Yig‘ilishda qayd qilinishicha, bugungi kunda aholi 38 millionni tashkil etayotgan bo‘lsa, shundan 9,5 millioni yoki qariyb 25 foizi 14-30 yoshdagi yigit-qizlardir. Har yili 270 mingta yosh oila shakllanmoqda.

Strategiyada yoshlar bandligini ta’minlash va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, sifatli va inklyuziv ta’limni rivojlantirish, xorijiy tillarni ommalashtirish va kasbiy ta’limni kengaytirish, mehnat bozorini rag‘batlantirish hamda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, madaniy, jismoniy va ma’rifiy rivojlanishni kuchaytirish, volontyorlik harakatini keng yoyish, yoshlar salomatligini mustahkamlash, shuningdek, ochiqlik va ishtirok mexanizmlarini kengaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.

Taqdimotda 2030 yilga qadar erishilishi lozim bo‘lgan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar ko‘rib chiqildi. Xususan, har yili 600 ming nafar yoshning bandligini ta’minlash, 2030 yilga qadar 900 ming yoshni volontyorlikka jalb etish, o‘quv markazlari sonini 90 mingtaga yetkazish, 450 ming nafar yoshning xorijiy tillar bo‘yicha bilimini B2 darajasiga olib chiqish, yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish, har yili kamida 10 mingta yosh oilani ipoteka orqali qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar nazarda tutilgan. Ta’lim sohasida yoshlarning sifatli bilim olishi, nodavlat ta’lim xizmatlarini qo‘llab-quvvatlash, chekka hududlarda o‘quv markazlari imkoniyatlarini kengaytirish, xorijiy tillarni o‘rganishni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi imtiyozlar nazarda tutilgan.

Jumladan, olis va chekka hududlarda o‘quv markazlarini tashkil etishga 300 million so‘mgacha ssuda ajratish, ular uchun ijtimoiy soliqni va o‘qituvchilarining daromad solig‘ini 1 foiz etib belgilash taklif etildi. Shuningdek, B2 darajaga erishgan yoshlar uchun xorijiy pasport rasmiylashtirish uchun bojni, C1 daraja va tadbirkorlik tashabbuslari uchun ayrim davlat xizmatlari to‘lovlarini 50 foizgacha kamaytirish taklif qilinmoqda.

Ijtimoiy faollikni oshirish maqsadida volontyorlik jamg‘armasidan 100 million so‘mgacha grantlar ajratish, faol yoshlarni davlat tashkilotlarida pullik amaliyotga jalb qilish, ilg‘or ijodkorlar uchun Prezident mukofotini joriy etish, shuningdek, kitob va Book-kafelar joylashgan “Yoshlar ko‘chalari”ni tashkil qilish rejalashtirilgan. Yoshlar infratuzilmasining minimal standartlari belgilanadi, har bir hududdan “yoshlar tuman-shaharlari” tanlab olinib, ushbu standartlarni joriy etish bo‘yicha namuna yaratiladi.

Yoshlar salomatligini mustahkamlash, ruhiy xavf omillarini qisqartirish, psixologik ko‘mak tizimini kuchaytirish masalalari ham strategiyada o‘z aksini topgan. Xususan, ruhiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar ulushini 40 foizga kamaytirish, tunu kun ishlaydigan psixologik aloqa markazini tashkil etish, sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlar ulushini 25 foizga oshirish nazarda tutilmoqda.