Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Vengriyada Putin bilan uchrashishini e’lon qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp 16 oktyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashdi. «Bugungi telefon orqali muloqotda katta siljish bo‘ldi, deb o‘ylayman», deb yozdi Tramp.
Foto: AFP/Getty Images
Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, muloqot juda samarali bo‘ldi.
«Men hozirgina Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotimni yakunladim va bu juda samarali bo‘ldi. Prezident Putin meni va Qo‘shma Shtatlarni Yaqin Sharqda yuz yillar davomida orzu qilingan Tinchlikning buyuk yutug‘i bilan tabrikladi. Aslida, Yaqin Sharqdagi Muvaffaqiyat Rossiya/Ukraina bilan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarimizga yordam berishiga ishonaman», deb yozdi Tramp.
Uning ta’kidlashicha, Putin birinchi xonim Melaniyaga [ukrainalik] bolalar taqdiri bilan shug‘ullanayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
«U juda minnatdor bo‘ldi va bu davom etishini aytdi. Biz, shuningdek, Ukraina bilan urush tugagach, Rossiya va AQSh o‘rtasidagi savdo haqida ko‘p gaplashdik», deb yozdi Tramp.
Oq uy rahbarining ta’kidlashicha, kelasi haftada AQSh-Rossiya oliy darajadagi maslahatchilar uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
«Suhbat yakunida biz kelgusi hafta Oliy darajadagi maslahatchilarimizning uchrashuvi bo‘lib o‘tishiga kelishib oldik. Qo‘shma Shtatlarning dastlabki uchrashuvlarini Davlat kotibi Marko Rubio boshqa turli odamlar bilan birgalikda olib boradi. Uchrashuv joyi aniqlanishi kerak», deb yozdi Tramp.
AQSh prezidenti Vengriya poytaxti Budapeshtda Putin bilan uchrashishini ham e’lon qildi.
«Keyin prezident Putin va men kelishilgan joyda, Vengriyaning Budapesht shahrida uchrashib, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi bu «sharmandali» urushga chek qo‘ya olamizmi yoki yo‘qligini ko‘rib chiqamiz. Prezident Zelenskiy va men ertaga Oval kabinetda uchrashamiz, u yerda prezident Putin bilan suhbatimizni va boshqa ko‘p narsalarni muhokama qilamiz. Bugungi telefon orqali muloqotda katta siljish bo‘ldi, deb o‘ylayman», deb yozdi Tramp.
Mavzuga oid
23:45 / 21.12.2025
Mirziyoyev, Rahmon va Japarovga Tolstoy nomidagi tinchlik mukofoti topshirildi
14:06 / 21.12.2025
AQSh harbiylari Venesuela sohillari yaqinida yana bir neft tankerini qo‘lga oldi
23:40 / 20.12.2025
Netanyahu Tramp bilan Eronga yana hujum qilish masalasini muhokama qilmoqchi
16:05 / 20.12.2025