Jamiyat | 18:59 / 09.12.2016
7562
3 daqiqa o‘qiladi

Madhiya –vatandoshlarni so‘z va ohang kuchi bilan birlashtira oluvchi buyuk qudratdir

– Shohsupada turibmanu, o‘zimga aytaman: «Bo‘ldi, o‘zingni qo‘lga ol, Olimpiada yopilishiga bir soat qoldi, hozir O‘zbekistonda yarim tun, lekin oilam, mahalladoshlarim, butun xalqimiz mening g‘alabamni bayram qilmoqda, balki dunyoda yuz millionlab odamlar meni kuzatib turgandir». Madhiyamiz yangrashi bilan birdan titray boshladim...

Bu – Braziliyada o‘tkazilgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining final jangida Ozarbayjon vakili Lorenso Sotomayorni mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritgan mohir bokschimiz Fazliddin G‘oipnazarovning ko‘nglidan o‘tgan gaplar. O‘shanda o‘zbek o‘g‘loniga butun dunyo tan bergan edi. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1992 yil 10 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonunda belgilanganidek, madhiyamiz O‘zbekiston Respublikasi Davlat suverenitetining ramzidir, unga zo‘r ehtirom bilan qarash har bir fuqaromizning vatanparvarlik burchidir.

Bu yil madhiyamiz musiqasi muallifi – O‘zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov tavalludining 100 yilligi keng nishonlandi.

Davlatimiz madhiyasi matnini bitgan atoqli shoirimiz, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov «Unutilmas Mutal akamiz» maqolasida xalqimizning bu muazzam qo‘shig‘i haqida shunday yozgan edi: «Madhiya – tirik hayot, jonli turmush. U turli fikrdagi vatandoshlarni bir necha daqiqadayoq so‘z va ohang kuchi bilan birlashtira oluvchi buyuk qudratdir».

...Har tongda madhiyamiz sadolari ostida yangi kunga peshvoz chiqarkanmiz, Vatanimizning bosh qo‘shig‘i tan-jonimizga ona suti, allasi va ulug‘ ajdodlarimiz o‘giti bilan kirgan bemisl milliy qudrat, yuksak intellekt, mustahkam irodani eslatib turadi.

Mavzuga oid