Umumxalq xayriya hasharini o‘tkazish to‘g‘risida»gi ko‘rsatmasiga muvofiq yilda bir marta, ko‘rsatilgan tadbir vaqtida «ixtiyoriy ravishda» amalga oshiriladi.

«Bir kunlik ish haqi o‘tkazilishini rad etgan ishchilardan pul vositalari ushlab qolinmaydi. Bu normal tajriba. Yig‘ilgan mablag‘lar «Mahalla» fondiga o‘tkaziladi va ular xayriya maqsadlarida safarbar etiladi. Qolgan barcha yig‘imlar noqonuniy hisoblanadi», deydi Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari.

Top