Jahon | 17:13 / 16.10.2025
6709
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Odessani olish maqsadida sobitmi?

Ukrainani Qora dengizga chiqish imkoniyatidan mahrum qilish Rossiyaning maqsadlaridan biri sifatida ko‘riladi. Urushning ayni shu pallasiga kelib rus armiyasining Odessani egallash va Ukrainani dengizdan uzib qo‘yish rejasi hali ham aktualmi? Kun.uz studiyasida tahlilchilar Abduvali Soyibnazarov va Shuhrat Rasul bu borada turlicha fikrda ekanini bildirdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Abduvali Soyibnazarov: G‘arb nashrlariga sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Odessa va Nikolayevni egallash maqsadidan voz kechmagan. Donbass to‘liq egallangan taqdirda ham, bu Qrimga nisbatan xavf aridi yoki Ukrainaning imkoniyatlari qirqildi degan ma’noni anglatmaydi. Shuning uchun mening nazarimda Rossiya bir necha yillik, hatto o‘n yillab davom etishi mumkin bo‘lgan urushga tayyor, maqsad esa Ukraina portlarini egallash va uni Qora dengizga chiqish imkoniyatidan mahrum qilishdir.

Ammo Rossiyada bu imkoniyat keyinchalik paydo bo‘ladimi yoki yo‘qmi, bu menga qorong‘i. G‘arb razvedkasi hozir aytyaptiki, Rossiya 50 mingdan 500 minggacha bo‘lgan harbiylarni tayyorgarlikdan o‘tkazayotgani haqida ma’lumotlar mavjud. Rossiyaning asosiy maqsadi Odessa, Nikolayev va Xarkivni nazoratga olish ekani ham yashirilmayapti. Hatto hozirgi xaritalarda ham Xarkiv, Nikolayev va Odessa Rossiyaning hududi sifatida ko‘rsatilayotgani haqida ma’lumotlar bor.

Aynan hozir Rossiya armiyasida Donbassni qo‘lga kiritish imkoniyati yo‘q. Lekin uzoq muddatli maqsad va tayyorgarlik bor. Chunki Donbassni egallash Rossiya uchun yangi imkoniyatlarni ochadi. Ular aytyaptiki, biz urushni xohlagancha, hatto 20 yil yoki 30 yil bo‘lsin, davom ettirishimiz mumkin. Ularning iqtisodiy imkoniyatlari bunga yetadi, masalan, yillik urush xarajatlari budjetning taxminan 5–7 foiziga teng bo‘lyapti. Lekin Ukrainada bunday imkoniyatlar bo‘ladimi yoki yo‘qmi, G‘arb dunyosi Ukrainani yana qancha qo‘llab-quvvatlaydi, bu juda qorong‘i savol hisoblanadi.

Shuhrat Rasul: Menimcha, faol urush harakatlari katta ehtimollik bilan uzog‘i bir yilda yakunlanadi. Rossiya iqtisodiy tang ahvolda. Abduvali aka aytgan o‘n yillik urush potensiali Rossiyada umuman yo‘q. Putinning birinchi taklifi aynan urushni muzlatishga qaratilgan edi: “Donbassni to‘liq bizga berasiz, biz esa kompensatsiya sifatida Xarkiv va Sumi viloyatlaridagi ozgina hududlarni beramiz, ya’ni almashtiramiz”, degan edi. Lekin Xarkiv, Sumi va Dnepropetrovsk viloyatlarida Rossiya katta hududlarni egallay olmadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiya hozirgi sur’atda davom etsa, 2029 yilga boribgina Donbassni to‘liq egallay oladi. Odessani bosib olish esa, 2190 yillarga qolsa kerak.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid