Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“O‘rnatilganidan beri ishlaganini ko‘rmadik” – metrolarda elektron ko‘taruvchi qurilmalar nega ishlamayapti?
Yaqinda Toshkentning ayrim metro bekatlari va yerosti yo‘laklarida Osten brendining maxsus ko‘tarish qurilmalari o‘rnatilgandi. Zinadan tushishga qiynaluvchi yo‘lovchilarga yordam berishi kerak bo‘lgan bu uskunalar noma’lum sabablarga ko‘ra ishlamayotgani aytilmoqda. Kun.uz vaziyatni o‘rganib ko‘rishga urindi.
Poytaxtda ayrim metro bekatlarining kiraverishi yoki yerosti yo‘laklarda “Osten” yozuvi tushirilgan ko‘tarish uskunalariga ko‘pchilikning ko‘zi tushgan bo‘lsa kerak. Asosiy vazifasi keksa, yosh bolali yoki nogironligi bor – umuman zinadan pastga tushishga qiynaluvchi yoki imkoniyati yo‘q yo‘lovchilarga yordam berish kerak bo‘lgan bu qurilmalar o‘rnatilganiga ham taxminan 2 oy bo‘lib qoldi.
Kun.uz'ga murojaat qilgan yo‘lovchilardan biri joylarda uskunalar ishlamayotganidan shikoyat qildi. Tahririyat 4 ta: Xalqlar do‘stligi, Beruniy, Hamid Olimjon hamda Buyuk Ipak yo‘li metro bekatlarida bo‘lib, qurilmalardan qanchalik foydalanilyotgani va bu borada odamlarning boxabarligini o‘rganishga urindi.
Aksariyat yurtdoshlarimiz metrodan harakatlanish davomida tez-tez qurilmani ko‘rib turishlari, ammo undan hech kim foydalanmasligini bildirishdi. Quyida so‘rovnomadan ayrim iqtiboslar keltiriladi.
“Doim metrodan foydalanaman, lekin biror marta ishlatilganini ko‘rmadim. Menimcha, bu yo qo‘shilgan, yo qo‘shilmagan hali. Qo‘yilgan-u, ishga tushirilmagan bo‘lsa kerak. Yoki foydalanish uchun qiyinroq bo‘lishi mumkin, ya’ni demoqchi bo‘lganim: kimnidir chaqirib, buni aytib, qo‘shtirguncha undan ko‘ra kimdir ko‘tarib tushirib qo‘yadi. Foydalanishga qulay qilib qo‘yish kerak”.
“Ko‘p metro bekatlaridan yurganman, boshqa metro bekatlarda [ham]. Lekin unaqa yurishganini ko‘rmadim. Bilishmasa kerak-da, tushunishmasa kerak qanaqa ishlatishni”.
“Bu ko‘pincha ishlamaydi. Men ko‘rganman bir-ikki marta [odamlarni pastga ko‘tarib] olib tushishgan, lekin unchalik ishlamaydi ko‘pincha. Bu tokda ishlaydi, tok bu yerda yo‘q. Nimadir bilan buni zaryadka qilish kerak”.
“Chunki hali aholi bilmaydi. Lekin o‘rgatib, shuni tushuntirib o‘tish ham kerak-da. Agar ishlamasa, kerak emas. Lekin ham mana bu nogironlarga qulaylik yaratilayotgani bu juda ham yaxshi. Kerakli narsa. Odamlarga mana shu narsa nima ekanini o‘rgatish kerak-da, nimaga foydalanish kerakligini. Chunki hamma shunday o‘tib ketyapti-da”.
“Nogironlarning tushishini qarang, vaqti kelsa, oyog‘i og‘riyotgan odamlarning tushishi qiyin bo‘ladi. Aravada kim ularni olib tushib qo‘yadi? Yo bo‘lmasa “kolyaska”li bolalilarni ko‘rasiz. Kimdir ko‘tarib olib chiqib qo‘yishi kerak. Ularni ham olib tushishga, masalan, shunga (qurilmaga) “kolyaska”ni qo‘ysa ham, birpasda tushib oladi-da”.
