Ta’lim | 10:49 / 05.02.2026
4997
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi xususiy bog‘chalarga yangi imtiyozlar beriladi

Maktabgacha ta’lim qamrovi past hududlarda xususiy bog‘cha ochayotgan tadbirkorlarga imtiyozlar beriladi. Gap tarbiyalanuvchilar uchun subsidiyalar, pedagoglar ish haqi kompensatsiyasi, imtiyozli kreditlar va soliq yukini kamaytirish haqida bormoqda.

Taqdim etilgan takliflarga ko‘ra, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini ochishga ruxsat beriladi. Bu orqali ta’lim xizmatlari bozorida sog‘lom raqobatni kengaytirish, qamrovni oshirish va bolalarni maktab ta’limiga sifatli tayyorlash maqsad qilingan.

Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda maktabgacha ta’lim bilan qamrov 78 foizga yetgan. Biroq ayrim hududlarda bu ko‘rsatkich 70 foizdan past bo‘lib qolmoqda. Shu bois xususiy sektor ishtirokini kengaytirish orqali qo‘shimcha o‘rinlar yaratish muhim vazifa sifatida belgilanmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, xususiy bog‘chalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator imtiyozlar ham ko‘zda tutilgan. Qamrov darajasi past bo‘lgan hududlarda nodavlat bog‘chalar tashkil etgan tadbirkorlarga subsidiyalar, imtiyozli kreditlar va boshqa rag‘batlantirish choralari joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Davlat rahbari takliflarni puxta ishlab chiqish va bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid