Alixo‘ja, Xo‘jaali? QQS va Foyda solig‘idagi o‘zgarishlar haqida
Tadbirkorlar 1 oktabr sanasini o‘zgacha hayajon bilan kutishayotgandi, desam mubolag‘a emas. Bojxona stavkalaridagi o‘zgarishlar, ba'zi imtiyozlarning yo‘qolishi, shuningdek, importyorlarning umumiy tovar aylanmasidan qat'i nazar, QQS to‘lashga o‘tkazilishi va boshqa o‘zgarishlar yashab yurgan hayotimizda trend yaratmasa-da, biznes olami uchun katta voqeliklar hisoblanadi. Barcha hisob kitobga sho‘ng‘igan, kimdir o‘sha kungacha imkon qadar «ishlab olish»ni niyat qilsa, boshqasi, aksincha, ana endi hammasi adolatli bo‘lishini, sof raqobatni kutmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yana bir qarorning imzolanishi, ya'ni, QQS stavkasi 20 foizdan 15 foizga tushirilishi esa vaziyatni yanada qalqitdi. Bu biznes uchun, o‘z navbatida, iste'molchilar uchun ham juda yaxshi xabar, ideal sharoitda, nazariy tarafdan, yaratilayotgan har bir mahsulot xarajatlarining 5 foizga tushayotganini bildiradi.
Alixo‘ja, Xo‘jaali?
Bu hammasi emas. 2020 yil 1 yanvardan «Foyda solig‘i» stavkasi 12 foizdan 15 foizga oshirilishi ham ma'lum bo‘ldi. Shundan so‘ng, ba'zilar tomonidan skeptik qarashlar paydo bo‘ldi, ya'ni QQSdagi yengillik foyda solig‘i orqali muvozanatga kelib qolishi mumkinligi haqida fikrlar aytila boshlandi. Xo‘sh, bu o‘zgarishlar aslida tadbirkorlardagi soliq yukini pasaytirmaydimi? Davlat shunchaki, pullarni u cho‘ntakdan bu cho‘ntakka olyapti xolosmi aslida?
Yo‘q albatta, unday emas. Nazariy tomondan sodda tilda tushuntiramiz. Bir korxona xomashyo sotib olib, unga o‘z qiymatini qo‘shadi. Bu qo‘shilgan qiymat tarkibida ish haqi, amortizatsiya, turli to‘lovlar va korxonaning ustama foydasi kiradi. QQS mana shu qo‘shilgan qiymatdan hisoblanadi. QQS 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Foyda solig‘i esa, korxonaning ustama foydasidan hisoblanadi. Ya'ni ko‘rinib turibdiki, QQS bazasi Foyda solig‘i bazasidan kattaroq. Chunki Foyda solig‘i bazasiga ish haqi, amortizatsiya yoki boshqa to‘lov xarajatlari kirmagan.
Tabiiyki, «QQS solig‘i» bazasi har doim «Foyda solig‘i» bazasidan yuqori bo‘ladi, demak QQS tushishi evaziga, teng miqdorda foyda solig‘i oshishi yakunda to‘lanayotgan soliqlar kamayishiga olib keladi. Bu oddiy arifmetika. Buning ustiga, QQS 5 foizga tushirilmoqda, Foyda solig‘i esa, 3 foizga oshmoqda. To‘g‘ri, bu o‘zgarish har xil biznes sub'yektlariga har xil ta'sir qilishi turgan gap, kim uchundir ko‘p, kim uchundir kam, ammo shu narsa aniqki – ularning har biri avvalgiga nisbatan kamroq soliq to‘laydi.
Keling, buni amaliy tomondan ko‘rib chiqamiz. Xarajatlarining tarkibi turlicha bo‘lgan korxonalar misolida, 2019 yil va 2020 yillarni solishtiramiz.
Birinchi namuna. Oddiy ishlab chiqarish yoki savdo korxonasi. O‘rnak sodda va tushunarli bo‘lish uchun xarajatlar tarkibini kamaytirib oldik. Mohiyatan hech narsa o‘zgarmaydi. Xomashyo xarajati deganda, QQS bilan qabul qilinadigan turli moddiy xarajatlarni tushunishingiz mumkin. Shuning uchun, 5-qatordagi «hisobga olinadigan QQS» o‘sha summadan hisoblanyapti.
Ko‘rib turganingizdek, 120 birlik miqdorida realizatsiya qilgan korxonaning sof foydasi ikkinchi variantda ortmoqda. Korxona 2019 yilda QQS va Foyda solig‘i uchun umumiy 14.8 birlik (20-10+4.8) to‘lagan bo‘lsa, 2020 yilda 14.4 birlik (15.6-7.5+6.3) to‘lamoqda. Xarajatlar miqdoridagi farqlarga qarab, bu farq o‘zgarishi mumkin, lekin doim yangi yilda nisbatan kamroq bo‘ladi.
Ikkinchi namuna. Yuqoridagi shartli korxona moddiy xarajatlarni QQS bilan qiladi. Ya'ni, sotib olinadigan xomashyo va xizmatlar QQS to‘lovchilaridan qabul qilingan yoki import amalga oshirilgan. Endi, masalan xomashyoni QQS to‘lovchisi bo‘lmagan korxonalardan sotib oladigan yoki importda QQS imtiyoziga ega bo‘lgan korxona misolida ko‘rib chiqamiz.
QQSni «zachetga olish» imkoniyati yo‘qligidan, bunday korxonalar davlatga ko‘proq QQS to‘lab kelishmoqda. Shuning uchun, QQSning pasayishi ularga yanada yaxshiroq ta'sir qiladi. Natijada 2020 yilgi o‘zgarishlar bunday korxonalarning soliq yukini ko‘proq kamaytiradi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, bu o‘zgarishlardan xomashyoni QQS bilan sotib oladigan korxonalar kamroq, QQSsiz sotib olib yurgan korxonalar esa, ko‘proq yutadi. Shuningdek, xarajatlarida mehnat, ya'ni ish haqida ulushi ko‘proq bo‘lgan korxonalar ko‘proq, xarajatlarda material xarajatlar ulushi kattaroq bo‘lgan korxonalar esa, kamroq yutadilar. Lekin hamma yutadi.
O‘zgarishlar iqtisodiyotimizga nima beradi?
Birinchidan, yuqorida aytilganidek, soliq yuki kamayishi, aynan erkin raqobat sharotida narxlar tushishiga olib keladi. Soliqning kamayishi faqat tadbirkorning cho‘ntagiga kirmaydi. Chunki boshqa raqobatchi kamroq foydaga rozi bo‘lishi va narxni tushirish imkoniyatidan foydalanishi mumkin.
Ikkinchidan, Foyda solig‘ining ulushi QQSga nisbatan oshib borishi iqtisodiyotning legallashuviga ham o‘ziga xos chaqiruvdir. Chunki QQS stavkasi pasayishi natijasida yashirin iqtisodiyot ehtiyojini pasaytiradi. Foyda solig‘i stavkasi oshishi esa, korxonada xarajatlarni oshirish, boshqacha qilib aytganda, ba'zi yashirin xarajatlarni legallashtirishga undaydi. Aytaylik, real ish haqini «konvert»da berib, hisobotlarda kamroq ko‘rsatish amaliyoti kamayishi mumkin. Sababi, ish haqining to‘liq ko‘rsatilishi orqali xarajatlar oshadi, bu esa to‘lanadigan «Foyda solig‘i»ni kamaytiradi. To‘g‘ri, ish haqidan to‘lanadigan ijtimoiy to‘lov va daromad solig‘i (jami 24 foiz) 15 foizli foyda solig‘iga nisbatan ko‘proq. Ammo ish haqini yashirishdan qo‘lga kiritiladigan summa avvalgi holatdan ko‘ra 3 foizga kamaymoqda, deyish mumkin.
Uchinchidan.
Bu eng muhimi. Nafaqat QQS stavkasidagi o‘zgarishlar, balki bojxona imtiyozlarining bekor qilinishi, hamda barcha importchilarning QQS to‘lovchisi sifatida qayd etilishi erkin raqobatni yuzaga keltirish uchun tashlangan yaxshi qadamdir. Ma'lumki, shu paytgacha ba'zi xomashyolarga nisbatan Bojxona imtiyozlari mavjud edi, ya'ni import qilinayotganda QQS ham to‘lanmasdi.
