O‘zbekiston | 18:01
3377
4 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda xususiy bog‘cha rahbari bolaga behayo video ko‘rsatib, buzuq harakatlar qildi. Tergov organi uni ochiqda qoldirgan

O‘z uyida oilaviy bog‘cha ochgan 53 yoshli erkak mast holatda 6 yashar tarbiyalanuvchi qizga telefonda behayo video qo‘yib berib, unga uyatsiz-buzuq harakatlar qilgan. Ota-onaning aytishicha, erkak jinsiy a’zosini ham ko‘rsatgan, ayblanuvchi esa buni rad etib, aybini qisman tan olgan. Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, IIB bu shaxsni garov evaziga ochiqda qoldirgan. Sud esa uni 4 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Foto: Kun.uz

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida 6 yashar qiz bog‘chada tegajog‘likka uchradi. Tegajog‘likni oilaviy bog‘cha rahbari sodir etgan.

Kun.uz tanishgan ayblov xulosasiga ko‘ra, 1972 yilda tug‘ilgan erkak o‘z uyida tuman maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli oilaviy bog‘cha ochib, unga rahbarlik qilib kelgan.

U 2025 yil 14 aprel kuni bog‘chada tarbiyalanayotgan 2019 yilda tug‘ilgan qizga nisbatan zo‘rlik ishlatmagan holda uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etgan. Xususan, qizga telefonda behayo video qo‘yib bergan.

Qizning ota-onasi bergan ko‘rsatmaga ko‘ra, bog‘cha rahbari nafaqat pornografik video qo‘yib bergan, balki ishtonini yechib jinsiy a’zosini ham ko‘rsatgan.

Gumonlanuvchi tergov davomida bu da’voni rad etgan. U o‘sha kuni mast bo‘lgani, behayo tasvirlarni tomosha qilayotgan telefonini qizning yonida unutib qoldirganini aytgan. “Qizga jinsiy a’zosini ko‘rsatgan” degan ayblovni esa rad etgan.

Erkakning tan olishicha, u bolaning ota-onasi tegishli idoralarga arz qilmasligi uchun ularga 2 mln so‘m pul taklif qilgan. Lekin ota-ona pulni olmagan.

Sud-psixologik ekspertiza xulosasida jabrlanuvchi yoshiga mos ravishda voqeani idrok eta olishi va voqea tafsilotlarini bayon qilishga qodir ekani qayd etilgan.

2025 yil 14 aprel kuni ro‘y bergan holat yuzasidan 20 mayda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov bilan shug‘ullangan IIB 2026 yil 5 yanvar kuni gumonlanuvchiga nisbatan “garov” ehtiyot chorasini qo‘llagan.

6 yanvarda dastlabki tergov harakatlari yakunlanib, erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasi 2-qismi “v” va “j” bandlari bilan ayblov e’lon qilingan.

Bu ayblovlar – 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan hamda jabrlanuvchini tarbiyalash, o‘qitish va (yoki) unga g‘amxo‘rlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan, shuningdek jabrlanuvchiga qarab turish majburiyatlari qonun bilan zimmasiga yuklatilgan ta’lim, tarbiya muassasasining xodimi tomonidan zo‘rlik ishlatmay uyatsiz-buzuq harakatlarni sodir etishni nazarda tutadi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, bugun 4 mart kuni sud hukmi bilan ayblanuvchi 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Tergov materiallarida pedofiliyada gumonlanayotgan shaxs sud hukmi chiqquniga qadar bo‘lgan davrda (10 oydan ortiqroq vaqt davomida) bog‘chadagi ishidan, ya’ni bolalar bilan bog‘liq faoliyatdan chetlatilgani haqida ma’lumot uchramaydi.

  • Eslatib o‘tamiz, kuni kecha imzolangan prezident farmoniga asosan, 2026 yil 1 noyabrdan boshlab pedofiliya va jinsiy xarakterdagi boshqa jinoyatlarni tergov qilish ichki ishlar organlaridan prokuratura vakolatiga o‘tkaziladi.
  • Shuningdek, pedofiliya jinoyatlariga takroran qo‘l urgan shaxslar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazo kiritilishi kutilmoqda – farmonga ko‘ra, bu haqdagi qonun loyihasi 3 oy ichida ishlab chiqilishi kerak.
Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid