19:59 / 18.05.2021
9139

«Obnal ishi» bo‘yicha Buxorodagi ikkita sudda tadbirkorlarning qo‘li baland keldi

Buxoro viloyat soliq boshqarmasining ikki nafar tadbirkorga nisbatan «obnal ishi» doirasidagi xatti-harakatlari sudda noqonuniy deb topildi. Tadbirkorlar qariyb 164 mln so‘mlik asossiz soliq yukidan xalos bo‘ldi.

Foto: Kun.uz

Buxoro shahar ma'muriy sudi obnal ishi bo‘yicha ikkita ishda Buxoro shahar soliq organining tadbirkorga nisbatan xatti-harakatini g‘ayriqonuniy deb topgan. Bu haqda tadbirkorlarning soliq maslahatchisi Olimjon Zaripov Kun.uz'ga ma'lum qildi.

«Obnal ishi bo‘yicha sudning hal qiluv qarori 11 may kuni e'lon qilindi. Ikkita ishda tadbirkor zimmasiga yuklatilgan soliq summasi bekor qilinib, soliq organining xatti-harakati noqonuniy deb topildi.

Da'vo predmetimiz Buxoro viloyat davlat soliq boshqarmasining tadbirkor(lar)ga nisbatan xatti-harakatini noqonuniy deb topish bo‘yicha edi. Sudlar davom etmoqda, navbatdagi ishlar adliya organlarining da'volari bo‘yicha ko‘riladi», – dedi u Kun.uz bilan suhbatda.

Birinchi holatda viloyat soliq boshqarmasi tadbirkorni gumonlar asosida shubhali korxonalar bilan hamkorlik qilgan, deb topib, uning zimmasiga 39 842 277 so‘mlik qo‘shimcha qiymat solig‘ini yuklagan. Ikkinchi ishda esa soliq boshqarmasi boshqa bir tadbirkorning zimmasiga 124 272 118 so‘m QQS bo‘yicha qarzdorlik yuzaga keltirgan.

Soliq organining xatti-harakati quyidagi asoslarga ko‘ra noqonuniy deb topilgan:

  • Soliq kodeksining 266-moddasiga muvofiq, agar hisobga olish huquqi tovarni (xizmatlarni) olish bo‘yicha qalbaki yoki ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitim natijasida vujudga kelganiga oid dalillar mavjud bo‘lsa, soliq organlari hisobga olishni bekor qilishni va unga tuzatishni amalga oshirishga haqli;
  • Mazkur kodeks (266-moddasining 14-qismi)ga binoan, ushbu moddada ko‘rsatilgan huquqni suiiste'mol qilish, bitim qalbakiligi (ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgani) holatlarini aniqlash, shuningdek, ularning oqibatlarini qo‘llash soliq organlari tomonidan, soliq to‘lovchi norozi bo‘lgan taqdirda esa, soliq organlarining da'vosi bo‘yicha sud tomonidan amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, Soliq kodeksi 266-moddasining 14-qismiga binoan, soliq organlari hisobga olishni bekor qilishni yoki unga tuzatish kiritishni amalga oshirishga haqli. Lekin, uning uchun hisobga olish huquqi tovarlarni (xizmatlarni) olish bo‘yicha qalbaki yoki ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitim natijasida vujudga kelganiga oid dalillar mavjud bo‘lishi lozim.

Sud bu holatda soliq organi tadbirkor va uning kontragenti o‘rtasidagi shartnoma bo‘yicha sudga da'vo ariza bilan murojaat qilishi lozim va bunday harakat amalga oshirilmagan taqdirda ham, soliq organlari soliq tekshiruvlarining birini amalga oshirishi va uning natijasi bo‘yicha qaror qabul qilishi lozim edi, degan qarorga kelib, soliq organining xatti-harakatini noqonuniy deb topgan.

Eslatib o‘tamiz, Davlat soliq qo‘mitasi fevral oyida naqdlashtiruvchi firmalar bilan kurash boshlab, 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yekti zimmasiga budjetga to‘lanmagan 1 trillion so‘m QQS summasini yuklagan, bu esa rezonans keltirib chiqargandi.

Aprel oyida Toshkentdagi shu masala yuzasidan sudda Toshkent shahar tumanlararo ma'muriy sudi tadbirkor foydasiga hal qiluv qarorini chiqarib, soliq organining xatti-harakatini noqonuniy deb topdi.

DSQ Buxorodagi 900 nafar tadbirkordan «obnal ishi» bo‘yicha undiruvni bekor qilish haqidagi hukumat komissiyasi qarorini bajarmayotgani aytilmoqda.

Mavzu
«Obnal» mojarosi
Davlat soliq qo‘mitasi naqdlashtiruvchi firmalar bilan kurash boshlab, 2021 yil fevral oyida 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub’yekti zimmasiga 1 trillion so‘m QQS summasini yukladi.
Barchasi
Top