Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Panda diplomatiyasi»: Xitoy AQShga pandalarni qaytaradi
Xitoy yovvoyi hayvonlarni himoya qilish assotsiatsiyasi Vashington milliy hayvonot bog‘i bilan AQShga ko‘proq pandalarni qaytarish bo‘yicha muzokara o‘tkazmoqda. Bu dunyoning ikki eng yirik iqtisodiyoti o‘rtasidagi diplomatik aloqalar yaxshilanishiga signal deb hisoblanmoqda.
Foto: Reuters \ Vashington hayvonot bog‘idagi panda ayig‘i
Dunyodagi barcha pandalar Xitoyniki bo‘lgani bois chin o‘lkasi bu kam uchrovchi jonivorlarni anchadan buyon «panda diplomatiyasi» doirasida o‘zi do‘st deb bilgan davlatlarga berib keladi.
«Xitoydagi tegishli tashkilotlar Ispaniyadagi Madrid hayvonot bog‘i va AQShdagi San-Diyego hayvonot bog‘i bilan gigant pandalarni himoya qilish bo‘yicha shartnoma imzoladi», dedi Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Nin.
«Shuningdek, AQShdagi Vashington hamda Avstriyadagi Vena hayvonot bog‘lari bilan hamkorlikning keyingi bosqichlari borasida ishlar olib borilmoqda», deb qo‘shimcha qilgan vazir. Ba’zi nashrlarga ko‘ra, bu borada muzokaralarga Bayden ma’muriyati vakillari ham qatnashgan.
Avvalroq Xitoy yovvoyi tabiatni asrash assotsiatsiyasi Wechatʼdagi sahifasida gigant pandalarni himoya qilish doirasida bir qator zooparklar bilan kelishuv imzolaganini e’lon qilgandi.
Siyosiy sovuqlik fonida AQShdagi pandalar Xitoyga qaytarilgandi
O‘tgan yil noyabr oyida ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar yomonlashgani fonida Xitoy Vashingtondagi hayvonot bog‘idan pandalarni qaytarib olgandi. Ular 50 yildan buyon AQSh poytaxtida saqlanayotgan pandalar avlodidan edi.
Shu tariqa hozir AQShda faqat Atlantadagi zooparkda panda qolgan. Jorjiya shtatidagi ushbu hayvonot bog‘ida saqlanayotgan 4 pandaning ijara muddati joriy yil yakuniga yetadi. Agar ularning ijara muddati uzaytirilmasa yoki mamlakatdagi boshqa hayvonot bog‘lariga pandalar berilmasa, AQShda 1972 yildan buyon ilk marta umuman panda qolmaydi.
AQShning 37-prezidenti Richard Nikson 1972 yil sovuq urush vaqtidagi Xitoyga tarixiy tashrifi doirasida chin o‘lkasi hukumati AQShga ilk marta ikkita gigant panda juftligini sovg‘a qilgandi.
«Biz gigant pandalar va boshqa turlarni asrash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni kuchaytiradigan davlatlar bilan gigant pandalar muhofazasi bo‘yicha xalqaro hamkorlikning yangi raundi boshlanishini intizorlik bilan kutyapmiz», degan Xitoy TIV vakili.
«Panda diplomatiyasi» nima o‘zi?
Chinliklarning bu harakatlarini AQSh bilan munosabatlarni iliqlashtirishni istashidan dalolat deb qabul qilishmoqda. Chunki Xitoy anchadan buyon «panda diplomatiyasi» orqali davlatlarga, ayniqsa G‘arb davlatlariga o‘zlarining siyosiy maqsadlari haqida signal berib keladi. Masalan, chinliklar kimgadir panda beryaptimi – demak o‘sha davlat bilan keklarni unutib, munosabatlarni yaxshilamoqchi. Qaysidir davlatdan pandalar qaytib olinyaptimi – demak o‘sha davlat bilan Xitoyning aloqasi yomonlashgan.
