G‘ijduvondagi yopilish xavfida qolgan bog‘chalar: kimgadir bitim kerak, kimgadir yo‘l
O‘zbekistonda xususiy bog‘chalar barpo etishga ruxsat berilgach, tashabbuskorlarga davlat tomonidan e'tibor va arzon kreditlar taqdim etila boshlangach, ko‘pchilik «yuragida o‘ti borlar» ishga kirishishdi.
Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida bunday talabgorlar soni boshida 60dan oshiq edi. Ulardan faqat to‘rt nafari ko‘zlangan rejalarini amalga oshirishga muvaffaq bo‘lishdi.
Biroq bugungi kunda kelib ular muammolar girdobida qolishgani sababli dardlariga mas'ullar quloq tutishini so‘rab Kun.uz tahririyatiga murojaat qilishdi. Birin-ketin ularni qiynayotgan muammolar bilan tanishdik.
Mashhura opa yetisholmayotgan «bitim»
G‘ijduvon tumanining «Qo‘rg‘on» mahallasida 150 o‘rinli xususiy bog‘cha qurishga bel bog‘lagan Mashhura Eshmurodova bugun o‘zi to‘qnash kelib turgan muammolarga duchor bo‘lishini bilganida aslo bu ishga bosh qo‘shmas edi.
U ayol boshi bilan barpo etayotgan bog‘cha binosi qad ko‘targan chog‘da ishlar to‘xtab qoldi. Nega?
«Prezidentimiz tashabbus ko‘rsatib xususiy bog‘chalarga keng yo‘l ochib bergach, imkoniyatlar taqdim etgach, ruhlanib shu ishga qo‘l urdim. Maktabgacha ta'lim vazirligi viloyat hokimligi uch tomonlama bitim imzolab berdi, biroq u vaqtda loyiha smeta hujjatlarimiz tayyor emas edi. U payti birortamiz to‘liq tushunchaga ham ega emasdik. MTVdan kelib mutaxassislar ko‘rib o‘rganib ketishdi, ishlarni to‘xtatmanglar, yordam beramiz, bog‘chani o‘z vaqtida ishga tushirish kerak deyishdi. Kredit olganman 1 foizlik, ayol boshim bilan shu holatga keltirdim. 2 mlrd 800 million so‘m ajratib berishlari kerak edi. Lekin tushunchaga ega bo‘lmaganimiz sababli kam summa ajratilgan. Qo‘shimcha bitim qilib beramiz, deb va'da berishgan edi. 9 oydan beri 25 marta vazirlikka bordim. Lekin nuqul va'dadan naryoqqa o‘ta olishmayapti», — deydi Mashhura Eshmurodova.
Mashhura Elmurodova o‘sha tuzilgan eski bitimni hali qo‘liga ushlab ham ko‘rmaganini aytib o‘tdi. Xullas, u o‘zi duch kelgan muammolarning oxirini ko‘ra olmayapti.
Bitmayotgan «Go‘zal-Nodirabegim»
«Qassobon» mahallasida Dilovar Jo‘rayeva tomonidan barpo etilayotgan «Go‘zal-Nodirabegim» maktabgacha ta'lim muassasasi ham shu ahvolda. Moliya vazirligi Maktabgacha ta'lim vazirligi bilan tuzilgan bitimda ko‘rsatib o‘tilgan kredit mablag‘larini to‘liq ko‘chirib bermayapti. Bog‘cha qurilishida ishlar juda sust ketmoqda.
«Boshlang‘ich loyiha bo‘yicha 70 o‘rinli bog‘cha qurilishi kerak edi. Hozir 140ta o‘ringa bog‘cha tayyorlayapman. Bitim bo‘yicha menga 1,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi kerak edi. Bog‘cha qurilishiga shuning teng yarmi — 752 million so‘m ajratilgan», — deydi Dilovar Jo‘rayeva.
Eng qizig‘i, Dilovar Jo‘rayevaning murojaatlariga javoban Maktabgacha ta'lim vazirligidan bog‘cha to‘liq moliyalashtirilgan, degan javoblar ham kelmoqda.
Materialni tayyorlash asnosida ma'lum bo‘ldiki, Mashhura Eshmurodova va Dilovar Jo‘rayeva o‘zlarini qiynayotgan muammo bo‘yicha Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin bilan shaxsan uchrashishgan. Vazir ularga yordam berishni va'da qilgan.
Fermer ochgan bog‘cha
G‘ijduvonlik taniqli fermer Akmal Halimov tomonidan ochilgan, xorijiy tillar chuqurlashtirib o‘rgatiladigan «Dono-Chempion» maktabgacha ta'lim muassasasidagi muammolar ham bitim bilan bog‘liq bo‘lsa-da vaziyat biroz boshqacharoq. Bog‘cha qurilishi boshlanganida ishlar tezlashtirilishi uchun hokimlik bankdan bir foizlik kredit olishda yordamlashgan.
Biroq hanuz uch tomonlama bitim imzolanmagani tufayli, bank o‘sha kreditni foizlari juda katta tijoriy kreditga qayta rasmiylashtirmoqchi. Bog‘cha esa hali to‘liq bitkazilmagan.
«2017 yilda bog‘cha qurilishini boshlagan edik. 2018 yilda ochildi. 1,5 yildan buyon ishlab turibdi. 1,5 yildan beri davlat-xususiy sherikchilik bo‘yicha bitim imzolanmayapti. Davlat taqdim etgan imtiyozlardan foydalana olmayapman. Bir necha bor vazirlikka bordim, barcha instansiyalarga murojaat qilib chiqdim. Menga qo‘shimcha pul ham kerakmas, shunchaki men olgan pulimga bitim imzolab berishsa bo‘ldi», — deydi A.Halimov.
Tadbirkor shartnoma qilingan 1 mlrd 700 million so‘m puldan 1 mlrd 180 millionini olib, bog‘cha qurilishiga ishlatgan.
Bog‘cha iste'mol qilayotgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘liq haq to‘lamoqda. Holbuki, bitim imzolanganida, kommunal to‘lovlar uchun ellik foiz chegirma bo‘lar edi.
«Bir mavsumda 30 million so‘mlik gaz yoqaman. Bolalarni issiqda saqlash kerak. Bu turishda xonavayron bo‘laman. Bolalar uchun bog‘cha haqini oshirib bo‘lmasa. Ishlar shu zaylda ketaversa, bog‘chani yopishdan boshqa ilojim qolmaydi», - deydi Akmal Halimov.
Bog‘cha ayni paytda faoliyat ko‘rsatmoqda. Bolajonlar uchun bu yerda barcha sharoitlar muhayyo qilingan. To‘rt mahal issiq ovqat beriladi. Bolalarga til o‘rgatuvchi murabbiyalar Buxoro shahridan qatnab ishlashar ekan.
Bog‘cha hovlisiga yo‘l axtarayotgan tadbirkor
Mehriniso Mirzayeva tomonidan moslashtirilgan binoda barpo etilayotgan «Marjon-E'zoza» bog‘chasida ham ish qizg‘in. Faqat bu yerda boshqa bir muammo ko‘ndalang bo‘lib turibdi. Bog‘cha hovlisiga o‘tish uchun katta ko‘chadan hech bo‘lmaganda bitta mashina sig‘adigan yo‘lak kerak.
Uning G‘ijduvon tuman hokimligiga bu boradagi murojaatlari javobsiz qolmoqda. Avvaliga yordam qilishni va'da bergan mas'ullar unga endi bog‘cha yonidagi tadbirkor bilan o‘zaro kelishishni maslahat berishmoqda. Qo‘shni tadbirkor qo‘shimcha yer uchun talab etayotgan pul esa bog‘cha qurayotgan opada yo‘q.
Bu bog‘chaga o‘t o‘chirish mashinalari kira olishi uchun yo‘lak albatta kerak. Busiz bog‘cha o‘rnatilgan talablarga javob bera olmay ham qoladi. O‘ylaymizki, G‘ijduvon tuman hokimligi va mutasaddi idoralar yana bir bolalar ta'lim maskani to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi uchun o‘z yordamlarini ayashmaydi.
Shuhrat ShOKIRJONOV, Kun.uz muxbiri.
Faxriddin HOTAMOV, tasvirchi.
Mavzuga oid
15:04 / 03.11.2024
Buxoroda xotiniga og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs qamoqdan ozod qilinib, shartli jazo tayinlandi
10:51 / 24.09.2023
Uchta viloyatda qalbaki valutalar muomalaga chiqarilishiga chek qo‘yildi
11:20 / 11.09.2023
Buxoroda 123 yoshga kirgan fuqaro vafot etdi
11:42 / 05.09.2023