O‘zbekiston | 09:13 / 27.01.2021
8949
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'lim vazirligi ayrim OTMlar talabalari orasida koronavirus aniqlangani va fakultetlar yopilgani haqidagi xabarlarni rad etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda ba'zi oliy ta'lim muassasalari (O‘zMU, TDShU, FarPI, TATU Samarqand filiali) talabalari orasida koronavirus aniqlangani hamda fakultet va yotoqxona qavatlari dezinfeksiya uchun yopilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. 

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi ushbu xabarlar yuzasidan maxsus axborot bilan chiqdi. Unda aytilishicha, bu kabi xabarlar asossizdir.

“Aytish joizki, xabarda ko‘rsatilgan oliy ta'lim muassasalari  talabalari orasida ayni kunlarda koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan va birorta ham talabalar turar joyi binosi yopilmagan”, - deyiladi axborotda

Vazirlik tekshirilgan, asoslangan ma'lumotlarni e'lon qilish – eng muhim jihat va jurnalistikaning “oltin qoida”si ekanini eslatib o‘tgan.

“Shuning uchun xabarlarni tarqatishdan avval biroz sabr qilib, aniqlik kiritib, keyin e'lon qilish, juda ham zarur bo‘lmasa, bu turdagi sovuq xabarlarni ommalashtirishdan tiyilish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz!

Chunki, noto‘g‘ri talqin qilingan, hali to‘liq aniqlik kiritilmagan, shoshilinch tarzda tarqatilgan kichik bir xabar minglab yoki millionlab insonlarda xavotir uyg‘otishi tabiiy, albatta. Nafaqat xavotir uyg‘otadi, balki shu kasallik o‘zida bor yoki yo‘qligi haqida shubha-gumonga borib, qo‘shimcha kasalliklar orttirib olishiga sababchi bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga asossiz va yolg‘on axborotni tarqatganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida ma'muriy va jinoiy javobgarlik normalari belgilanganini unutmang!

Qolaversa, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda oliy ta'lim muassasalari bu kabi (kasallik aniqlanishi) holatlar jiddiy tus olib, keng tarqala boshlasa, ularni yashirishdan manfaatdor emas.

Vazirlik Axborot xizmati bugun ham, kelajakda ham ijobiy xabarlarni tarqatishda hamkorlik qilishga tayyorligini ma'lum qilamiz”, - deyiladi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi axborotida.

Mavzuga oid