13:30 / 25.06.2024
5558

Rafahda yo‘q qilingan HAMAS brigadasi, Rossiyaga qarshi sanksiyalar va Tojikistonda marosimlar uchun jarimalar - kun dayjesti

 O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil Rafahdagi HAMAS bo‘linmasi deyarli yo‘q qilinganini e’lon etdi. Isroil tomoni iddaosiga ko‘ra, harbiylar ko‘plab infratuzilma obektlarini yo‘q qilgan va hamaschilarni o‘ldirgan.

«Rafahdagi janglarda katta muvaffaqiyatlarga erishdik. Biz Rafahda joylashgan HAMAS brigadasini butunlay yo‘q qildik, deb ayta oladigan paytga yaqinlashmoqdamiz», degan Isroil armiyasi bosh shtabi boshlig‘i Hersi Halevi.

24 iyun kuni Knessetda so‘zlagan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu yana bir bor «Isroil garovga olinganlarning barchasini qaytarmaguncha urushni tugatmaydi», degan.

«HAMAS guruhini yo‘q qilmagunimizcha va janubdagi odamlarni uylariga qaytarmagunimizcha urushni to‘xtatmaymiz», dedi u.

Ammo avvalroq Netanyahu HAMAS tomonidan garovga olingan bir qator odamlarni qaytarish evaziga G‘azodagi jangovar harakatlarni vaqtincha to‘xtatishga tayyorligini bildirgan edi.

Urushning 262-kuniga kelib, G‘azoda halok bo‘lgan falastinliklar soni 37 ming 626 kishiga yetdi. 86 ming 98 kishi yarador bo‘lgan.

So‘nggi bir sutka ichida isroillik harbiylar 3 ta ommaviy qirg‘in o‘tkazib, 28 kishining halok bo‘lishiga va 66 kishining yaralanishiga sababchi bo‘ldi.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar

Yevroittifoq kengashi Rossiyaga qarshi 14-sanksiyalar paketini ma’qulladi. Boshqa sanksiyalar bilan bir qatorda, 116 jismoniy va yuridik shaxslar uchun cheklovlar joriy etildi. Yangi paketning asosiy bandlaridan biri Rossiyada ishlab chiqarilgan suyultirilgan tabiiy gazga oid: uning Yevropa portlari orqali tranzitiga cheklovlar kiritildi.

Biroq, Rossiya Federatsiyasidan Yevropa Ittifoqi davlatlarining o‘ziga STG yetkazib berishni taqiqlash joriy etilmagan.

Shuningdek, neft va neft mahsulotlari narxlari chegarasini chetlab o‘tish uchun foydalanilgan Rossiya flotining 27 tankeriga, xususan, qurol-yarog‘ yoki Ukrainaga tegishli g‘allani tashishda foydalanilgan kemalarga nisbatan ham sanksiyalar e’lon qilindi.

«Ushbu chora-tadbirlar Rossiya iqtisodiyotining energetika, moliya va savdo kabi qimmatli tarmoqlarini nishonga olishga mo‘ljallangan va Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tishni yanada qiyinlashtiradi», — deyiladi press-relizda.

Yevropa Ittifoqi 55 jismoniy va 61 yuridik shaxsga nisbatan ham sanksiyalar kiritdi. Yuridik shaxslar yoki kompaniyalar Rossiya harbiy-sanoat majmuasini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlagani uchun ro‘yxatga kiritilgan: gap uchinchi mamlakatlar — Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va BAA kompaniyalari haqida ham ketyapti.

«Rossiya SWIFT’i» deb ataluvchi, Markaziy bank tomonidan yaratilgan va Rossiya bilan ba’zi operatsiyalar amalga oshiriladigan moliyaviy xabarlarni uzatish tizimi ham sanksiyalar ostida qoldi.

Bu orada, Xitoyning eng yirik banki — Bank of China sanksiyalar ostidagi Rossiya banklari bilan operatsiyalarni cheklaganini e’lon qildi. Bank of China’ning Rossiyadagi shu’basi AQSh sanksiyalari ostidagi RF banklariga yuandagi to‘lovlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatishdan bosh tortdi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi 25 iyundan boshlab Rossiyaning bir qancha saytlarini bloklashini e’lon qildi. «RIA Novosti», «Izvestiya», «Rossiyskaya gazeta» va «Voice of Europe» saytlariga kirish yopiladi.

Cheklovlar «Rossiyaning Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtiruvchi harakatlari» munosabati bilan qabul qilingan.

Yevropa Ittifoqi bayonotida qayd etilishicha, Rossiya davlati nazoratidagi ommaviy axborot vositalari propaganda bilan shug‘ullanadi va «Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushini qo‘zg‘atish va qo‘llab-quvvatlash, qo‘shni mamlakatlardagi vaziyatni beqarorlashtirishda muhim rol o‘ynaydi».

Dahshatli yong‘inlar

Moskva oblasti Fryazino shahridagi «Platan» ilmiy-tadqiqot instituti hududida ro‘y bergan yong‘in sakkiz kishini hayotdan olib ketdi.

Binoning to‘rt qavati yonib ketgan. Ichkarida qolib ketganlar bir necha soat davomida derazada yordam kutishgan, ammo o‘t o‘chiruvchilar ularga yetib bora olmagan. Yong‘inni o‘chirish chog‘ida ikki qutqaruvchi ham jarohatlangan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, binoda jami to‘qqiz kishi bo‘lgan, shundan faqat bir kishi qutqarilgan. U shifoxonaga yotqizilib, sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan. Shuningdek, ikki o‘t o‘chiruvchi is gazidan zaharlanish belgilari bilan shifokorlarga murojaat qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda ichkarida qolib ketgan odamlar bino derazalarini sindirayotgani aks etgan. Keyinroq ikki kishi 6 va 7-qavatdan o‘zini pastga tashlab halok bo‘lgani aks etgan videolar tarqaldi, qolganlar is gazidan bo‘g‘ilib jon bergan yoki olovda yonib ketgan.

«Interfaks» agentligi favqulodda xizmatlarga asoslanib sodir bo‘lgan voqea sabablari bo‘yicha turli versiyalar ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan. «Birinchi navbatda — elektr simlaridagi qisqa tutashuv va jihozlar nosozligi», deyiladi xabarda.

24 iyun kuni yirik yong‘in Janubiy Koreyada ham ro‘y berdi. Bu mamlakatdagi litiy batareyalari ishlab chiqariladigan zavodda chiqqan yong‘in kamida 22 kishini hayotdan olib ketdi.

Yong‘in Seuldan taxminan 45 km janubda joylashgan Kvasong shahridagi Aricell zavodida batareyalar portlashidan boshlangan.

Mahalliy televideniye e’lon qilgan kadrlarda tutun buluti va kichik portlashlarni ko‘rish mumkin, portlashlar o‘t o‘chiruvchilar yetib kelib, ishlayotganida ham davom etgan. Bino tomining bir qismi qulab tushgan.

O‘t o‘chirish xizmati vakili qurbonlarning 18 nafari Xitoy fuqarolari ekanini ma’lum qilgan, yana bir laoslik va ikki nafar janubiy koreyalik ishchi ham halok bo‘lgan. Hozircha barcha jasadlarning ham shaxsiga aniqlik kiritilmagan. Shuningdek, kamida yana bir kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Tojikistonda marosimlar uchun jarimalar

Tojikistonda marosimlar va udumlarni buzganlik uchun katta jarimalar joriy etildi.

Yaqinda Tojikistonda «marosimlar, tantanalar va udumlarni tartibga solish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan. Uning to‘liq matni hukumat muassisligidagi «Jumhuriyat» gazetasida e’lon qilindi va shu bilan qonun rasman kuchga kirdi.

Qonunga ko‘ra, tug‘ilgan kun, to‘y va ma’rakalarni o‘tkazish bilan bog‘liq qoidabuzarliklar uchun to‘yxonalarga 108 ming somoniygacha jarima solish nazarda tutilgan. Bu qariyb 10 ming AQSh dollari bo‘ladi.

Jumladan, tug‘ilgan kun va janoza marosimlari bilan bog‘liq tadbirlarda belgilangan qoidalarni buzganlik uchun 807 dollardan, mansabdor shaxslar esa 2354 dollargacha jarima to‘laydi.

To‘y marosimlari uchun joriy qilingan tartiblar — belgilanganidan ko‘p mehmon aytish, to‘yni o‘tkazish vaqti va joyi bo‘yicha qoidalarni buzish bilan bog‘liq qoidabuzarliklar uchun fuqarolar 1479 dollardan boshlab, mansabdor shaxslar 3700 dollargacha jarima to‘laydi.

To‘yxona egalari va artistlar uchun ham alohida jarima belgilangan: ular 2017 dollardan 10 ming dollargacha jarima to‘lashadi.

Shuningdek, noqonuniy haj va umra ziyoratiga borganlar ham jarimaga tortiladi. Oddiy fuqarolar 2000 dollardan boshlab, mansabdor shaxslar esa 5380 dollargacha jarima to‘lashadi.

Biroq, qonun yo‘li bilan taqiqlangan boshqa huquqbuzarliklar, masalan «milliy madaniyatga yot liboslar kiyganlik» va hayit kunlari xonadonlarni aylanib sovg‘a yig‘ish — «iydgardak» uchun jarimalar miqdori ko‘rsatilmagan.

Shuningdek, qonunning yakuniy ko‘rinishida aynan qaysi kiyimlar «milliy madaniyatga yot liboslar» ekanligiga aniqlik kiritilmagan.

Yilning eng yaxshi aviakompaniyalari

Britaniyaning Skytrax konsalting kompaniyasi eng yaxshi aviakompaniyalarning yangi reytingini taqdim etdi. Nufuzli reytingda Qatarning 1993 yilda tashkil etilgan Qatar Airways aviakompaniyasi reytingda g‘olib bo‘ldi.

Ikkinchi o‘rinni Singapurning Singapore Airlines, 3-o‘rinni BAAning Emirates aviakompaniyasi egalladi.

Baholash 100 ta davlatdan 21 milliondan ortiq mijoz o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovga asoslangan.

Ayni paytda Qatar Airways aviaparki 230 ta samolyotdan iborat. Unda, jumladan, ulkan Airbus A380, eng yangi Airbus A350 va Boeing 787 samolyotlari ham bor.

Shunisi e’tiborliki, dastlabki olti o‘rinni Osiyo davlatlari aviakompaniyalari band etishgan. Yettinchi o‘rinda Turkiyaning Turkish Airlines aviakompaniyasi egallagan. U to‘qqizinchi marta Yevropaning eng yaxshi aviakompaniyasi nomiga sazovor bo‘lmoqda. Umuman, reytingdagi eng top 20 ta aviakompaniyalardan 13 tasi Osiyo davlatlariga tegishli.

Markaziy Osiyo va MDH davlatlari ichida esa Azerbaijan Airlines 13-marta eng yaxshi aviakompaniya, deb topilgan.

Top