1 yanvar kuni Yevropa futbol ligalarida qishki transferlar oynasi ochildi va ilk transferlar rasmiylashtirildi. Eng qiziq transferlar esa hali oldinda. Quyida keyingi bir oy davomida qaysi futbolchi qaysi klubga o‘tishi mumkinligi haqidagi so‘nggi xabarlar keltiriladi.

Abduqodir Husanov yana bir grand klub nigohida

«Manchester Siti» O‘zbekiston milliy jamoasi vakiliga qiziqmoqda. Jahon futbolidagi nufuzli insayderlardan biri Fabritsio Romano xabar berishicha, «shaharliklar» klubi «Lans» himoyachisi Abduqodir Husanovni qishki transferlar oynasi uchun short-listiga kiritgan. 

Husanov ayni vaqtda Yevropa ligalarida o‘z pozitsiyasida eng yaxshilaridan biri hisoblanadi. Joriy mavsumni yuqori saviyada o‘tkazayotgan 20 yoshli futbolchiga Yevropaning boshqa top-klublaridan ham qiziqishlar mavjud. Dekabr oyida The Telegraph APLning yetti klubi unga qiziqish bildirayotgani, bu klublar qatorida  «Tottenhem» va «Nyukasl» nomlari borligini xabar qilgandi. Shuningdek, uning nomi «PSJ» va «Real» bilan ham bog‘langan.

Abduqodir fransuzlar klubiga 2023 yilda 100 ming yevro evaziga Belarusning «Energetik-BGU» klubidan o‘tgandi. U Fransiya chempionatining joriy mavsumida jamoasining asosiy tarkib futbolchisiga aylandi va qator o‘yinlarda eng yaxshi futbolchi deb topildi. Shuningdek, muxlislar talqiniga ko‘ra u liganing 1-davra yakunlariga ko‘ra ramziy jamoasidan joy olgan.

Manchester klublari haqida ishonchli insayder hisoblangan Saymon Baykovskining yozishicha, «Manchester Siti» Husanovni Belarusdagi faoliyatidan boshlab kuzatib keladi.

U Manchester Evening News nashridagi kolonkasida klub unga 2023 yilgi mavsum boshidan buyon qiziqib kelayotgani, faqat o‘sha vaqtda unga asosiy tarkib uchun nomzod sifatida emas, kelajakda tarkibni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan istiqbolli futbolchilardan biri sifatida qaragani haqida yozgan.

Transfermarkt portalida uning transfer bahosi 12 mln yevro qilib ko‘rsatilgan. Baykovskining ma’lumotiga ko‘ra, «Lans» uning transferidan kamida 25 mln yevro ishlab olishni ko‘zlagan. 

Eldor Shomurodov jamoasini o‘zgartirishi mumkin

Italiyaning «Empoli» klubi o‘zbekistonlik boshqa bir futbolchi Eldor Shomurodovga qiziqish bildirmoqda.
Janluka Di Marsioning ma’lumotiga ko‘ra, italyanlar klubi asosiy hujumchisi Petro Pellegri jarohatlangani tufayli ushbu pozitsiyani mustahkamlash ustida ishlamoqda va «Roma» hujumchisi birinchi variant hisoblanadi.

O‘z navbatida, 29 yoshli futbolchi ham yozda Rim klubiga Artyom Dobvik kelganidan keyin asosiy tarkibga kirish imkoniyatini yo‘qotdi, qolaversa, klubning natijalari yomonlashgach, unga ishonch bildirilmay qo‘ydi. Shomurodov A Seriyaning joriy mavsumida faqat 8 o‘yinda, barchasida zaxiradan tushib ishtirok etgan va ko‘rsatkichlari ham shunga yarasha: 1 gol va 1 assist.