O‘zbekiston | 18:30 / 17.04.2026
2275
5 daqiqa o‘qiladi

Ruhiy holatida buzilish bo‘lgan nogironlarga ijtimoiy xizmat tizimi takomillashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 aprel kuni aholini, ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish, shuningdek, bu sohadagi qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Taqdimotda ruhiy holatida buzilishlari mavjud nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish masalasi ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, bu borada asosiy maqsad – ularning jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, oila muhitiga yaqin sharoitda kompleks xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek, parvarish bilan band bo‘lgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Xususan, 2026 yil 1 iyunga qadar rivojlanishida nuqsonlar aniqlangan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ilk bor “Erta aralashuv” xizmati bosqichma-bosqich joriy etiladi. Ushbu xizmat orqali maxsus pedagoglar va davolovchi jismoniy tarbiya yo‘riqchilari ishtirokida bolalarga korreksion-pedagogik yordam, nutq va jismoniy rivojlantirish mashg‘ulotlari ko‘rsatiladi. Xizmat nodavlat tashkilotlar tomonidan maxsus elektron reyestr asosida yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, anatomik nuqsonlar bilan tug‘ilgan bolalarning qo‘shimcha tibbiy tekshiruv va jarrohlik xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

Ruhiy holatida buzilishlari mavjud I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham 2026 yil davomida bosqichma-bosqich yangi ijtimoiy xizmatlar joriy etiladi. “Yangi kun” kunduzgi qarab turish xizmati, uy sharoitida qarab turish xizmati, kichik hajmli “Madad” uyi xizmati va “Ijtimoiy ta’til” qisqa muddatli joylashtirish xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bu xizmatlar qarab turish va parvarish qilish, kundalik hayot ko‘nikmalarini shakllantirish, maishiy ishlarga o‘rgatish, kasb va moliyaviy hisob-kitob ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘ladi.

Mazkur yangi xizmatlar davlat-xususiy sheriklik asosida va zarur talablarga javob beradigan nodavlat tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladi. Bu orqali 2026 yilda 8,3 ming nafar ruhiy holatida buzilishlari mavjud shaxsni yangi xizmatlar bilan qamrab olish, 600 tagacha nodavlat tashkilot va yakka tartibdagi tadbirkorlarni ijtimoiy xizmat ko‘rsatishga jalb etish rejalashtirilgan. Yangi xizmatlardan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlar Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi hisobidan subsidiya shaklida qoplab beriladi.

Shu bilan birga, 2026 yil 1 sentabrdan boshlab 18 yoshdan katta chuqur darajadagi aqliy zaiflik tashxisi qo‘yilgan shaxslarning parvarishi bilan band bo‘lgan qonuniy vakillar uchun har oylik yangi parvarishlash nafaqasi joriy etiladi.

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari vakolatlari ham kengaytiriladi. 2026 yil 1 iyundan boshlab ularning xodimlari tuman va shahar hokimliklari huzuridagi vasiylik va homiylik komissiyalari tarkibiga kiritiladi. Shuningdek, ruhiy holatida buzilishlari mavjud shaxslarga tayinlangan vasiy va homiylar tomonidan majburiyatlarning bajarilishi, ushbu shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlari, mol-mulkining muhofazasi, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari muntazam monitoring qilib boriladi.

Internat muassasalarini transformatsiya qilishga ham alohida e’tibor qaratildi. Takliflarga ko‘ra, “Muruvvat” internat uylari bosqichma-bosqich “G‘amxo‘rlik” markazlariga aylantiriladi. Endi mazkur muassasalar asosan tibbiy-ijtimoiy emas, balki ijtimoiy yondashuv asosida ishlaydigan, shaxsni jamiyatga moslashtirishga qaratilgan markazlar sifatida faoliyat yuritadi. U yerda yashovchilarni sport, ijodiy, ergoterapiya, mehnat va ijtimoiy-ma’naviy terapiyaga jalb qilish, “murabbiy kuzatuvida” mustaqil yashash xizmati orqali hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish, oilaviy muhitga yaqin kichik hajmli uylar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda ijtimoiy himoya sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan yangi tashabbuslar ham muhokama qilindi. Xususan, shaxsni nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitish uchun javobgarlikni kuchaytirish, sud qarorlarini nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maqbul shaklda taqdim etish, ijtimoiy xizmat va kafolatlarni yagona Ijtimoiy reyestr asosida manzilli yo‘naltirish nazarda tutilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid