O‘zbekiston respublikasining saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda ma'ruza qildi.

Prezident o‘z ma'ruzasida asosiy maqsad “Xalq qabulxonalari”ga qilingan hech bir murojaat e'tiborsiz qolmaydigan tizim yaratish hisoblanishini aytib o‘tgan. U shuningdek, hokimlar bevosita xalq tomonidan saylanishini joriy etish masalasi ko‘rib chiqilishini aytgan.

Bugun hayotimizning o‘zi Konstitutsiyamizda ifodasini topgan eng asosiy maqsad – inson manfaatlarini har tomonlama ta'minlash masalasini dolzarb vazifa qilib qo‘ymoqda.

Inson manfaatlarini ta'minlash uchun esa avvalo odamlar bilan, xalq bilan muloqot qilish, ularning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish kerak. 

Yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvlarida men bir narsaga amin bo‘ldim. Biz keyingi paytda odamlar bilan muloqot qilishni unutib qo‘ydik. Ularning ichiga kirib, ochiq va samimiy gaplashish, dardini eshitish bizning faoliyatimizda, afsuski, oxirgi o‘ringa tushib qoldi.

Hozirgi vaqtda odamlar davlat idoralaridan nimani istayapti? Bu haqda gapirganda, e'tiboringizni muhim bir masalaga qaratmoqchiman.

Xabaringiz bor, shu yil 25 sentyabrda Bosh vazirning internet tarmog‘ida elektron qabulxonasi tashkil etilgan edi. O‘tgan davrda ushbu qabulxonaga fuqarolarimizdan 218 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning qariyb 59 foizi yechimini topgan bo‘lsa, 41 foizi ko‘rib chiqilmokda.

Ochiq aytishim kerak, bu murojaatlar tahlilidan ko‘p narsa ayon bo‘ldi. Ta'bir joiz bo‘lsa, ular hayotimizda mavjud bo‘lgan o‘tkir muammolarga ko‘zimizni ochib berdi.

Mana, odamlar nimalar haqida murojaat qilmoqda. Avvalo, ular turli sohalardagi byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, qonunga zid bo‘lgan ko‘plab idoraviy yo‘riqnomalarni bekor qilish, stavkasi optimal bo‘lgan bank kreditlari ajratish, tadbirkorlik bo‘yicha noqonuniy tekshirishlarga barham berish haqida, huquq-tartibot idoralarining faoliyati haqida murojaat qilmoqda.

Shu bilan birga, aholimizdan uy-joy qurilishi, kommunal, transport va savdo xizmati, energiya ta'minotini, yo‘llarning holatini yaxshilash bo‘yicha ham ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

Ko‘rib turibsizki, aziz do‘stlar, bu talablarning barchasi qonuniy va adolatli. Bu borada ortiqcha izohning hojati yo‘q, deb o‘ylayman.

Lekin shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: mana shu murojaatlarda ko‘tarilgan hayotiy muammolarni joylardagi hokimlik va idoralar, tegishli mutasaddilar o‘z vaqtida hal etishi zarur emasmidi? Holbuki, bu masalada alohida qonun, ya'ni, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Lekin, ming afsuski, bu qonunning ijrosini nazorat qilish o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.