Siyosatchilar Xitoyning tashqi siyosatdagi rejalaridan boxabar bo‘lish uchun katta pandalar qayerlarga yuborilishini kuzatishni tavsiya qiladi. Faqat Xitoyda uchraydigan bu yuvosh ayiqdan chinliklar VII asrdanoq diplomatik aloqalar yo‘lida foydalana boshlagan. O‘shanda mamlakat tarixidagi yagona ayol imperator Vu Zetiyen Yaponiya imperatoriga bir juft panda sovg‘a qilish orqali munosabatlarni yaxshilash istagini bildirgan.
O‘tgan asrning 50-yillarida Xitoy davlati qayta barpo etilgach, «panda diplomatiyasi»ga ayniqsa jiddiy e’tibor bera boshlandi. Ammo 1957 yildan 1983 yilgacha Xitoy atigi 9 davlatga 23 ta panda tuhfa qiladi. Bundan tashqari chinliklar Qizil kitobga kiritilgan ushbu noyob ayiqni faqat do‘st sotsialistik davlatlarga berishga qaror qiladi. Bu esa AQSh va Britaniya kabi kapitalistik davlatlarning panda olish uchun hech qanday imkoniyati yo‘q degani edi.
1958 yil avstriyalik hayvonshunos broker Heyni Demmeru uchta jirafa, ikkita karkidon, ikkita hippopotam va ikkita zebrani Pekin zooparkidagi bitta pandaga almashadi. Broker katta mashaqqat evaziga qo‘lga kiritgan Chi-Chi ismli ayiqni AQShdagi hayvonot bog‘laridan biriga topshirmoqchi bo‘ladi, ammo Xitoy tomonining cheklovi sabab bunga ruxsat berilmaydi. Shu sabab Chi-Chini Londondagi zooparkka yuborishadi.
Britaniya tarixidagi ilk panda Londonda chinakam mashhurlikka erishadi va aynan shu ayiq keyinchalik Butunjahon yovvoyi tabiatni qo‘riqlash fondi ramziga aylanadi.
Bir juft panda uchun million dollar
80-yillarga borib Xitoy pandalarni bepul hadya qilishni to‘xtatadi. O‘shandan boshlab pandani qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan davlatlar bir juft oq-qora paymoq ayiq uchun yiliga 1 million dollar ijara puli to‘lashi belgilab qo‘yildi. Shunda ham qaysi davlatga panda berishni Xitoy tomoni hal qiladi. Yetmaganiga ayiqlar nobud bo‘lsa, o‘sha davlatdan katta miqdorda tovon puli olinadi.
Ma’lumot uchun, ilk marta katta pandalar Sharqiy Osiyodagi bambuk o‘rmonlarida uchragani aytiladi. Hozirgi Myanman va Vetnam yerlarida ham pandalar yashagan. XX asrga kelib dunyodagi barcha pandalar qirilib ketishi ham taxmin qilingan.
Ammo Xitoy pandalarni asrash bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqib, ularni saqlab qolishga erishgan. Xitoyda pandalar uchun 30 dan ortiq qo‘riqxonalar qurilgan, bu ayiq turini ko‘paytirish ustida ishlovchi butun boshli ilmiy markaz bor.
Xitoy dunyodagi barcha pandalar mamlakatga tegishli ekanini e’lon qilgan. Bu qaysidir davlat Yer yuzida uchraydigan barcha turiga egalik qiladigan dunyodagi yagona hayvondir.
Mavzuga oid
16:12 / 20.01.2026
Oltin va kumush narxi tarixiy eng yuqori ko‘rsatkichga ko‘tarildi
13:50 / 20.01.2026
Sizning JCh-2026 uchun chiptangiz: O‘zbekiston fuqarolari AQSh turist vizasini qanday olishlari mumkin?
11:33 / 20.01.2026
Tramp Makronga 200 foizlik boj kiritish bilan tahdid qildi
21:52 / 19.01.2026