Jahon | 20:01 / 31.10.2023
28841
7 daqiqa o‘qiladi

Vizasiz AQSh-Rossiya, o‘tmishga sayohat qildiradigan va hatto to‘shaklarni ikkiga bo‘lgan chegaralar haqida

Davlat chegaralari deganda tikanli sim bilan o‘ralgan hududlar, harbiylar bilan qo‘riqlanadigan sarhadlar va pasport nazorati nuqtalari ko‘z oldimizga keladi. Biroq dunyoda shunday chegaralar borki, ular odatiy tasavvurlarimizni parchalab yuboradi. Kun.uz bu safar dunyoning antiqa chegaralari haqida hikoya qiladi.

Qirg‘izistondagi O‘zbekiston

Uzoqqa bormay, o‘zimizdan boshlasak. Dunyo mamlakatlarining g‘ayrioddiy sarhadlari xaritasida O‘zbekistonning shimoli-sharqiy hududlari ham antiqa chegaralar ro‘yxatiga kiritilgan. Mamlakatimizning So‘x, Shohimardon, Cho‘ng‘ara kabi bir necha ekslavlarini atrofi Qirg‘iziston bilan o‘ralgan “kichik O‘zbekiston” deyish mumkin.

AQSh-Rossiya: vizasiz chegara

Amerika Qo‘shma Shtatlari deganda biz Atlantika okeani ortidagi g‘arbiy olis mamlakatni tasavvur qilamiz. Sharq tomonda ham, aniqrog‘i kunning boshlanish qismida AQSh va Rossiyaning Bering bo‘g‘ozi orqali o‘tgan davlat chegaralari joylashgan. Katta va kichik Diamid nomlarini olgan ikki orol mos ravishda Rossiya va AQSh hududlari hisoblanib, u yerlarda azaldan eskimos qabilalari, qadimgi turkiylar yashab kelgan.

20-asrda chegaralar aniq bo‘lgach, ikki tarafga bo‘lingan eskimoslarning aloqalari uzilib qoladi. Ammo 1989 yilgi kelishuvlardan so‘ng ikki hududdagi qarindoshlar bir-birlarini vizasiz rejim asosida ko‘rib kelishlariga ruxsat beriladi. Bu sarhadning g‘aroyibligi shundaki, dunyoning vaqt zonasi aynan shu yerdan boshlanadi. Ya’ni Katta Diamiddan boshlanadigan vaqt belbog‘i 21 soatdan keyin, ertasi kuni Kichik Diamidga yetib keladi. Qish oylarida Bering bo‘g‘ozi suvlarining muzlashi ortidan AQSh-Rossiya orasida 4 kilometrli quruqlik yo‘li hosil bo‘lib, Rossiyadan u yoqqa borganlar kechagi sanaga tushib qoladi.

Ispaniya-Portugaliya: vaqtlararo sayohat

Yevropa Ittifoqida chegaralarsiz u davlatdan bunisiga o‘taverishni hamma biladi. Ammo Gvadiana daryosi uzra o‘rnatilgan transchegaraviy arqon yo‘li orqali Ispaniyadan Portugaliyaga bir daqiqadan ham kam bo‘lgan vaqtda yetib borish mumkinligi u yoqda tursin, siz o‘tmishga sayohat qilishingiz ham mumkin.

Gap shundaki, daryoning ikki qirg‘og‘idagi Ispaniyaning Sanlukar de Gvadiana hamda Portugaliyaning Alkotin shaharlari vaqt zonasida joylashgan bo‘lib, agar siz 16:00 da arqon yo‘li orqali Portugaliyaga uchib o‘tsangiz, Alkotinda soat hali 15:00 bo‘ladi. Bir necha soniyalarda siz 59 daqiqa orqaga qaytishingiz mumkin. Lekin bu bilan o‘zingizni alday olmaysiz. Chunki sizni Ispaniyada o‘sha bir soat kechki vaqt kutadi. Agar uddalay olsangiz, marhamat, vaqt zonalari bo‘ylab, davlatma-davlat soatlarni quvlab, sayohat qilishingiz mumkin.

Shveytsariya-Fransiya: bir to‘shakdagi ikki davlat

19-asrda Fransiya va Shveytsariya o‘rtasidagi belgilab kelinayotgan chegara o‘zgarishlaridan foydalanib qolish maqsadidagi Pontus ismli mahalliy tadbirkor chiziq chizilishi mumkin bo‘lgan hududga oziq-ovqat do‘koni qurib oladi. Ikki davlat sarhadlari esa buzilmagan shu bino orqali o‘tib ketadi. La Kyure qishlog‘idagi Arbez nomli ushbu do‘kon keyinchalik geosiyosiy hamda strategik vazifani bajarib, Ikkinchi jahon urushi davrida natsistlardan qochgan fransiyalik qochqinlarning 2-qavatda joylashgan “betaraf Shveytsariya”da jon saqlashlarini ta’minladi. Dushman 1-qavatdagi Fransiyadan yuqoridagi Shveytsariyaga o‘tolmay, qaytib ketadi.

Arbez nomli mehmonxonaga aylantirilgan 2 qavatli bino bugun Shveytsariya va Fransiyadagi sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan manzilga aylanib, u yerda siz bir kechangizni ikki davlatda o‘tkazishingiz mumkin. Mehmonxonaning ayrim xonalari chegara chizig‘i ustidan o‘tgan bo‘lib, bu chiziq qavatlar va ovqatlanish hududidan tashqari hatto bir necha xonalardagi to‘shaklarni ham ikkiga ajratib turadi.

AQSh-Kanada: “Mastlikda bo‘lingan chegara”

Kanyuza prospekti. Ko‘chaning bir tomoni AQSh Vermont shtatidagi Derbi layn shahri bo‘lsa, ikkinchi tomoni Kanada Kvebek shtatining Stensted shahri. Bu hududda chegara tasavvurimizdagi baland simli devorlar bilan emas, shunchaki yo‘l orqali yoki mahalliy aholi ta’biri bilan aytganda, gul tuvaklari bilan ajratilgan.

3 asr oldin belgilangan bu chegara nima uchun shaharning o‘rtasidan o‘tkazilganini hech kim bilmaydi. Kimdir buni xarita tuzish xatosi desa, yana kimdir bo‘linish chiziqlarini xaritaga tushirishda tadqiqotchilar mast bo‘lishgan, degan fikrni ham ilgari suradi. Chunki qora hoshiya yo‘ldan tashqari uylar, hovlilar, jamoat kutubxonasi orqali ham o‘tib ketadi. Har ikki davlatga tegishli bo‘lgan Xaskell nomli kutubxona va opera teatrida mehmonlar bir xonada ikki davlat kitoblarini o‘qishlari, teatrda esa amerikalik tomoshabin sifatida Kanada sahnasidagi aktyorlar chiqishlarini tomosha qilishlari mumkin.

Belgiya-Niderlandiya: qonundagi bo‘shliqlardan foydalanish “imkoniyati”

Bir qaraganda bu chegarani payqab bo‘lmaydi. Chunki bu yerlik bo‘lmaganlar agar yo‘llardagi xoch tasviri tushirilgan belgi hamda Belgiya va Niderlandiya qisqartmali yozuvlarini ko‘rishmasa, arxitektura jihatidan ikki davlat bir-biridan deyarli farq qilmaydi.

Ammo muammolar yetarligina. Masalan, qurilish, yo‘l, suv oqova, suv ta’minotini ta’mirlashga kelganda yaxlitlashib ketgan bu ikki hududda ruxsatnoma masalasi davlat darajasiga chiqib, tomonlar muhokama stoli atrofida kelishib olishadi. Bundan boshqa g‘aroyib holatlar ham ko‘p. Olaylik, tadbirkorlar soliqlarni aylanib o‘tish maqsadida kirish eshigini qo‘shni davlatdan ochib, qonundagi bo‘shliqlardan foydalanishlari; bir ko‘chaning yarmida yakshanba kuni do‘konlar va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari faoliyat ko‘rsatsa, 2-davlatdagi dam olish sababli ularning hech biri ishlamasligi mumkin. Yoki pirotexnikaga betoqat Gollandiyada yashovchilar tug‘ilgan kun va bayramlarini bularga ruxsat etilgan Belgiyada nishonlab qaytishlari ham bor gap.

Vatikan-Italiya: shahar ichidagi davlat

Dunyoning eng mitti shahar-davlati – Vatikan. Geografik jihatdan Italiya poytaxti Rim shahri anklavi hisoblangan bu davlatning umumiy maydoni 49 gektarni tashkil qiladi. Aholisi esa 1 ming kishi ham chiqmaydi. Dengizga chiqmasligi va shahar ichida joylashgan mamlakat ekani bilan ham Vatikan dunyoning antiqa chegarali davlatlaridan biriga misol bo‘ladi. 

Sardorbek Usmoniy tayyorladi.

Mavzuga oid

E`lonlar