O‘zbekiston | 13:11 / 08.11.2025
3407
7 daqiqa o‘qiladi

Narkojinoyatlar uchun javobgarlik choralari kuchaytiriladi

Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va millat genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli alohida yangi bo‘lim kiritiladi. Ayrim turdagi narkojinoyatlar uchun yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi.

Prezidentning “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi keskin kurashish faoliyatini amalga oshirishga mas’ul davlat organlari va tashkilotlarining ustuvor vazifalari belgilab berildi. Ular quyidagilar iborat:

a) ta’lim muassasalarida, o‘quvchi va talabalar orasida psixofaol moddalarning tarqalishiga batamom chek qo‘yish, yoshlarda giyohvandlik illatiga murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni kompleks ravishda amalga oshirish;

b) giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar noqonuniy aylanmasiga qat’iy jinoiy-huquqiy mexanizmlar orqali barham berish, bu boradagi jazo choralarini keskin kuchaytirish hamda yoshlarga nisbatan sodir etiladigan narkojinoyatlar uchun javobgarlikni og‘irlashtirish;

v) giyohvandlik vositalarini respublika chegarasidan olib kirish yo‘nalishlarini, internet tarmoqlari orqali tarqatish harakatlarini, noqonuniy narkolaboratoriyalarni va narkojinoiy uyushmalarni, shu jumladan, ularga homiylik qilayotgan mansabdor shaxslarni aniqlash, ular faoliyatiga chek qo‘yish hamda jazo muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli tezkor-qidiruv va tergov faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

g) giyohvandlik vositalarini tayyorlash uchun foydalanish mumkin bo‘lgan kimyoviy moddalar (prekursorlar) aylanmasi ustidan qat’iy davlat nazoratini o‘rnatish, giyohvandlik vositalaridan tibbiyotda foydalanuvchi tibbiyot muassasalari, farmatsevtika korxonalari va dorixonalarning faoliyatini nazorat qilish amaliyotiga raqamli yechimlarni joriy etish;

d) aholi, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar orasida giyohvandlik hamda zaharvandlikni tashxislash, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarni belgilash.

Qayd etilishicha, uyushgan narkojinoyatchilikka jinoiy-huquqiy mexanizmlar orqali qarshi kurashish faoliyatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va millat genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli alohida yangi bo‘lim kiritiladi. Shuningdek, narkojinoyatlarning yangi shakllari, usullari va uyushganlik darajasidan kelib chiqib, quyidagi qilmishlar uchun yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi:

  • narkojinoiy uyushma tashkil etish va uning faoliyat yuritishini ta’minlash, shuningdek, giyohvandlik vositalarini uyushgan guruh tomonidan transchegaraviy usullarda yoki internet tarmog‘idan foydalanib o‘tkazish;
  • giyohvandlik vositalarini noqonuniy muomalaga kiritishga hokimiyat (mansab) vakolatlarini suiiste’mol qilish yo‘li bilan homiylik (rahnamolik) qilish yoki bunday jinoyatlar fosh bo‘lishining oldini olish maqsadida xabar berish;
  • g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish va uning faoliyat yuritishini ta’minlash.

Bundan taqshari, giyohvandlik vositalarini jamoat joylarida iste’mol qilganlik uchun o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini qo‘llashni nazarda tutuvchi ma’muriy javobgarlik kiritiladi.

Narkojinoyatlar sodir etilishi va qayta sodir etilishining oldini olish maqsadida quyidagi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik choralarini ikki baravargacha og‘irlashtiriladi:

  • giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ko‘p miqdorda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, shuningdek, ularni noqonuniy ravishda ko‘p miqdorda har qanday usulda o‘tkazish;
  • kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni ta’lim tashkilotlarida, ozodlikdan mahrum qilish joylarida, internet tarmog‘idan foydalanib, xavfli yoki o‘ta xavfli retsidivist tomonidan muomalaga kiritish, shuningdek, ularni ko‘p miqdorda kontrabanda qilish;
  • alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasini (o‘tkazish maqsadisiz) ko‘p miqdorda va takroran sodir etish;
  • giyohvandlik vositalarini har qanday shaklda iste’mol qilishga jalb etish odam o‘limiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lganda.

Voyaga yetmaganlarni va yoshlarni narkojinoyatlardan himoya qilish maqsadida har qanday narkojinoyatni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan yoki ularni jalb qilgan holda sodir etish jinoiy javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holati sifatida qayd etiladi. Voyaga yetmagan shaxsni kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb qilganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilanadi. Qolaversa, ta’lim tashkilotlari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlarida yoki ta’lim tashkilotlariga tutash hududlarda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari ikki baravargacha og‘irlashtiriladi. Voyaga yetmagan shaxslarni kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni aynan ta’lim tashkilotlari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlarida yoki ularga tutash hududlarda iste’mol qilishga jalb qilganlik uchun o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlik kiritiladi.

Shuningdek, ayrim narkojinoyatlarni sodir etgan shaxslarni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilmaslik tartibi joriy etiladi.

Farmon bilan Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi tasdiqlandi. Milliy dastur ijrosini tizimli ravishda nazorat qilib borish maqsadida Prezident Administratsiyasi huzurida faoliyat ko‘rsatuvchi Respublika idoralararo muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh tuzildi.

Hujjatda 2026 yil 1 iyulga qadar Internet tarmog‘idagi narkodo‘konlarni hamda giyohvandlik vositalarini tarqatish holatlarini sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida aniqlash va bloklashga mo‘ljallangan dasturlarni ishlab chiqish bo‘yicha yoshlar o‘rtasida xakaton o‘tkazish hamda eng maqbul takliflarni tanlab olib, amaliyotga joriy qilish ham nazarda tutilgan.  

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid