O‘zbekiston | 20:22 / 18.04.2018
21646
4 daqiqa o‘qiladi

Reportaj: Samarqandning umrboqiy qog‘ozi qanday tayyorlanadi?

Samarqand o‘z qog‘ozi bilan qadimiy Buyuk Ipak yo‘lida mashhur bo‘lganini bilasizmi? Undan ayni paytda dunyoning turli davlatlaridagi hattotlar va musavvirlar foydalanishayotganini-chi?

Jahonning ko‘plab davlatlarida qadimdan qog‘oz tayyorlash texnologiyasi bo‘lgan. Misrda papirusdan tayyorlangan qog‘ozlar, sharqda xitoy va yapon qog‘ozlari bunga misol bo‘la oladi. Samarqand ipak qog‘ozi esa o‘zining umrboqiyligi, silliqligi, har ikki tomoniga ham yozish mumkin bo‘lganligi, suvda ivimasligi va ayniqsa o‘ziga xos shaqirlashi bilan shuhrat qozongan.

Kun.uz ijodiy guruhi Samarqand tumanidagi Konigil qishlog‘ida bo‘ldi. Bu yerda Samarqand qog‘ozi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Konigil Meros» hunarmandchilik korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Uning rahbari Zarif Muxtorovning aytishicha, 1994 yilda YuNeSKO tashabbusi bilan Buxoroda o‘tgan xalqaro konferensiyada ilk bor Samarqand qog‘ozi haqida gap boradi. Samarqandda qog‘oz ishlab chiqarilmayotganiga qariyb ikki asr bo‘lib qo‘ygan edi.

Zarif Muxtorov qadimiy kitoblarni, ensiklopediyalarni titadi. Samarqand qog‘ozini ishlab chiqarish texnologiyasini tiklash bo‘yicha naq besh yil o‘z uyida tajriba o‘tkazadi va nihoyat o‘z maqsadiga erishadi.

Samarqand qog‘ozi ishlab chiqarishning sirli joyi yo‘q: bir yillik tut novdalari kesiladi, ular suvda 4 kun ivitiladi. Keyin po‘stlog‘i novdalardan ajratiladi. Ajratilgan po‘stloqning qobig‘i pichoqda shilinadi. Ichki qismi 4 soat davomida qaynatiladi. Po‘stloq yumshoqlashadi. So‘ngra u suvda yuvilib, tegirmonda 8-10 soat mobaynida yanchiladi. Yanchilgan massa suvga solinadi va qo‘zg‘alganda titilib ketadi. Elaksimon formada u tutib olinadi. Tut po‘stlog‘idagi tolalar biri birining ustiga yotib, to‘qima hosil qiladi. Uni so‘nggi suv tomchilaridan siriqtirish uchun press ostiga qo‘yiladi. Hali nam qog‘oz taxta sirt yoki deraza oynasiga yopishtirib, quritiladi.

So‘ngra 2-3 soat davomida agat toshi, dengiz chig‘anog‘i, qoramol shoxi kabi vositalar yordamida qog‘ozning har ikki tarafi hafsala bilan silliqlanadi.

Zarif Muxtorovning aytishicha, xorijlik mutaxassislar bu yerda tayyorlangan qog‘ozning strukturasini mikroskop ostida puxta o‘rganib chiqib, qadimiy Samarqand qog‘ozi to‘liq tiklanganini ta'kidlashgan.

Ayni paytda «Konigil Meros» korxonasida bu mashaqqatli jarayonlar mahalliy va xorijlik sayyohlarga namoyish etib berilmoqda.

Ta'kidlash joizki, Samarqand qog‘ozi mutlaqo chiqitsiz texnologiya hisoblanadi. Tutning po‘stloqdan ajratilgan novdalari miniatyuralar uchun ramkalar, turli panjaralar yasash uchun ishlatiladi. Qattiq qobiqdan karton ishlab chiqariladi.

Zarif Muxtorovning aytishicha, bugungi kunda korxonada kuniga 100–120 dona turli hajm, zichlik va ranglardagi qog‘oz ishlab chiqarilmoqda. Zarif aka qog‘oz ishlab chiqarish bo‘yicha 15 nafarga yaqin shogirdlar tayyorlagan, shu qishloqning yosh xotin-qizlari ish bilan ta'minlangan. Ular turli buyumlar yasashadi, chizishadi, bo‘yashadi. Qadimiy hunarmandchilik korxonasidan turistlarning qadami uzilmaydi. Bu yerdan ular Samarqand qog‘ozidan yasalgan turli suvenirlarni xarid qilishadi.

Ushbu qog‘ozlardan asosan qadimiy qo‘lyozmalarimizni rekonstruksiya qilishda foydalanilmoqda. «Ming yillar osha bizga yetib kelgan qo‘lyozmalar yana yuzlab yillar davomida avlodlarimizga xizmat qiladi», — deydi Z.Muxtorov.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shuhrat Shokirjonov
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid