Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Semenyo – qishki transferlardagi asosiy aktiv. U qaysi klubga o‘tadi?
Yanvarning ilk kunlari Angliya matbuotida Antuan Semenyo yangiliklarning asosiy qahramoniga aylanishi kutilmoqda. APLning «Manchester Siti», «Liverpul», «Manchester Yunayted», «Tottenhem» kabi top-klublari «Bornmut» vingeri uchun raqobatga kirishgan.
Foto: Robin Jones - AFC Bournemouth/Getty Images
Antuan Semenyo kim o‘zi?
Ha, futbol o‘zgardi. 65 million funt atrofida transfer narxi to‘lanishi mumkin bo‘lgan futbolchi haqidagi mulohazalarni mana shunday savol bilan boshlash kulgili tuyulmaydi. «Bornmut» o‘ziga yarasha qiziq, tomoshabop futbol ko‘rsatib kelayotgan bo‘lsa-da, ingliz futbolidan biroz uzoq bo‘lgan o‘rtacha muxlisga bu jamoa ham, Semenyo ham notanish tuyulishi mumkin.
Antuan Serlom Semenyo – 25 yoshli ganalik futbolchi, «Bristol Siti» tarbiyalanuvchisi. 2023 yil yozida «Bornmut» uning transferi uchun 10 million funt to‘lagan va o‘sha yili fevral oyida Semenyo APLda debyut qilgan. Uch mavsum davomida futbolchi ancha o‘sdi va ayni paytda top-klublarda o‘ynamaydigan eng asosiy yulduzga aylandi. O‘tgan mavsumda «Bornmut» tarkibida 11 gol va 5 assist qayd etgan futbolchi joriy mavsumda gol+pas bo‘yicha allaqachon 11 ochkoga (8+3) ega va bu borada faqat Erling Holanddan (19+4) va Bruno Fernandesh (5+7)dan ortda.
Semenyo amplua bo‘yicha chap qanot vingeri, ammo har ikki oyoqda ham birdek o‘ynay oladi. «Bornmut» safida ham nafaqat chap, balki o‘ng qanotda, ba’zi o‘yinlarda markaziy hujumchi sifatida ham maydonga tushgan. Mana shu universalizm murabbiyga o‘yin paytida qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritishga imkon beradi. Misol uchun, yaqinda «MYu»ga qarshi o‘yinni Antuan chap qanot vingeri sifatida boshladi, lekin raqibning bu qanotida Amad va Mbeumo juftligi kuchli tandem hosil qilgandi. Andoni Iraola esa darhol tuzatish kiritib, himoyaviyroq bo‘lgan Aleks Ximenesni chapga oldi. Semenyo esa o‘ng qanotga o‘tib, ancha erkin o‘ynay boshladi va bo‘lim oxirida gol urdi.
Nega hamma Semenyoga xaridor?
Eng asosiy sabab, «Bormunt» va futbolchi tomonidan kelishilgan klasula, ya’ni tovon puli. Aslida Semenyo yaqinda, 2025 yil yozida jamoa bilan shartnomani yangilagan bo‘lsa-da, ushbu kelishuvga ko‘ra futbolchi uchun 65 million funt miqdorida tovon puli belgilangan. Bu degani, agar futbolchi ketishni istasa, har qanday klub mana shu summani to‘laydi va transfer amalga oshadi. Bunday kelishuvlarning sababi, klub shartnoma muddati tugab borayotgan futbolchini qo‘yib yuborgisi kelmaydi, shuning uchun har ikki tomon uchun qoniqarli kelishuvga qo‘l uradi. Yozda Uattara, Hausen, Zabarniy, Kerkez, Kepa kabi futbolchilardan ayrilgan «Bormunt» Semenyoni ham yo‘qotishni istamasligi tabiiy. Ammo vaqt o‘tishi bilan shartnoma muddati tugab, futbolchining transfer narxi arzonlab ketishi ham mumkin.
Foto: Ed Sykes/Getty Images
O‘z navbatida, Semenyo uchun ham qulay kelishuv – go‘yoki kattaroq maosh, yangi shartnoma, ammo erkinlik uning o‘zida qoladi. Shuning uchun tomonlar tovon puli belgilashga qaror qilishadi – uning transfer narxi 2026 yil 1 yanvaridan 65 million funt bo‘ladi, yozga borib esa 60 million funtga tushadi.
O‘tgan yozda klublar juda faol bo‘lishdi va ko‘plab yulduz futbolchilar klublarini o‘zgartirishdi – Madueke, Eze, Kunya, Mbeumo, Quddus kabi futbolchilar aynan Semenyo darajasidagi futbolchilar. Aytish mumkinki, ularning har biri hozircha ishonchni oqlamoqda, ya’ni APL doirasida kichik klubdan katta klubga o‘tish deyarli kafolat darajasiga chiqdi. Semenyoning tovon puli mana shu transferlar narxiga nisbatan katta emas, deyarli minimal summa. Tabiiyki, uzoq davom etadigan muzokaralar, futbolchini qo‘lga kiritish uchun raqobat har bir top-klubni tezroq harakat qilishga undamoqda. Qisqasini aytganda, ayni damda Semenyo vitrinada turgan javohir – muayyan summani to‘laysiz va u sizniki.
Shu bilan birga, 5 million funtlik chegirma faqat 10 yanvargacha amal qiladi. Agar shu muddat ichida kelishuv amalga oshmasa, «Bornmut» futbolchisini yozgacha o‘z safida saqlab qolishi mumkin. Bu ham qaysidir ma’noda xaridorlarni shoshilishga undamoqda. Bu transfer haqida xabarlar nisbatan ancha erta boshlagani va balki qishki oynaning ilk katta xaridlaridan biri bo‘lishi mumkinligining sababi shu.
Yana bir jihat, ayni payt Semenyoni klubni almashtirishga ko‘ndirish uchun osonroq palla ekani. «Bornmut» mavsumni juda yaxshi boshladi va bir muddat yetakchilar qatorida ketayotgandi. Lekin keyinchalik pasayish kuzatildi va hozirda Iraola shogirdlari jadvalning ikkinchi yarmiga tushib ketishdi. Ya’ni klub ham, futbolchi ham ikkinchi davrada kurashish uchun jiddiy motivatsiya qolmaganidan, transferga qarshi bo‘lmasligi mumkin. Narxni oshirish, variantlarni ko‘paytirish uchun yozni kutishdan ma’no yo‘q.
Manchester klublariga Semenyo nima uchun kerak?
Fabritsio Romanoning aytishicha, «Manchester Siti» va «Manchester Yunayted» futbolchi uchun jiddiy kurashga kirishgan. Avvaliga «Liverpul» va «Siti» o‘rtasida kurash ketayotgandi, ammo so‘nggi kunlarda «Yunayted» ham faollashdi va imkon qadar tezroq harakat qilishga urinmoqda. Pep Gvardiola jamoasi favorit sanalayotgan bo‘lsa-da, ba’zi manbalar yozishicha, klub kelasi yozdan keyin ham Gvardiola jamoada qolishi bo‘yicha hech qanday kafolat bermagan. Pepning o‘zi ham bu masalada ancha mavhum javoblar bermoqda. «MYu» esa bundan foydalanishi va futbolchiga aniqroq loyiha taklif qilib qolishi ehtimoli yuqori.
«Manchester Siti»da chap qanotda usluban Semenyoga juda yaqin bo‘lgan Doku to‘p suradi va ushbu mavsumda u ancha o‘sdi. Klub Semenyoni yoshi o‘tib borayotgan Bernardu Silva yoki jamoani tark etadigan Savinioga o‘rinbosar sifatida ko‘rishi mumkin, ammo har ikki holatda ham Antuanga asosiy tarkibdan joy kafolatlanmaydi. Rayan Sherki va Fil Foden ham so‘nggi oylarda ancha kuchli o‘ynayotgani e’tiborga olinsa, bir vaqtning o‘zida Holandning ortida Doku, Foden, Sherki va Semenyoni tushirish hatto Rodrining eng yaxshi davrlari uchun ham ko‘plik qiladi. Himoyada har ikki qanotda aslida yarimhimoyachilar o‘ynayotganini ham unutmaslik kerak – bu holatda muvozanat butunlay buzilib ketishi mumkin. O‘zi umuman Pep Gvardiolaning qishki transferlarga munosabati sir emas – o‘tgan qishki oynada olib kelingan Marmush va Husanov deyarli maydonga tushmayapti, Reys ijaraga berib yuborilgan, faqat Niko Gonsalesda tarkib uchun raqobatchilardagi jarohat (Rodri va Kovachich) tufayli o‘yin amaliyoti bo‘lmoqda.
Shunga yaqin holat «Manchester Yunayted»da ham bor. 3-4-2-1 sxemasi uchun oldingi uchlik shakllanib bo‘lgan va yangi futbolchi uchun na Kunya, na Mbeumo qurbon qilinadi. Insaydlarning aytishicha, Amorim Semenyodan xuddi o‘ng qanotdagi Amad kabi foydalanmoqchi. Ya’ni chap qanot laterali sifatida. Ayni paytda Patrik Dorgu ham, Diogu Dalot ham yetarlicha yaxshi formada emas. Semenyo «Bornmut»dagi ilk mavsumlarida qanot himoyasida, 3-4-3 sxemasida esa vingbek bo‘lib o‘ynagani e’tiborga olinsa, eplab ketishi mumkin. Qog‘ozda chapda Kunya-Semenyo, o‘ngda Amad-Mbeumo tandemlari o‘ta hujumkor va dahshatli ko‘rinishi mumkin.
«Manchester Siti»dan farqli ravishda «MYu»da Semenyo darhol asosiy tarkibda tusha boshlaydi, bu shubhasiz. Lekin jamoada asosiy muammo hujum chizig‘i emas, markaziy yarimhimoya ekani anchadan beri aytib kelinmoqda. Bu chiziq to‘ldirilmay turib, maydonga besh nafar hujumkor futbolchini tushirish, ortda esa Bruno Fernandesh va Kazemiro bilan o‘ynash «MYu»ni faqat betaraf muxlislar uchun jozibador qiladi va 4:4 hisoblari yanada ko‘payishi tayin.
Ammo agar futbol tomonidan o‘ylansa, har ikki klubda ham Semenyoga oshkora ehtiyoj yo‘q va shu tomondan, paydo bo‘lib qolgan imkoniyatdan foydalanib qolishdek tasavvur uyg‘otmoqda. Bu omil futbolchining kelajagi uchun muhim va Antuanning o‘zi bu haqda ko‘proq o‘ylashi kerak.
«Liverpul»: Semenyo yangi Saloh bo‘ladimi?
Mersisaydliklar Manchester klublariga nisbatan biroz passivroq, Romanoning aytishicha, klub kuz boshlarida qiziqish bildirganidan buyon jim. Shundoq ham «Liverpul»da yangilar yetarli va go‘yoki yana bir yirik xarid ortiqchadek. Ammo profil bo‘yicha aynan Semenyo Slot jamoasi uchun kerakli murvat bo‘lishi va qaysidir ma’noda Luis Diashning o‘rnini bosishi mumkin.
Kolumbiyalik chap qanot vingerining ketishi, Saloh bilan muammolar, Kiyeza to‘liq asosiyga tayyor emasligi va Ngumoa hali yosh ekanidan kelib chiqsak, «Liverpul»da sof vinger deyarli yo‘q. Kodi Gakpo ham, ba’zida qanotlarda o‘ynayotgan Virs va Saboslai ham to‘p bilan markazga o‘tishni, jarima maydoni atrofida to‘pni qabul qilishni yaxshi ko‘rishadi. Maydon enini kengaytiradigan haqiqiy tezkor vingerlarsiz bu vazifa asosan qanot himoyachilariga yuklanmoqda. Bu ham normal, lekin muammoli jamoada aksincha, hujumchilar himoyaga yordam berishi muhimroq sanaladi. Antuan Semenyo qarshi hujumlarda tezkor harakat qilishi, driblingi va himoyada ham faol bo‘la olishi hisobiga «Liverpul»ning chap qanoti uchun ayni muddao bo‘ladi.
Muhammad Saloh jamoani tark etishi ehtimoli yuqori, bu qishdayoq sodir bo‘lishi ham mumkin. U holda tezkor hujumlar markazi chap tomonga ko‘chish varianti paydo bo‘ladi. Umuman, aslida Semenyo bemalol Saloh bilan tandemda ham o‘ynay oladi, o‘z vaqtida Mane-Saloh juftligi bilan jamoa barcha sovrinlarni yutganini eslash mumkin. Ganalik futbolchi ko‘p tomoni bilan aynan Sadio Maneni ham yodga solib yuboradi.
Qolaversa, o‘tgan turda «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda Aleksandr Isak jiddiy jarohat oldi va kamida ikki oy muddatga safdan chiqdi. Guardian ma’lumotiga ko‘ra, shundan keyin klub qishda bozorga kirishga qaror qilgan.
Semenyoga «Tottenhem» qiziqayotgani haqida ham xabarlar bor, uning o‘zi esa bolaligidan «Arsenal» muxlisi hisoblanadi. Lekin London variantlari haqiqatdan ancha uzoq bo‘lsa kerak. «Tottenhem» yomon mavsum o‘tkazmoqda va Tomas Frank iste’fo yoqasiga kelib qoldi. Klub rahbarlari hali davom etishi aniq bo‘lmagan murabbiy uchun katta transferlar qilmasa kerak. Semenyo uchun kurashda raqiblar ko‘paygach, klub yana Savinio variantiga qaytgani haqida ma’lumotlar chiqdi. «Arsenal» esa tarkibini yozda yetarlicha to‘ldirib bo‘lgan, buning ustiga Jyezus va Havers kabi hujum vakillari ham jarohatdan qaytishmoqda. Oldingi chiziqqa qo‘shimcha yana bir futbolchi ortiqcha bo‘lishi mumkin.
Bu ketishda Antuan Semenyo yanvarning ilk kunlaridayoq jamoasini almashtirishi ehtimoli yuqori. Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqsak, futbolchi uchun eng mos yo‘nalish – Liverpul bo‘lardi, ammo Manchester klublari faolroq harakat qilayotgani e’tiborga olinsa, Antuan shu ikki jamoadan birini tanlashiga to‘g‘ri keladi. Futbolchi kelasi yili 26 yoshga kiradi, bu top-klubga o‘tish uchun unda so‘nggi imkoniyat bo‘lishi ham mumkin.
Q.Aslanov
Mavzuga oid
16:10 / 07.02.2025
«Siti»da qayta qurish va Saudiya ertagi davom etishi. Qishning asosiy transferlari
17:42 / 03.01.2025
Husanovga «Siti» qiziqmoqda, Shomurodov «Roma»dan ketishi kutilmoqda. So‘nggi transfer xabarlari
16:21 / 29.12.2024
Qishning eng ko‘p kutilayotgan transferlari: kim qayerga o‘tadi?
16:05 / 01.02.2024