Bu bir qaraganda, juda katta imtiyozga o‘xshasa-da, aslida, masalan QQS to‘lovchisi bo‘lgan korxona uchun foydasi bo‘lmagan. QQS to‘lovchisi bo‘lgan A korxona imtiyozli xomashyoni import qilayotganda, bojxonada to‘lov amalga oshirmaydi. Ammo o‘sha xomashyo bilan ishlab chiqargan mahsuloti uchun Soliqqa QQS to‘laydi. Endi o‘sha xomashyo imtiyozsiz bo‘lganidachi? A korxona ma'lum miqdorda QQSni bojxonada to‘laydi va Soliqqa QQS hisoblayotganda, o‘sha summani chegirib hisoblaydi. Bo‘ldi. Har ikki variantda ham to‘lanadigan umumiy QQS summasi o‘zgarmaydi.
Imtiyozdan esa, asosan B, QQS to‘lovchisi bo‘lmagan korxonalar foydalanib qoladi. Chunki ular bojxonadan xomashyoni QQSsiz olib chiqishadi, keyin mahsulot sotayotganda ham atigi 4 foiz Yagona soliq to‘lashadi. Ya'ni ayni ishni qilayotgan A va B korxonalarning soliq yuki o‘rtasida juda katta farq yuzaga kelayotgandi.
Natijada, korxonalar kengayishni istamagan, imkon qadar QQS to‘lovchisi bo‘lishdan qochishgan, tushumlarni yashirishga o‘tishgan. Har oyda yangi firma ochib, aylanma bir milliard so‘mga yetmasdan, yangisini ishlatish holatlari ko‘paygan. Bu bir tomondan, budjetga tushumlarni kamaytirsa, ikkinchi tomondan, QQS to‘lovchisi bo‘lgan va shaffof ishlashga harakat qilgan korxonalar pand yeb qolavergan.
Xuddi shunday farqni Soddalashtirilgan QQS tizimi ham paydo qilayotganini avvalroq e'lon qilingan «Soddalashtirilgan QQS – yashirin iqtisodiyot uchun taklif» maqolasida ham aytib o‘tgandim.
Xulosa
Erkin raqobat sharoitida, xarajatlarning kamayishi nafaqat tadbirkor foydasining oshishi, balki narxlar tushishiga ham sababchi bo‘ladi. Ya'ni davlat biznesni qo‘llash orqali nafaqat tadbirkorlarni, balki butun mamlakat aholisini ijtimoiy himoya qilayotgan bo‘ladi. Narxlarning pasayishi aholining to‘lov qobiliyatini oshiradi, bu savdoni, o‘z navbatida, budjetga tushumlarni ham ko‘payishiga olib kelishi kerak. Ya'ni soliq stavkasini pasaytirish orqali Davlat aslida, tadbirkor foydasiga qandaydir summadan voz kechmaydi. Aksincha, shunday qarorlar orqali, tadbirkorlikni rivojlantirishni ko‘zda tutadi va shu tariqa budjetga tushumlarning oshishidan umid qiladi.
Ammo buning sharti aynan erkin iqtisodiyot sharoiti ham bo‘lishidir. Davlat tadbirkorlikni rivojlantirish uchun bir qarorni chiqarib, yana boshqa tomondan, erkin bozor shartlariga zid bo‘lgan boshqa qarorlarga ko‘z yumsa, zanjir uziladi. Aslida ishlashi kerak bo‘lgan juda ko‘p iqtisodiy qonunlar ishlamaydi, teskari effekt beradi.
Umid qilamizki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, soliq tizimidagi o‘zgarishlar korrupsiya, monopoliya va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash bilan bog‘liq holda, aholi manfaatlarini eng yuqoriga qo‘yish prinsiplari asosida amalga oshib boradi. Aks holda soliqlar pasayishining birdan bir ta'siri budjet kamomadida namoyon bo‘ladi, xolos.
Qahramon Aslanov
Mavzuga oid
10:23 / 13.12.2024
Import qilishda QQSni o‘zaro hisobga olish tartibini qo‘llash kengaytirildi
08:40 / 09.09.2024
Eksport qiluvchilar uchun QQS qoplash tartibi soddalashtirildi
13:50 / 05.09.2024
XMT loyihalariga yetkazilgan tovarlar uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga QQS qaytariladi
07:53 / 04.09.2024