Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Institut ishlab topgan puliga o‘zi uchun uskuna sotib ololmaydi» - Yadro fizikasi instituti direktori
9 fevral kuni «Yadro fizikasi instituti ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Yadro fizikasi instituti direktori Ilhom Sodiqov
O‘zFA Yadro fizikasi instituti Markaziy Osiyodagi yirik ilmiy tekshirish muassasalaridan. Institutda yadro fizikasi, qattiq jismlar radiatsion fizikasi, materialshunoslik, aktivatsion tahlil, radiokimyo, ilmiy asbobsozlik, axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar olib boriladi.
Institut direktori Ilhom Sodiqov hozirgi kunda institutda mavjud ilmiy yo‘nalishlar, 14 ta ilmiy bo‘lim va laboratoriyalar faoliyati to‘g‘risida ma'lumot berdi.
«Yadro fizikasi instituti 1956 yilda tashkil topgan bo‘lib, 2016 yilda hukumat qarori bilan tugatilgan va 2ga bo‘lib yuborilgan edi. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017 yilda qaytadan tashkil etilgan. Hozirgi kunda institutda 14 ta ilmiy bo‘lim va laboratoriya faoliyat ko‘rsatmoqda.
Institutda 10 MVt quvvatli VVR-SM tadqiqot yadro reaktori, NG-150 neytron generatori; U-150 siklotroni «Elektronika U-003» elektron tezlatgichi; Kobalt-60 gamma qurilma kabi 7 ta noyob yadro-fizikaviy ilmiy obektlar faoliyat ko‘rsatadi.
Asosiy asbob-uskunalarimiz eski. Institutimizda 10 mingdan ortiq uskunalar bo‘lsa, shuning 80 foizdan ortig‘i ittifoq davrida ishlab chiqarilgan.
Institut qoshida 3 ta shu'ba korxona mavjud bo‘lib, ularning 2 tasi – «Radiopreparat» davlat korxonasi va «Tezlatgich» MChJ tibbiyot va sanoat ehtiyojlari uchun radioizotop mahsulotlar ishlab chiqaradi. Bu korxonalar 50 dan ortiq radiofarmatsevtik vositalarni ishlab chiqarib, respublikamiz tibbiyot klinikalarining bunday mahsulotlarga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish bilan birga, dunyoning 14 mamlakatiga eksport qiladi», – deydi institut direktori.
Ilhom Sodiqov institut ilmiy faoliyatini jadallashtirishdagi muammolar xususida to‘xtaldi.
Uning fikricha, ilmiy institutlari uchun zarur pribor va boshqa uskunalarni, xo‘jalik shartnomalari orqali hisobraqamga tushadigan pullarni har bir institut o‘zi bevosita boshqarishi va nazorat qilishi kerak.
«O‘tgan yillar mobaynida ilmiy tadqiqot muassasalari moddiy texnik bazasini rivojlantirish uchun mablag‘lar ajratildi. Har bir ilmiy muassasa o‘ziga eng zarur apparatlar ro‘yxatini berdi. Yadro fizikasi institutiga 1,5 mln dollar asbob-uskunalar xarid qilish uchun ajratilgan edi, shundan 30 foizini – ro‘yxatdagi 40ta pribordan 3tasini o‘zlashtirib olganmiz, xolos. Qolganlari bo‘yicha esa ishlar juda ham sust.
Bundan tashqari, o‘sha priborlarni sotib olish tizimi o‘ta murakkab. Bu tizim bo‘yicha tenderlar o‘tkaziladi. Tenderga oylab, ba'zida yillab vaqt ketyapti. Bu vaqt ichida o‘sha tenderga qo‘yilgan asbob-uskunalar eskirib qolyapti.
Misol uchun, yadro reaktori uchun bir priborni qo‘ygan edik, bizga juda zarur edi, cho‘zilib ketgani uchun o‘zimiz mablag‘imizdan sotib oldik. Endi unga zarurat yo‘q. Shuning puliga boshqa uskuna olaylik desak, yo‘q, mumkinmas, bu pulni boshqa institutga beramiz, deydi. Nima uchun?
Bu tashkilotga o‘z mablag‘idan sotib olgani uchun «rag‘bat»mi endi. Shu kabi voqeadan keyin kim bir narsa sotib olardi, qachon olib kelarkin deb kutib o‘tiraveradi. Institutlarga biroz erkinlik berish kerak. Yoki biz taklif qilgandek, o‘sha ajratilayotgan mablag‘ni institutlarga bersin. Biror shubha paydo bo‘lsa, bemalol kelib tekshirishsin, marhamat.
Bizning institutimiz budjetdan ajratilgan mablag‘ni oshig‘i bilan qaytaryapti, ya'ni o‘tgan yili 1ga 1,7 nisbatda bo‘ldi.
Mayli, davlat berayotgani bir yoqli, lekin institut ishlab topgan pulga o‘zi uchun asbob-uskunani sotib ololmaydi. Nega o‘zining puliga o‘zi egalik qilolmaydi? Mashinalarimiz eskirgan, shularni yangilaymiz, o‘zimizning mablag‘imiz bor, ruxsat beringlar desak, hozirgi kunda maqsadga muvofiq emas, deydi. Nima uchun? Bunga o‘xshagan muammolar juda ham ko‘p.
Bu masalalarni bosh vazir darajasigacha ko‘tardik. Lekin haligacha yechimini topgani yo‘q. Ayniqsa, hozir g‘aznachilikka o‘tgandan keyin muammo yana ham ko‘paydi.
Biz o‘zimizning pulimizni ishlatayotgan paytimizda eng arzonini sotib olishga harakat qilamiz. Chunki unda manfaat yotibdi, qimmatga sotib olishdan naf yo‘q. Savdolashamiz, narxini tushiramiz.
Bu kabi muammolar institutning ilmiy faoliyati, ishlab chiqarish faoliyati rivojlanishiga to‘siq bo‘lyapti», – deydi Ilhom Sodiqov.
Mavzuga oid
15:46 / 10.07.2020
«Jahon bo‘yicha ayrim izotoplarning yarmi O‘zbekistondan olinadi» - Yadro fizikasi instituti direktori bilan suhbat
19:10 / 12.06.2019
Video: O‘zbekistondagi ilk atom reaktoriga press-sayohat
20:08 / 10.06.2019
Atomdan tinch maqsadlarda ko‘plab sohalarda foydalansa bo‘ladi - jurnalistlar Yadro fizikasi institutida bo‘lishdi
12:30 / 20.07.2018