“Endi menga o‘xshab tushunmagani uchun ishlata olmaydi-da. Birorta odam tushganini ko‘rsak, jon deb mazza qilib turamiz, o‘zi olib tushib qo‘ysa, qanday rohat. Masalan, men tushishga oson tushaman, chiqishga qiynalaman, oyog‘im og‘riydi. Shu oyog‘i og‘riganga, yosh bolali borlarga judayam kerak narsa.
Ishlamasa, turaveradi shunday. Davlatimizga, budjetiga zarar. Shuning uchun million-million pul ketdi. Uning o‘rniga boshqa kerakliroq narsa ishlatgan bo‘lardik”.
“Ishlasa, albatta kerak narsa. Chunki odamlar har xil bo‘ladi, yordam beradigan bo‘ladi, bermaydigani bo‘ladi”.
Yo‘lovchilar bilan gaplashish davomida bu qurilmalarni o‘zimiz ham ishlatib ko‘rishga urindik. Ammo buning imkoni bo‘lmadi. Xalqlar do‘stligi bekatidagisining simlari uzilgan holatda turganiga ham guvoh bo‘ldik. Ogohlantirish qog‘oziga ko‘ra, ayni bekatning ko‘tarish uskunasi montaj va sozlash jarayonida.
Aytish kerak, dastlabki o‘rganishimizda Buyuk Ipak yo‘li metro bekatida qurilma ishlamayotgandi. O‘shanda nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilardan biri uskunadan foydalanolmay, pastga tushirib qo‘yishlarini ancha kutib qolgandi. Keyingi chiqishimizda ayni bekatdagi uskuna ishlay boshlaganini ko‘rdik.
16 ta metro bekatda 45 dona ko‘tarish uskunasi o‘rnatilgan – Toshkent metropoliteni
O‘zi nechta bekatda bunday qurilmalar bor? Nima sabab undan foydalanib bo‘lmayapti? Qachonda to‘liq ishlay boshlaydi? Qurilmalar o‘rnatilishida buyurtmachi kim? Kun.uz ayni savollarga javob olish uchun Toshkent metropoliteni DUK bilan bog‘landi.
Korxona bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 16 ta yerosti bekatida jami 45 dona shunday elektron ko‘targichlarni o‘rnatish reja qilingan. Hozirgi kunda ularning soni 32 dona ekani, shuning 15 tasidan yo‘lovchilar foydalanayotgani, 17 tasida esa montaj ishlari olib borilyotgani aytildi. Ammo bu qaysi bekatlar kesimida ekani ochiqlanmadi.
Qayd etilishicha, ko‘targichlar Toshkent shahar hokimligi buyurtmasi bilan hokimlik budjet mablag‘lari hisobiga “Texnopark” MChJ tomonidan o‘rnatilmoqda. 2026 yilda yana 30 ta elektron ko‘targich qo‘yilishi kutilyapti.
Tahririyat qurilma uchun qancha mablag‘ ajratilgani, buning uchun tender bo‘lganmi yoki yo‘q va ular qachon to‘liq ishga tushirilishiga oid savollarga javob olish uchun Toshkent shahar hokimiyatiga so‘rov yubordi. So‘rovga hozircha javob berilmadi. Shu tariqa nafaqat imkoniyati cheklanganlar, balki umuman piyodalarni yoqtirmaydigan Toshkentda pastga tushiruvchi maxsus qurilmalar bilan vaziyat shunday.
Mavzuga oid
14:30 / 23.12.2025
Toshkentda avtobus yo‘nalishlaridan birining qatnovi qisqartiriladi
12:35 / 20.12.2025
Toshkent bosh rejasini o‘zgartirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda – qurilish vaziri
13:59 / 18.12.2025
Toshkent shahriga kirish joylarida avtoturargohlar quriladi
12:53 / 18.12.2025