O‘zbekiston | 18:28 / 26.07.2025
2737
3 daqiqa o‘qiladi

“2023-2026 yillar uchun amal qiladigan soliq imtiyozining hujjati haliyam chiqmagan” - yosh tadbirkorlar muammolar haqida ochiq gapirdi

“Yoshlarni eshitamiz” deb nomlangan ochiq muloqotda yosh tadbirkorlar soliq imtiyozlari, qonunchilikdagi kechikishlar va byurokratik to‘siqlar yuzasidan savollarini berishdi. Ayniqsa, 2023–2026 yillarga mo‘ljallangan imtiyozlar hali amaliyotga joriy etilmagani e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Mutasaddilar ba’zi masalalarga izoh berdi, ba’zilarini esa o‘zlari ham “bilmasligini” tan oldi.

Foto: Soliq qo‘mitasi

Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida tashkil etilgan ochiq muloqotda 200 nafar ishtirokchi markaziy studiyadan oflayn, 400 nafar hududiy va 25 ta davlatdan 70 nafar xorijdagi tadbirkor yoshlar onlayn ishtirok etdi.

Muloqot davomida yoshlar tomonidan turli yo‘nalishlarda (soliq, turizm, kredit, startaplar, qonunchilik, texnologiya va boshqalar) ko‘plab dolzarb muammo va takliflar bildirildi. Bu murojaatlar vazirlik, idora va tashkilot vakillari tomonidan o‘rganib chiqib, ba’zi masalalarga shu joyning o‘zida izoh berildi, boshqa takliflar bo‘yicha esa aniq choralar belgilandi.

So‘zga chiqqan yosh tadbirkorlardan biri 2022 yil 19 dekabrdagi PQ-444 sonli qaror asosida berilgan soliq imtiyozlari amaliyotga joriy etilmasdan kelinayotgani haqida gapirdi.

“Elektromobillarni zaryadlash stansiyasi 2026 yil 1 yanvargacha soliqdan ozod qilingan. Lekin 2025 yilda faoliyat boshlagan bo‘lsam, shu kungacha soliqni to‘lab kelyapman. Soliqqa murojaat qilganimda hozir bu amaliyotga tatbiq qilinmagan deyishdi. Moliya vazirligiga xat yozsam, ulardan hozircha shu soliqni to‘lab turishingiz kerak, soliq to‘lamaslik javobgarlikka sabab bo‘ladi, degan xat keldi. Bu nega haliyam amaliyotga tatbiq etilmayapti?” — deya savol berdi yosh tadbirkorlardan biri.

Soliq qo‘mitasi mas’uli esa bunga javoban imtiyoz borasida qonunchilikka o‘zgartirish kiritish ishlari hali yakunlanmaganini va bu jarayonda ekanini bildirdi. Qo‘shimcha qilinishicha, qonunchilikka o‘zgartirish kiritilgach 2026 yil 1 yanvargacha ushbu imtiyozga to‘g‘ri keladigan to‘langan soliqlar tadbirkorga qaytarib beriladi.

Shuningdek, tadbirkor prezident qarori bo‘yicha 2023-2026 yillar uchun amal qiladigan soliq imtiyozi 2026 yil kelayotgan bo‘lsa-da amaliyotga tatbiq qilinmaganining sababini so‘radi. Soliq idorasi mas’uli esa buning sabablarini bilmasligini aytdi.

Ochiq muloqot Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilib, unda Investitsiya, Adliya, Raqamli texnologiyalar vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Turizm qo‘mitasi, Markaziy bank, Aloqabank, Milliybank va boshqalar mutasaddilar ishtirok etdi.

Mavzuga oid